Makroiqtisodiyot va mikroiqtisodiyot nima?
Iqtisodchi ularga asoslanib, iqtisodiy o‘zini tutishiga taalluqli qonunlarni ochishi mumkin bo‘lgan, bir-biridan mutlaqo farq qiladigan ikkita tahlil darajasi mavjud.
Tahlilning bitta darajasi – bu makroiqtisodiy yondashuv, ikkinchisi – mikroiqtisodiy yondashuvdir.
Makroiqtisodiyot – bu bir butun xo‘jalik haqidagi fan.
Mikroiqtisodiyot – iste’molchilar va firmalar haqidagi fan.
Mikroiqtisodiyot ayrim iqtisodiy subyektlar faoliyati bilan bog‘liqdir. Ularga iste’molchilar, ishchilar, kapital qo‘yuvchilar, yer egalari, firmalar – amalda iqtisodiyotning faoliyat yuritishida sezilarli rol o‘ynaydigan har qanday shaxs yoki xo‘jalik yurituvchi subyekt kiradi.
Mikroiqtisodiyot quyi darajada iqtisodiy qarorlar qanday va nima uchun qabul qilinishini tushuntiradi. Masalan, u iste’molchilar tovarni xarid qilish haqida qarorni qanday qabul qilishi, ularning tanloviga narxlar hamda iste’molchilarning daromadlarining o‘zgarishi qanday ta’sir qilishini, firmalar ishchilar sonini qanday rejalashtirishini, ishchilar o‘zlari qayerda va qancha mablag‘ sarflashlarini qanday hal qilishlarini tushuntirib beradi.
Mikroiqtisodiyot alohida odamlar, korxonalar va bir butun olganda jamiyatning tanloviga ta’sir qiluvchi sabab-oqibat aloqalarini tadqiq qiladi. U cheklanganlik, tanlov va muqobil qiymat tushunchalari, shuningdek, ishlab chiqarish va iste’mol bilan ish ko‘radi.
Mikroiqtisodiyotda biz alohida tarmoq, firma va uy xo‘jaligi terminlari bilan ishlaymiz va diqqatimizni ishlab chiqarish yoki aniq mahsulotning narxi, bir firmada band bo‘lgan ishchilar soni, alohida firmaning yoki alohida oilaning tushumi yoki daromadi, ushbu firmaning yoki oilaning xarajatlari va hokazo birikmalar (kattaliklar)ga jamlaymiz. Mikroiqtisodiy tahlil iqtisodiy tizimning ayrim o‘ziga xos spetsifik qismlari (komponent)larini yaqin masofadan ko‘rish uchun zarur. Mikroiqtisodiyot «o‘rmonni emas daraxtlarni» o‘rganadi.
Makroiqtisodiyot iqtisodiyotning qanday tezlikda rivojlanayotgani, ishlab chiqarilgan mahsulotning hajmi qandayligi; daromadlar yig‘indisi qandayligi; bandlikning umumiy darajasi; xarajatlarning umumiy hajmi; narxlarning umumiy darajasi qandayligi va boshqa masalalarni o‘rganadi.
Qisqa qilib aytganda, makroiqtisodiyot endi «daraxtlarni emas, o‘rmonni» o‘rgandi.
Mikroiqtisodiyotdan farqli o‘laroq, makroiqtisodiyot bu iqtisodiyotning inflyatsiya, mamlakatda mehnat unumdorligini o‘sish sur’atlari, foizlarining hisob stavkalari, ishsizlik, iqtisodiy o‘sish kabi keng miqyosli iqtisodiy hodisalarni o‘rganadigan tarmoqdir. Ammo keyingi yillarda makro va mikroiqtisodiyot o‘rtasidagi chegaralar borgan sari yo‘qolib bilinmay ketmoqda. Buning sababi shundaki, makroiqtisodiyot ham, shuningdek, qo‘shilgan bozorlar, masalan, tovarlar, xizmatlar, ish kuchi va qimmatbaho qog‘ozlar bozorlari yig‘indisining tahlili bilan bog‘liqdir. Qo‘shilgan bozorlar qanday harakat qilishlarini tushunish uchun avvalo, bu bozorlarda faoliyat yurituvchi firmalar, iste’molchilar, ishchilar, kapital qo‘yuvchilarning o‘zlarini tutishlarini o‘rganish kerak. Shunday qilib, makroiqtisodiyot bo‘yicha mutahassislar borgan sari mikroiqtisodiy asoslashlar bilan ko‘proq shug‘ullanmoqdalar, makroiqtisodiyotning o‘zi esa haqiqatda mikroiqtisodiy tahlilning davomidir. Zamonaviy davlat pul-moliya sohasininggina emas, ijtimoiy ishlab chiqarishning makroiqtisodiy tartibga solish instituti va muhim omilidir.
Makroiqtisodiyot va mikroiqtisodiyot tushunchalarining ajratib ko‘rsatilishi iqtisodiy fani predmetini uning alohida bo‘limlarga keskin bo‘lingan va uning istalgan mavzusini yo makro yoki mikro bo‘limga kiritsa bo‘laveradi, deb tushunmaslik kerak. Makro va mikroiqtisodiyot tahlil jarayonining muhim sohalarida uyg‘unlashib ketishiga quyidagini misol keltirish mumkin: agar bundan 15-20 yil burun ham ishsizlikka ko‘proq makroiqtisodiy muammo sifatida qaralgan bo‘lsa, hozir esa iqtisodchilar ishsizlikning ma’lum bir darajasida yakka ishchilarining o‘zlariga boshqa va faoliyat yuritishning boshqa usulini ajratish haqidagi qarorlari muhim ahamiyatga ega ekanligini tan olmoqdalar.
Do'stlaringiz bilan baham: |