Insoniyatning global muammolari
35 919 27-10-2017, 10:29 10-sinf Geografiya
Sanoat va fan-texnika inqilobi davrida insoniyatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi tubdan o‘zgarib ketdi. Bu o‘zgarishlar natijasida bir qator dolzarb ahamiyatli, ta’sir doirasi jahon hamjamiyatini qamrab olgan, bashariyatning kelajakdagi ijtimoiy taraqqiyotini belgilab berayotgan muammolar vujudga keldi. Bu muammolar insoniyatning global muammolari deb ataladi hamda ularning yechimini topish yo‘lida barcha davlatlarning kuch-qudrati, imkoniyat-harakatlari jamlanishi maqsadga muvofiq.
Global muammolarning vujudga kelishi va keskinlashuvi sabablari jahon aholisi sonining qisqa vaqt ichida bir necha barobar o‘sganligi, sanoat va boshqa ishlab chiqarish tarmoqlarining jadal sur’atlar bilan rivojlanishi, tabiiy muhitdagi muvozanatning inson xo‘jalik faoliyati ta’sirida buzilishi, jahon xo‘jaligida xalqaro iqtisodiy aloqalarning mustahkamlanishi tufayli yagona global tizim sifatida shakllanishi, fan-texnika inqilobi va zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining salbiy oqibatlari, davlatlar va siyosiy kuchlar o‘rtasida ziddiyatlar kuchayishi kabilardan iborat.
Asosiy global muammolar qatoriga, odatda, quyidagilar kiritiladi: tinchlikni saqlash va jahon xavfsizligini ta’minlash muammosi; ekologik muammo; rivojlanayotgan davlatlarning ijtimoiy-iqtisodiy qoloqligi va qashshoqlik muammosi; demografik muammo (rivojlanayotgan mamlakatlar aholisining yuqori sur’atlar bilan o‘sishi va rivojlangan mamlakatlardagi demografik inqiroz); oziq-ovqat muammosi, energetika
muammosi, xomashyo resurslari muammosi, Dunyo okeanidan oqilona foydalanish muammosi; millatlararo va dinlararo munosabatlar muammosi; qon-yurak, onkologik kasalliklar va OITSga qarshi kurashish muammosi. Bundan tashqari, boshqa bir guruh muammolar ham ayrim adabiyotlarda global muammolar toifasiga kiritiladi, masalan, favqulodda vaziyatlarga qarshi kurashish va oldini olish muammosi, koinotni o‘zlashtirish va fazoviy ekologiya muammosi yoki ma’naviy qadriyatlar inqirozi muammosi.
Insoniyatning global muammolari chambarchas ravishda o‘zaro bog‘liq, bir muammo boshqalarining keskinlashuviga olib kelmoqda. Shunday ekan, muayyan muammoni boshqa muammolarga e’tibor qaratmasdan yechish imkoniyati mavjud emas. Masalan, rivojlanayotgan mamlakatlardagi demografik va oziq-ovqat muammolari orasida ma’lum aloqadorlik mavjud, chunki aholining yuqori sur’atlar bilan ko‘payishi
oziq-ovqat mahsulotlarining yetishmovchiligi va ocharchilikni keskinlashtiradi. Energetika va ekologik muammolar ham bevosita bir-biriga aloqador hisoblanadi, chunonchi yangi energiya manbalarini izlash va ishlab chiqarishga joriy etish atrof-muhit sifatiga ham ma’lum darajada ta’sir etadi.
Global muammolardan tinchlikni saqlash va qurolsizlanish muammosi eng universal ahamiyatga ega, chunki bu muammo hal etilmasa, Yer yuzida hayot va sivilizatsiyaning kelajagi o‘ta achinarli ahvolga kelishi muqarrar. Insoniyat tarixida, ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, jami 14 mingdan ortiq urushlar ro‘y bergan va, ming afsuski, harbiy mojaro va ziddiyatlar sayyoramizning turli hududlarida hanuzgacha yuz bermoqda. Lekin, global darajada bu muammo jami 70 milliondan ziyod kishi qurbon bo‘lgan ikkita jahon urush bo‘lib o‘tgan XX asrda keskinlashdi. Urushdan keyingi davrda esa kapitalistik va sotsialistik davlatlar, ayniqsa, AQSH va Ittifoq o‘rtasidagi o‘tkir qarama-qarshiliklar sharoitida "qurol poygasi” keskinlashib ketdi.
Hozirgi vaqtda AQSH, Rossiya Federatsiyasi, Buyuk Britaniya, Fransiya, Xitoy, Hindiston va Pokiston jahon hamjamiyatining rasman tan olingan yadroviy qurolga ega davlatlari hisoblanadi. Shuningdek, rasmiy yadroviy maqomga ega bo‘lmagan KXDR ham bu turdagi qurolga ega ekani barchaga ma’lum.
Dunyoning turli mintaqalarida urush va harbiy to‘qnashuvlar sodir bo‘lmoqda. Harbiy harakatlar va fuqarolik urushlari tufayli ayrim davlatlar gumanitar falokat vaziyatiga kelib qoldi. Bunga Suriya, Iroq, Liviya, Somali, Afg‘oniston, Janubiy Sudan va boshqa davlatlarni misol tariqasida keltirilishi mumkin.
Shuningdek, sust rivojlangan mamlakatlarning ijtimoiy-iqtisodiy qoloq ligi va qashshoqligi ham muhim muammolardan hisob lanadi. Hozirgi kunda dunyoda 1,2 milliardgacha kishi ocharchilikka duch kelmoqda, 1,7 milliarddan ortiq aholining o‘rtacha umr ko‘rishi 60 yoshga etmaydi, 1,5 milliard odamlarning tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyati umuman yo‘q, 1 milliarddan ortiq odamlar o‘ta kambag‘al turmush kechirmoqda, 200 milliondan ortiq bola maktab ta’limini ololmayapti, jahonda 800 milliondan ziyod kishi butunlay savodsiz, ya’ni yozish va o‘qishni bilmaydi. Eng og‘ir ijtimoiy-iqtisodiy vaziyat BMT tomonidan eng sust rivojlangan (eng qoloq) mamlakatlar guruhiga kiritilgan davlatlarda kuzatiladi. Bu ro‘yxat dastlab 1971-yilda tuzilib, unga 24 davlat kiritilgan edi. 2014 yil holatiga ko‘ra unda 48 ta davlat qayd qilingan.
Bulardan 34 tasi Afrikada, 9 tasi Osiyoda, 4 tasi Okeaniyada va 1 tasi (Gaiti) Lotin Amerikasida joylashgan. Bu toifadagi mamlakatlarda jahon aholisining 11 foizdan ortig‘i yashaydi.
Hozirgi kunda oziq-ovqat muammosi ham ko‘plab rivojlanayotgan mamlakatlar uchun dolzarb hisoblanadi. Bu muammoning mohiyati dunyoda jami 1,2 milliardga yaqin odamlar yetarli darajada ozuqa moddalarni iste’mol qila olmayotganligi, u yoki bu darajada ocharchilikka duch kelganidan iborat. Aholisi eng yuqori sur’atlar bilan ko‘payotgan, Afrika mamlakatlarida bu muammo eng keskin darajada ro‘y bermoq-
da. Jumladan, Somali, Janubiy Sudan, Chad va boshqa mamlakatlarda ocharchilik umummilliy gumanitar falokat darajasiga yetdi. Shuningdek, Janubiy va Janubi-sharqiy Osiyo hamda Lotin Amerikasining ayrim mamlakatlarida ham bir necha million kishi ocharchilik sharoitida yashamoqda. Oziq-ovqat muammosining yechimiga, asosan, qishloq xo‘jaligidagi texnika va texnologiyalarni tubdan takomillashtirish, bu sohada mehnat unumdorligini oshirish yo‘llari bilan erishish mumkin.
Energetika muammosi ham dolzarb global muammolaridan biri bo‘lib, uning mohiyati jahon energetika balansining aksariyat qismi tugaydigan energiya manbalariga to‘g‘ri kelishi bilan tavsifl anadi. Ya’ni, mineral yoqilg‘i resurslari (neft, tabiiy gaz, ko‘mir, slanes, torf) zaxiralarining kamayishi yoki ularni qazib olish tannarxining ancha ko‘tarilishi, aholi va ishlab chiqarishning energiyaga bo‘lgan ehtiyojlari orasidagi tafovut bilan bog‘liq muammoni yuzaga keltiradi. Bu muammoning yechimi, ko‘pchilik mutaxassislar fikricha, asosan ikkita yo‘nalishdagi harakatlar bilan bog‘liq: energiyani tejaydigan texnologiyalarning amaliyotga keng joriy etilishi hamda quyosh energiyasi, shamol, qalqishlar, geotermal energiya, bioyoqilg‘i singari noan’anaviy (muqobil) energiya manbalaridan foydalanishga bosqichma-bosqich o‘tish.
Do'stlaringiz bilan baham: |