TAYANCH TUSHUNCHALAR:
Individ - biologik turning umumiy irsiy xossalarini tashuvchi biologik organizm (har bir odam individ bo‘lib tug‘iladi).
Endopsixika - shaxs psixik tuzilishining ichki qismlari sifatida psixik elementlar va funksiyalarning o‘zaro bog‘liqligi.
Ekzopsixika - shaxs munosabatlarining tizimini va uning qiziqishlari, mayllari, ideallari, maslagi, hukmron hissiyotlari, egallagan bilimlari, tajribalari.
E’tiqodlar – shaxsni o‘z qarashlari, tamoyillari, dunyoqarashiga muvofiq ravishda harakat qilishga undovchi motivlar tizimi.
S Haxs tushunchasi «yuz», «soxta qiyofa» so‘zlaridan kelib chiqadi. Qadimgi rus tilida «soxta qiyofa» so‘zi «rol», ya’ni, odam boshqalar bilan muloqotda bo‘lganida kiyib oladigan biror-bir ijtimoiy niqob ma’nosini anglatuvchi «rol»ni bildirar edi. Lotincha persone so‘zi ham shu ma’noni anglatadi. Per sonare – niqob ortidan so‘zlashish. Qadimgi yunon, keyinchalik esa qadimgi rim teatrlarida akter sahnaga u yoki bu – yovuz, laganbardor, payg‘ambar, qahramon xarakterlari chizilgan niqobda chiqardi. Niqobning bo‘yoqlari ijtimoiy vazifani bajaruvchi, u yoki bu rolni ijro etayotgan insonning ahloqiy belgilariga ishorat edi.
Qadimgi YUnonistonda «shaxs» tushunchasiga mos keluvchi atama ishlab chiqilmagan edi. O‘zining betakror taqdiriga ega bo‘lgan shaxs haqida Aflotun bilmas edi, bilishni ham xohlamasdi. Uning o‘rnini ruh egallagan edi. Arastuning «Jon haqida» asari hozirgi zamon psixologiyasiga yo‘l ochib berdi.
Qadimgi Rim oldinga qadam tashladi. Rim huquq ilmida yunoncha boshning yuz qismini, tashqi ko‘rinish, bundan tashqari, tragediyada ishtirok etuvchi ijrochini belgilovchi prosopon o‘rniga, lotincha persona so‘zi qo‘llanildi, bu so‘z avvaliga, yunoncha so‘zga o‘xshab, tragediyadagi akterning roli va niqobini anglatar edi. Lekin keyinchalik alohida individning nomi sifatida saqlanib qoldi. Rim fuqarosi huquqiy va diniy zot, avlodlar ismi-sharifi va mulk egasi sifatida ta’riflanadi.
SHarqda umuman boshqacha holat edi. Induizm va buddizmda shaxs inkor etilib, faqatgina «o‘zlik» e’tirozsiz tan olinadi.
K.Yungning psixoanaliz nazariyasiga asosan «shaxs» tushunchasi odamning jamiyatdagi ijtimoiy roli bilan bog‘liq. Hayoti jarayonida u ijtimoiy talablarga mos ravishda o‘zini tutishni o‘rganadi. Har bir kasb uchun, masalan, jamiyat a’zosi taqib yuradigan ma’lum niqob xosdir. SHaxs xarakterni tashkil etuvchi bo‘lib hisoblanmaydi, lekin u bilan uzviy bog‘liq bo‘lib, ichki «Men»ning himoyasi sifatida faoliyat yuritadi.
Ko‘pgina tillarda mavjud bo‘lgan «o‘zlikni yo‘qotish» iborasi o‘zining egallab turgan o‘rnini va darajasini yo‘qotishni bildiradi.
SHarq tillarida (xitoy, yapon) shaxs tushunchasi odamning yuzi bilan emas, balki butun tanasi bilan bog‘lanadi. Evropa an’analarida yuz tana bilan birgalikda o‘rganiladi, chunki inson chehrasi ruhining timsolidir, xitoyliklar tafakkurida esa «hayotchanlik» tushunchasiga individning ham ma’naviy, ham vujudiy sifatlari kiradi.
SHu asosda, avval boshidan «shaxs» tushunchasiga ma’lum hayotiy rollarni ijro etganda o‘ziga xoslikka ega bo‘ladigan tashqi, yuzaki ijtimoiy obraz – qandaydir «shaxs», atrofdagilarga qaratilgan ijtimoiy yuz ifodasi kiritilgan edi .
Pedagogika, psixologiya va falsafada shaxsga o‘xshash ko‘plab qarama-qarshi ta’riflari keltirilgan ilmiy tushunchani uchratish amri mahol. Mashhur ruhshunos V.P. Zinchenko fikriga ko‘ra: ««Inson» tushunchasi bilan faqat «shaxs» tushunchasi raqobatlashishi mumkin». Olim D.B. Elkonin adabiyotlarda shaxsning yigirmaga yaqin ta’rifini ko‘rib chiqqandan so‘ng uning o‘zi shaxs emasligini xulosa qildi.
Narx tushunchasini tilla tanga yoki qimmatli qog‘ozning fizik-kimyoviy tarkibini tadqiq qilish bilan tushuntirish qiyinchilik tug‘dirgani kabi, faylasuf E.V. Ilenkovning yozishi bo‘yicha, shaxs sir-cinoatini inson miyasi xususiyatlariga tenglashtirib bo‘lmaydi. SHaxs miya tuzilishi bilan emas, balki, insonning insonga bo‘lgan ijtimoiy munosabatlar tizimi bilan belgilanadi.
Voqeiy shaxs o‘zini «umumiy natijalar» nomini olgan ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan natijalarni yaratishda anglaydi. Aflotun va Spinoza, Betxoven va Napoleon, Tolstoy va Mikelandjelo – bunday, odatiy holatlarni sindiradigan ijtimoiy ahamiyatga molik ishlar mujassam bo‘lgan shaxslarni boshqalar bilan adashtirib yuborish mumkin emas. SHaxslar ko‘lami, E.A. Ilenkovning odilona fikriga ko‘ra, faqat ularnigina emas, boshqalarni ham qiziqtiradigan o‘zlarining faoliyatlari ko‘lami bilan o‘lchanadi.
YAna bir mashhur faylasuf M.K. Mamardashvili tasdiqlashicha: «SHaxs – bu turmush tarzi, uning shakli, hayotning alohida holati, evolyusiyasining noyob topilmasi. SHaxs – bu «tabiatning yirik mushohadasi». SHunday ta’rif bergan bo‘lardim. Uning ifodalanishlarga moyilligi barcha narsalarni bilishga yoki boshqa yuksak belgilarga bog‘liq emas. Tushunsangizchi, axir insonning eng muhim ehtirosi – bu ro‘yobga chiqmoq, amalga oshmoq, sodir bo‘lmoq».
Ruhshunoslar individning jamiyat hayotidagi faol ishtirokini shaxsning asosiy belgilari, deb hisoblaydilar. B.G. Ananev «shaxs»ga «jamiyatning insonga uning ma’lum tarixiy rivojlanishi davrida ko‘rsatadigan ko‘plab iqtisodiy, siyosiy, huquqiy, ahloqiy va boshqa ta’sirlari ob’ekti» sifatida ta’rif beradi. A.N. Leontev fikriga ko‘ra, «shaxs insonning ijtimoiy-tarixiy va ontogenezdagi taraqqiyotining nisbatan kechki mahsulotidir. SHaxs o‘zlashtirib olingan rollar tizimidir («rol» – bu biror-bir ijtimoiy guruh tuzilishida ma’lum o‘rinni egallagan insonning kutilgan hulq-atvoriga javob beradigan dastur; bu insonning jamiyat hayotidagi ishtirokining tuzilishga ega bo‘lgan usulidir)». SHaxs taraqqiyoti individning ijtimoiylashuvi va tarbiya topishi sharoitlarida amalga oshiriladi. Umumiy psixologiyada ko‘pchilik hollarda shaxs sifatida qandaydir yadro, mag‘iz, individning turli ruhiy jarayonlarini birlashtiruvchi va uning faoliyatiga zaruriy ketma-ketlik va barqarorlik bag‘ishlovchi yig‘indi va amodal boshlang‘ich modda tushuniladi.
L.S. Vigotskiy ijtimoiy tajribasiz, uning ichki ishlanmasiz, so‘ngra uni yana qayta ishlangan shaklda ichkaridan ishlab chiqarmasdan turib, shaxsning taraqqiy etishi mumkin emasligi (interiorizatsiya va eksteriorizatsiya qonunlari) haqida yozgan edi.
Bu xususda psixologlarga tarix fanining ba’zi bir namoyondalari ham qo‘shiladilar. G.S. Knabening ta’kidlashiga ko‘ra, ««shaxs» insonning jamiyat hayotidagi ishtirok i va hayotda tutgan o‘rni nuqtai nazaridan insonga xos xususiyatdir». V.A. SHkuratov quyidagi definitsiyani keltiradi: «SHaxs jamiyat a’zosi va faoliyatdagi mavjudotning ifodalanishini ijtimoiy turlarga ajratish… SHaxsni uning ijtimoiy va madaniy doirasi, kelib chiqishi, kasbi, o‘z tipi va h.k.larning xususiyatlaridan yig‘ib olish mumkin ».
Hozirgi kunda psixologiya shaxsni insonning jamiyatdagi hayotida shakllanadigan ijtimoiy-psixologik hosila sifatida tushuntiradi. Odam ijtimoiy mavjudot sifatida boshqa odamlar bilan munosabatlarga kirishganida va bu munosabatlar uning shaxsini shakllantiruvchi hal qiluvchi omilga aylanganida, u yangi sifatlarga ega bo‘ladi.
CHet el psixologiyasida inson shaxsi sifatida barqaror belgilar majmuasini tashkil etuvchi temperament, sezgirlik, motivlar, layoqatlar, mayllar, turli hayotiy vaziyatlarga moslashayotganida aynan shu insonga xos bo‘lgan fikrlar oqimi va hulq-atvorini belgilab beradigan ma’naviyat tushuniladi. J. Godfruaning fikricha, shaxs umumiy holda ham irsiy, ham ijtimoiy-madaniy ta’sirlar bilan belgilanadi. «SHaxs» tushunchasi o‘z ichiga tabiiy xossalar (jins, temperament va h.k.) asosida ijtimoiy muhit (oila, maktab, «boshqa ahamiyatlilar») va faoliyat (o‘yin, bilish, mehnat) bilan faol o‘zaro ta’sirlar jarayonida hosil bo‘lgan individga xos bo‘lgan ijtimoiy sifatlar yig‘indisini birlashtiradi.
Inson shaxsi, keng tarqalgan tasavvurlarga qarshi o‘laroq, 30-yoshga etgunicha o‘zgarmasdan qolmaydi. Misol keltiradigan bo‘lsak, Kaliforniya Universitetining bir guruh olimlari 130 mingdan ortiq odamlarning «Katta Beshlik» (vijdoniylik, murosaga kelish layoqati, nevrotizm va ekstravertlik) nomi bilan ma’lum shaxsiy sifatlarini tahlil qilganlar. Bu sifatlar kayfiyatga bog‘liq emas, shuning uchun etarlicha ishonchli tarzda namoyon bo‘ladi. Odamlar yosh o‘tishi bilan hayotiy ixtiloflarni tezda bartaraf etishga o‘rganadilar, xususan, shafqatliroq va mehribonroq bo‘lishga intiladilar.
Aniqlanishicha, ayollarda, erkaklardan farqli o‘laroq, yosh o‘tishi bilan nevroz holatlari kamayadi. Ikki jins vakillarida samimiylik bir oz kamayadi. Olimlarning fikriga ko‘ra, 20–30 yoshlilarda murakkab vazifalarni bajarishda va tashkilotlar tuzishda ko‘mak beradigan vijdoniylikning kuchayishi kuzatiladi. Murosaga kelishga moyillik, aksincha, ko‘pchilik holatlarda 30 yoshdan so‘ng yorqin namoyon bo‘ladi.
Shunday qilib, faylasuflar, tarixchilar, pedagoglar va psixologlarda «shaxs» tushunchasining turlicha talqinlari mavjud. Bizlar esa, yuqorida ko‘rsatganimizdek, R.S.Nemov tomonidan berilgan shaxsning, fikrimizcha, yanada aniq va to‘liq psixologik ta’rifidan foydalanamiz.
S haxs asosini uning tuzilishi tashkil etadi, bu esa shaxsning yaxlit hosila sifatida har taraflama nisbiy barqaror aloqa va o‘zaro ta’sirga ega bo‘lishidan iborat. Psixologlar shaxs tuzilishida turli tarkibiy qismlarni ajratadilar. S.L. Rubinshteyn temperament, xarakter, layoqatlarda; bilimlar, malakalar va ko‘nikmalarda; yo‘nalganlikda namoyon bo‘ladigan individual-tipologik xususiyatlarni ko‘rsatib o‘tadi. A.G. Kovalev yo‘nalganlik, xarakter, imkoniyatlar va mashqlar tizimini ajratadi. M.I. Enikeev temperament, yo‘nalganlik, layoqatlar va xarakterni sanab o‘tadi. Mashhur psixolog K.K. Aflotunov yo‘nalganlik tarkibini, ijtimoiy tajriba tarkibini, psixologik tarkibni va biologik asoslangan tarkibni ajratib ko‘rsatadi.
SHunday bo‘lsada, shaxs tuzilishida tarkibiy qismlarni ajratishdagi tafovutlarga qaramay, mualliflar o‘z yondoshuvlarida etakchi tarkibiy qism sifatida yo‘nalganlikni alohida ajratib ko‘rsatadilar. Bu tushuncha turlicha, masalan, «o‘sish sur’ati tendensiyasi (S.L. Rubinshteyn), «ma’no kasb etuvchi motiv» (A.N. Leontev), «dominantlik munosabati» (V.N. Myasiщev), «asosiy hayotiy yo‘nalganlik» (B.G. Ananev), «inson mohiyatli kuchlarini dinamik tarzda tashkil etish» (A.S. Prangishvili) sifatida talqin etiladi.
Bizlar nima uchun odam harakatlari faollashganining sababini aniqlashda ehtiyojlar mohiyatining tahlilini o‘tkazamiz, lekin bu faollikning oqibatlarini bilish uchun uning yo‘nalganligi nima bilan belgilanishini tahlil qilishimiz lozim. Yo‘nalganlik deb, shaxs faoliyatini yo‘naltiruvchi va xususiy vaziyatlardan nisbatan mustaqil bo‘lgan barqaror motivlar yig‘indisiga aytiladi. Masalan, o‘quvchi hulq-atvori yaxlitligicha ko‘rib chiqilganida, uning psixologiyasi tahlilida barqaror motivlarni aniqlash zarur. Mana shu holatdagina o‘smirning harakati tasodifiyligi yoki qonuniyatga asoslanganligiga baho berish, uning takrorlanish imkoniyatlarini oldindan ko‘ra olish, shaxs sifatlarining ba’zilarini bartaraf etish, boshqalarining rivojlanishini esa rag‘batlantirish mumkin. Motivlar u yoki bu darajada anglangan yoki umuman anglanmagan bo‘lishi mumkin. SHaxs yo‘nalganligida asosiy o‘rinni anglangan motivlar egallaydi.
SHaxs yo‘nalganligi doimo ijtimoiy belgilangan bo‘ladi va tarbiya jarayonida shakllanadi. Yo‘nalganlik – bu shaxsning xususiyatlariga aylangan va havas, istak, intilish, qiziqish, moyillik, ideal, dunyoqarash, e’tiqod kabi shakllarda namoyon bo‘ladigan mayllar. Bu shakllarning asosida faoliyat motivlari yotadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |