bob. «Iqtisodiy geografiya» fanining ob’ekti, predmeti va mazmuni
«Iqtisodiy geografiya» fanining predmeti va ob’ekti»
Iqtisodiy geografiya dinamik fanlardan biri bo’lib, barcha ijtimoiy fanlar kabi sotsial-siyosiy va iqtisodiy jarayonlarning bevosita ta’sirida bo’lmoqda. Ijtimoiy fanlarning, shu jumladan iqtisodiy geografiyaning rivojlanishiga umumfalsafiy omil (har qanday fan ichki mantiqiy taraqqiyotining dialektikasi) bilan bir qatorda,
«sotsial buyurtma» ham katta ta’sir ko’rsatmoqda.
«Sotsial buyurtma»ning ifodasi uning mafkurasi va strategiyasi tarixiy taraqqiyotning ma’lum bosqichida jamiyatdagi mavjud siyosiy holat bilan aniqlanadi. Shuning uchun ham siyosiy omil ijtimoiy fanlarning rivojlanish jarayonining doimo asosi bo’lgan va shunday bo’lib qolmoqda. Burilishlar xos bo’lgan bosqichlarda esa u yyetakchi hisoblanadi. Ijtimoiy fanlar sobiq jahon sotsializm tizimiga kirgan mamlakatlarda hozirgi vaqtda o’z tarixiy taraqqiyotining aynan ana shu «burilish» bosqichida turibdi.
Ma’lumki, XX asrdagi jahon ijtimoiy taraqqiyotining birinchi burilish nuqtasi bo’lib, 1917 yildagi oktyabr to’ntarishi hisoblanadi. Mazkur to’ntarishdan so’ng jahon iqtisodiy fanlari rivojlanishining asosiy yo’nalishlarini aniqlab beruvchi yangi mafkura, yangi siyosat va yangi iqtisodiyot faol ravishda shakllana boshladi.
Sobiq kommunistik mafkura o’zining ijtimoiy-iqtisodiy va ilm-fan taraqqiyoti soxalariga tatbiq etila boshlaganligining dastlabki bosqichlarida geografiya fanlari, shu jumladan iqtisodiy geografiya rivojlanishida sifat o’zgarishlari yuz berdi.
Aynan shu davrda iqtisodiy rayonlashtirishning asosiy: iqtisodiy, energetika, transport, majmuali rivojlanish, milliy va istiqbolli yo’nalish printsiplari ishlab chiqildi. Iqtisodiy rayonlashtirishning ushbu fundamental, ilmiy asoslangan printsiplari hozirgi kunga qadar o’zlarining dolzarb ahamiyatini yo’qotgani yo’q.
Hozirgi kunda ilmiy va fundamental ahamiyatini saqlab qolgan sanoatni joylashtirish pritsiplari haqida alohida to’xtalmoq joiz. Sanoatni energiya, xom- ashyo va yoqilg’i manbalariga yaqinlashtirish; sanoatni mehnat resurslarining miqdor va sifat ko’rsatkichlarini hisobga olgan holda joylashtirish; regionlar, respublikalar sanoatini majmuali rivojlantirish; sanoatni regionlar, respublikalar, viloyatlarni ixtisoslashganligini hisobga olgan holda joylashtirish; foydali qazilma boyliklaridan oqilona foydalanish va atrof muhitni muhofaza qilish hamda boshqa printsiplar shular jumlasidandir.
Evolyutsion taraqqiyot natijasida iqtisodiy geografiya sotsial-iqtisodiy geografiyaga aylandi. Iqtisodiy geografiyaning ilmiy-tadqiqot ob’ekti oddiydan murakkab tomon o’zgardi, rivojlandi. Uni qisqacha quyidagicha ifodalash mumkin. Ishlab chiqarish- Xo’jalik-ishlab chiqaruvchi kuchlar-hududiy ishlab chiqarish komplekslari (HIChK)-ishlab chiqaruvchi kuchlarning hududiy tizimlari (IChKHT)- hududiy sotsial-iqtisodiy tizimlar (HSIT).
Fan predmeti ham iqtisodiy geografiya ilmiy tahlilining yangi usullarini tadbiq etish, ilmiy bashorat va boshqarish metodologiyasini o’zlashtirish mobaynida, asta- sekin kengaya bordi. Iqtisodiy geografiyaning fundamentalligi, uning hududiy
yondashishi orqali doimo saqlanib turgan fan predmetining rivoji majmualilik hamda tizimlilik g’oyalarining shakllanishi va o’zlashtirilishi yo’lidan borgan.
Iqtisodiy geografiyaning predmeti ishlab chiqarishni (GJning V-s’ezdi, Moskva, 1955y.), xalq xo’jaligini joylashtirish, ishlab chiqarish kuchlarini hududiy tashkil etish (N.N.Kolosovskiy), HIChKning shakllanishi va rivojlanishi hamda ularni boshqarish (Yu.G.Saushkin) qonuniyatlarini o’rganishdan hududiy sotsial- iqtisodiy tizimlarning shakllanishi, rivojlanishi va ularni boshqarishgacha (GJ ning VII-s’ezdi, Frunze, 1980 y.) bo’lgan davrni qamrab olgan bosqichlar zaminida taraqqiy etgan.
Geografiya jamiyatining VII-s’ezdida iqtisodiy geografiyaning sotsial-iqtisodiy geografiyaga aylanganligi rasmiy ravishda tasdiqlandi hamda mazkur fanning kengaytirilgan ifodasi keltirildi: «Iqtisodiy va sotsial geografiya hududiy sotsial- iqtisodiy tizimlarning shakllanishini, rivojlanishini hamda ularni ijtimoiy ishlab chiqarishni takror barpo qilish va atrof-muhit bilan o’zaro aloqadorligi jarayonida boshqarish jihatlarini tadqiq etadi».
Sotsial-iqtisodiy geografiyaning ushbu ifodasi o’zining mohiyatiga ko’ra hozirgi kunda ham fanimiz mazmuniga muvofiqdir. Lekin, unga yangi siyosiy va iqtisodiy vaziyatni hisobga olgan holda ma’lum aniqliklarni kiritish lozim. Bunda sobiq ittifoq va sobiq sotsializm tizimi tarkibiga kirgan mamlakatlarda bugungi kunda bo’lib o’tayotgan sotsial-iqtisodiy va siyosiy jarayonlar nihoyatda katta ahamiyat kasb etadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |