INVESTITSIYALAR HISOBINI TASHKIL QILISH VA HISOBDA AKS ETTIRISH. 0610 "Qimmatli qog‘ozlar" schyotida davlat foizli obligatsiyalari va mahalliy qarzlar, aksiyalar va boshqa qimmatli qog‘ozlarga qilingan uzoq muddatli investitsiya (quyilma)larning mavjudligi va harakati hisobga olinadi.
Aksiyalar, obligatsiyalar va boshqa qimmatli qog‘ozlar sotib olish bahosida 0610 "Qimmatli qog‘ozlar" schyotining debetida ushbu qo‘yilmalar hisobiga berilgan qiymatliklar hisobga olinadigan schyotlar bilan bog‘langan holda hisobga olinadi.
Agar korxona tomonidan xarid qilingan obligatsiyalar va shu kabi boshqa qimmatli qog‘ozlarning xarid qiymati ularning nominal qiymatidan yuqori bo‘lsa, u holda xarid qilingan vaqtdan to qoplash vaqtigacha bo‘lgan davrda xarid qiymati va nominal qiymat o‘rtasidagi farq qismi hisobdan chiqariladi. Bunda 9690 "Moliyaviy faoliyat bo‘yicha boshqa xarajatlar" schyotining debeti va 0610 "Qimmatli qog‘ozlar" schyotining krediti bo‘yicha yozuvlar amalga oshiriladi.
Agar korxona tomonidan xarid qilingan obligatsiyalar va shu kabi boshqa qimmatli qog‘ozlarning xarid qiymati ularning nominal qiymatidan past bo‘lsa, u holda xarid qilingan vaqtdan to qoplash vaqtigacha bo‘lgan davrda xarid qiymati va nominal qiymati o‘rtasidagi farq qismi qo‘shimcha hisoblanadi. Bunda 0610 "Qimmatli qog‘ozlar" schyotining debeti va 9590 "Moliyaviy faoliyatning boshqa daromadlari" schyotining krediti bo‘yicha yozuvlar amalga oshiriladi.
YUqorida ko‘rsatilgan har ikkala holatda ham qimmatli qog‘ozlarni qoplash muddati kelganda 0610 "Qimmatli qog‘ozlar" schyotida hisobga olingan baho nominal qiymatga to‘g‘ri kelishi lozim.
AKSIYALARNI QAYTARIB SOTISH HISOBI. INVESTITSIYALARDAN OLINGAN DAROMADLAR HISOBI. INVESTITSIYALARNI SOTIB OLISHDAN VA FOYDALANISHDA MOLIYAVIY NATIJALARNI OLDINDAN HAMDA KEYIN ANIQLASH HISOBI. Dividend lotincha dividendus so‘zidan olingan bo‘lib, bo‘lishga tegishli degan ma’noni anglatadi.
Aksiyalar bo‘yicha olingan daromad dividend deb nomlanadi. Dividend, odatda, aksiyadorlik jamiyatining foydasiga bog‘liq bo‘ladi. Agar kompaniya hisobot yili natijalariga ko‘ra foydaga ega bo‘lsa, katta dividend to‘lash imkoniyati bo‘ladi va aksincha.
Korxonaning ta’sischilar oldida dividendlar bo‘yicha va chiqib ketayotgan ta’sischilar oldida ularning ulushlari bo‘yicha joriy majburiyatlari to‘g‘risidagi axborotlarni umumlashtirish quyidagi schyotlarda amalga oshiriladi:
6610 “To‘lanadigan dividendlar”;
6620 “CHiqib ketayotgan ta’sischilarga ulushlari bo‘yicha qarzlar”.
Korxona rahbariyati tomonidan aksiyalarga dividendlar to‘lash to‘g‘risida qaror e’lon qilingandan so‘ng, dividend summasi joriy majburiyat sifatida aks ettiriladi. Dividendlar aksiyalar bo‘yicha qonunchilikka muvofiq taqsimlanadi.
6610 “To‘lanadigan dividendlar” schyoti hisoblangan dividend summasiga 8710 “Hisobot davrining taqsimlanmagan foydasi (qoplanmagan zarari)” schyoti bilan bog‘langan holda kreditlanadi.
6620 “CHiqib ketayotgan ta’sischilarga ulushlari bo‘yicha qarzlar” schyotining kredit tomonida korxonaning chiqib ketayotgan ta’sischisi ulushlari bo‘yicha hisoblangan majburiyatlari summasi 8330 “Pay va ulushlar”, 8610 “Sotib olingan xususiy aksiyalar - oddiy”, 8610 “Sotib olingan xususiy aksiyalar - imtiyozli” schyotlari bilan bog‘langan holda aks ettiriladi.
6610 “To‘lanadigan dividendlar”, 6620 “CHiqib ketayotgan ta’sischilarga ulushlari bo‘yicha qarzlar” schyotlari bo‘yicha analitik hisob (ko‘rsatuvchiga aksiyalardan tashqari) har bir ta’sischi bo‘yicha alohida yuritiladi.