Har bir mamlakatning ishlab chiqarish kuchlarini joylashtirishda tabiiy sharoit va resurslarning ahamiyati kattadir. O’rganilayotgan davlatlar har xil tabiiy sharoit va resurs imkoniyatlariga ega, bu esa avvalambor ishlab chiqarish tarmoqlari tarkibida o’z aksini topgan.
Rossiya Federatsiyasi. Rossiya Respublikasining 3/4 qismi tekisliklardan iborat bo’lib, ulardan eng kattalari Sharqiy Yevropa va G’arbiy Sibir tekisliklari hisoblanadi. Sharqiy Yevropa tekisligida - Valday, O’rta Rossiya, Volga bo’yi va boshqa tekisliklar bor. Tekislikning sharqiy qismi Ural past tog’lari bilan o’ralgan.
Ural tog’ining sharqiy qismida g’arbiy Sibir tekisligi joylashgan, Enisey va Lena daryolari orasida esa O’rta Sibir yassi tog’lari mavjud.
Rossiya Respublikasining sharqiy va janubiy qismlarida Oltoy, Kuznetsk Oltoyi, §arbiy Sayan, Sharqiy Sayan, Tuva va Katta Kavkaz tog’lari (eng baland cho’qqisi 5642m - Elbrus) joylashgan.
Mamlakat hududining katta qismi mo’’tadil iqlim zonasida joylashgan. Hududining Shimoliy Muz okeani oro’llari va shimoliy rayonning aksariyat qismi arktika va subarktika mintaqasida, qora dengiz bo’ylari va Kavkaz rayoni esa subtropik iqlim mintaqasida joylashgan.
Rossiya Federatsiyasi jahon miqyosida yirik neft zaxiralariga ega. Asosiy neft qazib olinadigan rayonlarga – G’arbiy Sibir, Volga – Ural, Shimoliy Kavkaz va Yevropa qismining shimoliy rayonlari kiradi. Neft qazib chiqarishning istiqbolli hududlariga Shimol va Uzoq Sharqning materik shelf qismlarini ham kiritish mumkin.
Hozirgi davrda Rossiyaning asosiy neft qazib chiqaruvchi rayoni g’arbiy Sibirdir. Unda 1970 yilda 31 mln.t, 1980 yilda 312 mln.t, neft qazib olingan bo’lsa, ayni paytda bu hudud zimmasiga mamlakatda qazib olinayotgan neftning 2/3 qismi to’g’ri keladi. Asosiy neft xavzalari Ob daryosining o’rta oqimida joylashgan bo’lib, bularga Samotlor, Ust-Balik, Megion, Aleksandrovsk va boshqalar kiradi.
Rossiyaning gaz qazib olinadigan asosiy rayonalariga ham G’arbiy Sibir, Volga-Ural, Timan – Pechor, Shimoliy Kavkaz va Sharqiy Sibir kiradi.
G’arbiy Sibir rayonining yirik gaz havzalari bo’lib Urengoy, Yamburg, Medveje, Tazovsk, Berezovsk hisoblanadi.
Barents va Kara dengizlarining materik shelf qismida ham gaz resurlarini qazib chiqarish amalga oshirilmoqda.
Shuningdek bu hududda katta geologik zahiraga ega bo’lgan gaz bor. Bularga Nadim va boshqalar kiradi.
Ko’mir zahiralari bo’yicha ham Rossiya dunyoda 1-chi o’rinda turadi. Jahon ko’mir zahirasining 23% bu davlatga to’g’ri keladi. Ko’mir resurslari mamlakat
bo’yicha notekis taqsimlangan bo’lib, 93% sharqiy qismiga, Yevropa qismiga esa atigi 7% to’g’ri keladi. Ko’mirning eng yirik havzalari - Pechora, Kansk-Achinsk, Kuznetsk, Janubiy Yakutiya, Irkutsk, Ural, Sharqiy Sibir, Podmoskove va boshqalardir.
Rossiya metallurgiya sanoatini rivojlantirish uchun katta xom-ashyo imkoniyatlariga ega. Bu yerda yuqori sifatli temir rudalari joylashgan bo’lib, ularning asosiy qismi Yevropa qismiga to’g’ri keladi (Markaziy qora Tuproq rayoni, Ural, g’arbiy Sibir va Sharqiy Sibir).
Yevropa qismidagi eng yirik havza Kursk magnit anomaliyasi (KMA) bo’lib, bu xavza maydoni - 180 ming km2, temir ruda zahirasi esa 43,4 mlrd. t.ni tashkil qiladi. Ruda ochiq va yopiq usulda qazib olinadi.
Federatsiya, shuningdek rangli metall rudalariga ham boy bo’lib, ularning asosiy havzalari Ural, G’arbiy va Sharqiy Sibir, Uzoq Sharq rayonlarida joylashgan.
Uraldagi eng yirik mis konlari - Degtyarovsk, Krasnouralsk, Kirovograd hisoblanadi. Shu bilan birga mis konlari Sharqiy Sibirning Krasnoyarsk o’lkasida ham mavjud.
Polimetall rudalari (qo’rg’oshin-rux) g’arbiy Sibir va Sharqiy Sibirda, Krasnoyarsk va Uzoq Sharqda, qalayi rudalari esa Uzoq Sharqda topilgan.
Shuni ham qayd qilish lozimki, Rossiya nodir metallarga ham boy bo’lib, ularni ishlab chiqarish ancha yaxshi rivojlangan. Eng asosiy rayonlari - Ural, Sibir, Uzoq Sharqdir. Eng qimmatbaho mineral - olmos Rossiyaning Saxa Respublikasi (Yakutiya) va Perm oblastida qazib olinadi.
Mazkur mamlakatning o’rmon resurslari zahiralari katta bo’lib, ular yuqori sifati bilan ajralib turadi. Umumiy hududining 40% o’rmonlar bilan qoplangan. Mamlakat o’rmon resurslarining 79% sharqiy qismlariga to’g’ri keladi.
Rossiya gidroenergetika resurslariga ham boy bo’lib, ularning zahirasi 320 mln kVtni tashkil etadi. Elektroenergiyani ishlab chiqarish imkoniyati 2800 mlrd kVt/s.ga teng.
Suv resurslarining aksariyat qismi Sibir va Uzoq Sharq rayonlariga tegishli. Eng yirik daryolari Enisey, Lena, Ob, Angara, Irtish va Amurdir.
Ukraina Respublikasining katta qismi o’rmon - dasht va dasht zonasida joylashgan. Bu esa qishloq xo’jaligi ishlarini olib borishda yaxshi qulayliklar yaratadi. Yer fondining yarmidan ko’pi ekiladigan maydonlarga kiradi (bu ko’rsatgich MDH mamlakatlari ichida eng yuqoridir). Respublikaning 1/5 foizini o’rmon zonasi - Ukraina Polesyasi egallagan bo’lib, mazkur hududning aksariyat qismi botqoqlardan va namlangan tuproqlardan iborat.
Mamlakat hududining 5% tog’lardan iborat. Bu tog’larga Karpat va Qrim tog’lari kiradi.
Ukraina Respublikasining tabiiy resurslari bilan tanishadigan bo’lsak, bu yerda tabiiy gaz, neft, ko’mir, temir va marganets rudalari, rangli metall rudalari mavjudligini bilishimiz mumkin.
Neft va gaz konlari Prikarpate, Dnepr bo’yida joylashgan. Ular miqdorining kamligi tufayli kimyo sanoati xom-ashyosi sifatida ishlatadi. Ichki iste’mol chetdan Rossiya, Turkmanistondan keltiriladigan neft va gaz asosida qondirilmoqda.
MDH davlatlari miqyosidagi yirik toshko’mir koni Donbassda va temir ruda koni Krivoy Rogda joylashgan. Shuningdek, Ukrainada alyuminiy, titan, nikel, kam uchraydigan metallarning ham konlari mavjud.
Belorus Respublikasi relefi asosan past tekisliklardan iborat bo’lib, shimoliy qismida Dvina past tekisligi janubiy qismida esa Polese joylashgan. Hududining asosiy xususiyatlaridan biri bu yerda ko’l, morena relef shakllari va botqoqliklarning keng tarqalganligi bilan bog’langandir.
Iqlimi mo’’tadil-kontinental. Atlantika okeani havo massalari yil bo’yi xukmrondir. Iqlimning namligi va yumshoqligi yem-xashak yetishtirishda katta ro’l o’ynaydi. Shu bilan birga kartoshka, don ekinlari, qand lavlagi yetishtirishda ham mamlakat katta imkoniyatlarga egadir.
Rossiya va Ukrainadan farqli o’laroq Belorus boy tabiiy resurslarga ega emas. Asosiy tabiiy resurslari - torf, qurilish materiallari, kaliy tuzlari hisoblanadi. Belorus o’rmon resurslariga nisbatan boy. Asosiy o’rmon massivlari - Polese va Berezinada joylashgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |