Cherkez-(Salsola richteri Karel) — shoʻradoshlar oilasiga mansub yirik buta yoki daraxt. Oʻrta Osiyoning qumli choʻllari, Eron va Afgʻonistonda oʻsadi. Boʻyi 4 m cha, barglari ingichka, deyarli ipsimon, uzunligi 4—8 sm. Gulyonbargchalari gullaridan qisqa yoki ularga teng . Gullari koʻrimsiz bo`ladi. Cherkez iyun—sentabrda gullab, meva beradi. Oʻzbekistonning qumli yerlarida keng tarqalgan. Yem-xashak va dorivor oʻsimlik. Undan koʻchma qumlarni mustahkamlashda ham foydalaniladi. Xashagi toʻyimli, mevasidan dorivor moddalar, yangi barglaridan gazlama boʻyoqlari olinadi, yangi novdalari sovun tayyorlashda ishlatiladi. Urugʻi, qalamchasi va ildiz bachkilaridan koʻpayadi.
Chigirtka- chigirtkasimonlar oilasiga mansub bo`lib, gala boʻlib yashaydi. Chigirtka ekinlarining (gʻalla ekinlari, beda, gʻoʻza va boshqalar) zararkunandasi xisoblanadi. Janubiy Yevropa, Janubiy va Sharqiy Osiyo, Afrika, Janubuy va Shimoliy Amerika, Avstraliya mamlakatlarida uchraydi. Chigirtkalarning ekinlarga keltiradigan ofati haqida Qadimgi Misr yozma manbalarida (bundan 4 ming yil avval) maʼlumotlar uchraydi. Oʻzbekistonda tarqalgan turlari ichida eng xavflilari — osiyo chigirtkasi, voha chigirtkasi, marokash chigirtkasi va choʻl chigirtkasi. Chigirtkalar, ayniqsa, uzoq masofalardan uchib kelib va toʻsatdan yopirilib ekinlarni nobud qilishi bilan xavflidir. Chigirtka lichinkalarining toʻdasi oziq qidirib maʼlum yoʻnalishda harakat qiladi va oʻz yoʻlida uchragan koʻkatlarni yeb bitiradi. Ob-havoning qulay kelishi Chigirtkaning koʻplab urchishiga yordam beradi. Chigirtkalarning ekinlarga va oʻsimliklarga yetkazadigan zararini bartaraf etish maqsadlarida Hindiston, Yaqin Sharq mamlakatlari, Afrikada BMT Oziq-ovqat va boʻyicha tashkilotining Chigirtkalarga qarshi kurash tayanch punktlari ochilgan, Fransiya va boshqa mamlakatlarda yirik ilmiy, chigirtka markazlari tuzilgan.
Chigit- gʻoʻza urugʻi; terib olingan paxtani qayta ishlab (toladan ajratib) olinadi. Terilgan paxta vaznining 55—60% chigit hissasiga toʻgʻri keladi. Shakli tuxumsimon yoki noksimon, choʻzinchoq yoki kalta, boʻyi 1,5–15 mm, eni (diametri) 1–8 mm, ogʻirligi 70– 160 mg , 1000 donasining oʻrtacha vazni 120—140 gramm keladi. Chigit qoʻngʻir-jigarrang , qattiq qobiq va magʻiz (yadro)dan iborat. Ustki qavati (poʻsti)dan tola va momiq (lint) ajratib olinadi. Foydalanish maqsadlariga koʻra urugʻlik va sanoatda qayta ishlanadigan texnik chigitlarga boʻlinadi. Bir necha oydan bir ikki yilgacha yaxshi saqlangan chigit fiziologik pishib yetilgan, sogʻlom va unuvchan boʻladi. Bexato va sogʻlom unib chiqishi uchun ivitiladi. Chigit magʻzi tarkibida 24 dan 29% ga qadar moy bor. Oʻzbekiston yogʻmoy sanoati korxonalarida har yili 1,5— 2 mln. t texnik chigit qayta ishlanib paxta yogʻi, shulxa (chigit poʻchogʻi), kunjara olinadi. Chigit chiqindilarini qayta ishlab, ulardan sellyuloza, spirt, lok va boshqa mahsulotlar ishlab chiqarishda foydalaniladi.
Chimboy shahri- Qoraqalpogʻiston Respublikasi Chimboy tumanidagi shahar bo`lib, 1974-yildan boshlab tuman markazi hisoblanadi. Amudaryo deltasida, Kegeyli kanalining har ikkala sohilida va Nukus temir yoʻl stansiyasidan 56 km uzoqlikdagi masofada joylashgan. Aholisi 46 mingdan ortiq.
Do'stlaringiz bilan baham: |