Meʼmorligi. Indeyslar yertoʻla, vigvamchaylalarda, tomi teri yoki yogʻoch bilan yopilgan uylarda yashagan. 17—19-asrlarda fransuzlar Sharqiy Kanadaga oʻz anʼanalari boʻyicha mustahkam devorli, tomi tik nishabli uylar, zalli cher-kovlar (old qismi 1—2 minorali), jamoat binolari qurishni rasm qildilar. Shu davrda J. Demer, T. Bayarje kabi meʼmorlar yetishib chikdi. Kanadaning inglizlar bosib olgan qismida (18—19-asrlar) imoratlarni sinch va toshdan klassitsizm uslubida (meʼmor J. Merrik) qurish rivojlandi. 19-asr oʻrtalaridan toʻgʻri koʻchali, kam qavatli uylardan iborat shaharlar (Ottava, Montreal, Toronto, Kvebek) qad koʻtara boshladi. Meʼmorlardan E. Lennoks, J. Layl loyihalari asosida qorishiq uslubda inshootlar qurildi. 19-asr oxiridan AQSH meʼmorligi taʼsiri kuchayib, baland jamoat binolari, mehmonxonalar qurish avj oldi (F. Darling, J. Pirson kabi meʼmorlar).
20-asr oʻrtalaridan eski shaharlar jadal surʼatda qayta qurilib, kengaya boshladi. Temir-beton va poʻlatdan zamonaviy sanoat va jamoat binolari (Torontodagi Annesis-Aylend kombinati va ratusha binolari, Montrealdagi Vil-Mari maydoni, Jahon koʻrgazmasi, Olimpiada majmuasi va boshqalar) qurildi. Shaharlar yagona loyiha asosida barpo etildi, korxonalar atrofida shinam turar joylar qad koʻtardi.
Tasviriy sanʼati. Kanada hududida indeys va eskimoslar sanʼati qadimdan rivojlangan. Indeyslarning qad. sanʼati yogʻoch oʻymakorligi, tosh, suyak, shoxga naqsh oʻyish, pat va chigʻanokdardan bezaklar yasash, qoʻl toʻqimachiligi, jayra ignasi va bugʻu junidan kashta tikish, rasmlar solishdan iborat boʻlgan. 17-asrdan keyin esa Yevropa va AQShdan koʻchib kelganlar va ularning avlodlari bu ishga hissa qoʻshdilar. Eskimoslar tosh, suyak hamda hayvon shoxlaridan inson va hayvon haykalchalarini yasash bilan shugʻullangan. Yevropaliklar kelib oʻrnashgan paytlardan boshlab Kanada tasviriy sanʼati Fransiya va Angliya sanʼati taʼsirida oʻziga xos tarzda rivojlana boshladi. 17-asr — 19-asr boshlarida portret chizish va diniy rassomlik vujudga keldi; yogʻoch haykalchalar, kumush idishlar, akvarel manzaralar yaratildi. 19-asr oʻrtalarida dehqonlar hayotini, viloyatlar koʻrinishlari va indeyslar turmushini tasvirlaydigan moʻyqalam ustalari (P. Keyn, Kanada Krigxof, X. Uotson, X. Uoker) ijod qildi. 20-asrda J. U. Morris, T. Tomson, J. Makdonald, A. Lizmer shimol kengliklarining goʻzal maftunkor tabiatini tasvirlovchi asarlar yaratishdi.
Zamonaviy Kanada sanʼatida modernizm (A. Pellon, J. Riopel) bilan bir qatorda realistik okim (J. Lemye, T. Makdonald, F. Teylor, R. Pilo) ham mavjud. Dizayn va amaliy bezak sanʼati (kandakorlik, gilamchilik, kulollik) rivojlanmokda. Xalk, ijodida yogʻoch oʻymakorligi, ukrain iroqisi, eskimoslar haykaltaroshligi alohida ajralib turadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |