28-MAVZU Missionerlik va prozelitizmning yoshlar ongi va kelajakka ta’siri
Reja
Missionerlik tushinchasi
Prazelitizm tushinchasi
“Davlat diniy konfessiyalar o‘rtasidagi tinchlik va totuvlikni qo‘llab quvatlaydi. Bir diniy konfessiyadagi dindorlarni boshqasiga kiritishga qaratilgan hatti-xarakatlar (prozelitizm), shuningdek boshqa har qanday missionerlik faoliyati man etiladi”.(“Vijdon erkinligi to‘g‘risida” gi qonunning 5-moddasi)
Missionerlik so‘zi lotin tilidagi “missio” so‘zidan olingan bo‘lib, “yuborish”, “vazifa topshirish”, missioner esa “vazifani bajaruvchi” degan ma’nolarni anglatadi. Missionerlik bir dinga e’tiqod qiluvchi xalqlar orasida boshqa bir dinni targ‘ib qilish bilan bog‘liq nazariy va amaliy faoliyatni bildiradi.
Missionerlik faoliyatining eng cho‘qqisi bu prozelitizm. Prozelitizm – bu to‘g‘ridan-to‘g‘ri biron bir dinga ishongan kishini majburan o‘z dinidan voz kechtirish va o‘zga dinni qabul qilishga majburlashdir. U o‘z mohiyatiga ko‘ra missionerlikning tarkibiy qismi hisoblanadi.
Prozelitizm natijasida kelib chiqayotgan salbiy oqibatlar juda ko‘p. Zero necha yuz yillardan buyon islom diniga e’tiqod qilib kelayotgan xalqimizni ichida Prozelitizm ilgari surayotgan g‘oyalar fuqarolar orasida turli qarama-qarshiliklarni keltirib chiqarishi turgan gap. Xususan, xristian dinini qabul qilgan kishilar vafot etganda jasadni qabristonga qo‘yish bilan bog‘liq muammolar kelib chiqadi. Mayitning yaqinlari o‘z farzandlarini xristian mozoriga dafn etishni xohlamaganlari, musulmonlar esa xristian dini vakili jasadini o‘z musulmon birodarlari yotgan joyga qo‘yishni istamaganliklari natijasida kelishmovchiliklar yuzaga kelmoqda. Xristian yoki boshqa dinni qabul qilgan qizning turmushga chiqishi ham muammoga aylanmoqda. Oilada qizning ota-onasi musulmon. Albatta, ular o‘z qizlarini musulmon kishiga turmushga chiqishini istaydilar. Ammo xristianlikni qabul qilgan qizga musulmon kishining uylanishi amri mahol. Bu kabi misollarni juda ko‘plab sanash mumkin.
Missionerlik harakati ham bugun yoki kecha paydo bo‘lgan zararli g‘oya emas. Aksincha, buddizm dinini targ‘iboti bilan bog‘liq bu harakatlar dastlab milloddan avvalgi III asrlarda Hindistonda paydo bo‘lgan. Xristianlikda esa missionerlik harakatlari IV asrda vujudga kelgan. Bu harakatning bevosita paydo bo‘lishi va kengayishida o‘z davrida rivojlangan mamlakatlarning mustamlakachilik siyosati asosiy omil bo‘lganligi, undan bevosita g‘oyaviy kuch sifatida keng foydalanilganligi missionerlikning asl qiyofasini yaqqol ko‘rsatadi. Demak, missionerlik muayyan bir diniy guruh tomonidan boshqa dinlarga mansub kishilarni o‘z diniga da’vat qilishdan iborat axloqsiz harakat sifatida amalda mustamlakachilik siyosatiga qulay muhit yaratadi, g‘oyaviy va mafkuraviy qurol bo‘lib xizmat qiladi.
Xristian missionerlik tashkilotlarning maqsadlari asosan uch nuqtaga qaratilgan:
1.Xalqlarni xristianlashtirish. Shu orqali ularni iqtisodiy, siyosiy va ma’naviy jihatdan g‘arb davlatlari ta’sir doirasiga tushurish.
2.Xalqlar o‘rtasida o‘z e’tiqodiga shubha uyg‘otish ishonch va e’tiqoddan yuz o‘girish va undan chiqqishiga olib kelish.
3.Xristianlikni qabul qilganlarni o‘z e’tiqodida qattiq turishini ta’minlash va shu orqali ularning safini “Yangi xristianlar” bilan to‘ldirish.
Bu maqsadlarga erishish uchun ular hech nimani ayamaydilar va doimo o‘z uslub va metodlarini takomillashtirib boradilar, jumladan, ba’zi xristian diniy tashkilotlari quyidagi usullaridan o‘zlarining missionerlik xarakatlarida foydalanganlar:
-xayriya yordamini ko‘rsatish, bunga birinchi navbatda moddiy yordam kiradi, tibbiy yordam hamda oziq-ovqat bilan ta’minlash ham xayriya yordami hisoblanadi. Bunday harakatlari bilan ular o‘zlari haqida ijobiy xulosa yoki bahoga ega bo‘ladilar. Hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga muvaffaq bo‘ladilar:
-bepul xristianlikni targ‘ib qiluvchi mahalliy tilda chop etilgan, juda sifatli rangli ishlangan kitob va jurnallarni tarqatish.
-xristianlikga chaqiruvchi video-audio kassetalarni tarqatish;
-tibbiy, ta’lim-tarbiya sohasiga maxsus kadrlarni yuborish (tibbiy xizmatchi, o‘qituvchi-murabbiy);
-missionerlik ruhidagi kutubxona, ingliz tili va kompyuter o‘rgatish xonalarini tashkil etish;
-o‘z saflariga qo‘shilganlarni moddiy rag‘batlantirish, ularni xorijiy safarlarga yuborish va ish bilan ta’minlash.
Missionerlik harakatida yana bir holatini alohida ajratish lozim. Bu ma’lum bir ijtimoiy qatlamni ajratib olish va bilan maqsadli ish olib borish. Jumladan, yoshlar bilan ishlashning turli missiyalari mavjud bo‘lib, ulardan biri bolalar uchun xristian lagerlarini tashkil qilish.
Bugungi kunda missionerlik yo‘li bilan insonlarni Allohning dinidan qaytarayotganlar hamda ularga ko‘r-ko‘rona ergashayotganlar insoniy fitrat va sof his-tuyg‘ulardan mahrum bo‘lgan, hoyu-havaslariga ergashayotgan kishilardir.
Yuqoridagilardan ma’lumki Missionerlik va Prozelitizm azaldan islom dini va isomiy qadryatlarga beshik bo‘lgan bizning yurtimizning tinchini buzishga qartilgan g‘arazli maqsadlarining biridir. Biz bundan ogoh bo‘lmoqligimiz va o‘z dinimizdan og‘ishmagan holda mustahkam turib yoshlarni ham bunday g‘oyalar ta’siriga tushib qolishlaridan saqlashimiz zarur. Zero ertangi kun, kelajagimiz egalari yoshlardir. Ular to‘g‘ri yo‘ldan borishlari esa davlatimiz kelajagining kafolatidir.
Manbalar asosida “Xoja Buxoriy” islom bilim yurti o‘qituvchisi S. Xudoyqulov tayyorladi.
Barcha maqolalar
Do'stlaringiz bilan baham: |