Yalpi ichki mahsulot jismoniy hajmi indeksi va deflyatori
YaIM jismoniy hajmi indekslari butun dunyoda iqtisodiy o`sish va iqtisodiy kon`yunkturaning eng muhim ko`rsatkichlari hisoblanadi. Bu indekslarni iqtisodiy salohiyat va resurslar indekslari bilan taqqoslab, iqtisodiyot samaradorligi, mehnat unumdorligi o`sishi, milliy boyliklardan foydalanish samaradorligi, aholi turmush darajasini o`zgarishi kabi muhim iqtisodiy masalalar tahlil qilinadi. YaIM jismoniy hajmi indekslarini hisoblash uchun joriy narxlarda baholangan YaIM va uning tarkibiy qismlari o`zgarmas (taqqoslama) narxlarda qayta baholanishi kerak.
YaIM ni o`zgarmas baholarda ifodalash uchun har xil usullardan foydalanish mumkin, ular ichida eng muhimi quyidagilar:
- narxlar indeksi yordamida deflyatirlash usuli;
- ikki yoqlama deflyatirlash usuli;
- bazis davr qiymat ko`rsatkichlarini jismonny hajm indekslari yordamida ekstrapolyatsiyalash;
- xarajatlar tarkibiy qismini qayta baholash;
- bevosita o`zgarmas narxlarda baholash.
Birinchi usul – narxlar indeksi yordamida deflyatorlash usuli YaIM pirovard foydalanish usulida hisoblanganda qo`llanadi. Ma`lumki bu holda YaIM iste`mol va jamg`arma, tovar va xizmatlardan va sof eksportdan tarkib topadi. Haqiqiy baholarda ifodalangan pirovard iste`mol qiymati indeksi iste`mol narxlari indeksiga, jamg`arma qiymati indeksi esa investitsion tovarlar baholari indeksiga, sof eksport qiymati esa eksport — import baholari indeksiga bo`linadi.
YaIM qiymati joriy baholarda ishlab chiqarish usulida hisoblanganda uning jismoniy hajm ko`rsatkichi ikkiyoqlama deflyatirlash yo`li bilan aniqlanadi. Bu holda dastlab haqiqiy baholarda ifodalangan yalpi tovar va xizmatlarni ishlab chiqarish qiymati asosiy (yoki ishlab chiqaruvchilar) narxlari indeksi (q1r1(yam):Ir(yam))yordamida deflyatirlanadi. So`ngra haqiqiy baholarda hisoblangan oraliq iste`mol qiymati (q1r1(or.m):Ir(or.m)) tegishli sotib olish (iste`molchilar) baholari (Ir1(or.m)) indeksi asosida deflyatirlanadi (ya`ni bu indeksga bo`linadi). Birinchi hisoblash natijasidan ikkinchisini ayirib, o`zgarmas baholarda ifodalangan YaIM jismoniy hajmi aniqlanadi.
Qo`shilgan qiymatni o`zgarmas baholarda hisoblash uchun ayrim hollarda sodda usul qo`llaniladi. Masalan, ayrim Ovrupa iqtisodiy hamjihatligi a`zo - mamlakatlarida qo`shilgan qiymatni o`zgarmas baholarda aniqlash uchun uning joriy baholarda hisoblangan qiymatini yalpi ishlab chiqarish baholari indeksi yordamida deflyatirlanadi. Ammo inflyatsiya yuqori darajada bo`lganda bunday soddalashgan usul qoniqarli natija bermaydi.
Ekstrapolyatsiyalash usulining mohiyati shundan iboratki, ko`rsatkichlarni o`zgarmas baholarda ifodalash uchun ularning bazis davridagi haqiqiy baholarda hisoblangan qiymatlari q0r0 jismoniy hajm indeksiga ko`paytiriladi. Masalan, nobozor xizmatlar (davlat boshqaruv tashkilotlari, jumladan, mudofaa va milliy xavfsizlik organlari tomonidan ko`rsatiladigan xizmatlar) uchun baholar indeksini tuzib bo`lmaydi. Bu holda jismoniy hajm indeksi sifatida tegishli nobozor xizmatlarni ko`rsatuvchi tashkilotlarda bandlar soni indeksi ishlatiladi.
Bevosita qayta baholash usulida o`zgarmas baholarda ifodalangan jismoniy hajm ko`rsatkichlari ishlab chiqarilgan (iste`mol qilingan) mahsulot hajmi (miqdori)ni q0 va q1 tegishli o`zgarmas baholarga (r0) ko`paytirish yo`li bilan aniqlanadi, ya`ni q1r0 va q0r0.
Bu usul asosan qishloq xo`jaligi mahsulotlarni ishlab chiqarish va iste`mol qilish yoki xarid qilish ko`rsatkichlarini hisoblashda qo`llanadi, chunki bu holda asosiy mahsulotlarni hajmi va baholari haqidagi ma`lumotlar amaliy statistika tomonidan to`planadi.
Shunday qilib, yalpi ichki mahsulot jismoniy hajmi indeksini tuzish uchun yalpi ishlab chiqarish qiymati va uning tarkibiy qismlari har xil usullar yordamida deflyatirlanadi.
Yalpi ichki mahsulot hajmini o`zgarmas bazis davr narxlarida hisoblash natijalari milliy iqtisodiyotda baholarning o`rtacha o`zgarishini aniqlash imkonini beradi. Buning uchun haqiqiy baholarda hisoblangan YaIM qiymati indeksini uning o`zgarmas baholarda hisoblangan jismoniy hajm indeksiga bo`linadi va olingan natija YaIM deflyatori deb ataladi.
(12.59)
bu yerda: Ir YaIM deflyatori
- YaIM qiymati (haqiqiy baholarda) indeksi
- YaIM jismoniy hajmi indeksi
Do'stlaringiz bilan baham: |