Usyurt platosi- O`zbekistonning shimoli-g`arbi (Qoraqalpog`iston) va Qozog`iston hududlaridagi plato. Sharqda Orol dengizi va Amudaryo deltasi, g`arbda Mang`ishloq yarim oroli va Qorabo`g`ozgo`l qo`ltig`i, shimolida Kaspiybo`yi pasttekisligi oralig`ida joylashgan. Maydoni 200 ming km². O`rtacha balandligi 150–250 m, eng baland joyi (370 m) janubi-g`arbida. Usyurtning atrofi 60–150 m li tik jarlik (chink)lardan iborat. Chinklar har xil chuqurlikdagi jar va soylar bilan kesilgan. Platoning baland sharqiy chegarasi Orol dengizining avvalgi qirg`og`i va Amudaryo deltasidan, janubiy chinklari Qoraqum cho`li va O`zboy o`zani, g`arbiy chinklari esa Korabo`g`ozgo`l qo`ltig`ining g`arbiy sohili, Qorniyoriq botig`i, Qaydak sho`rligi orqali o`tadi. Usyurt yuzasi supasimon tekislik bo`lib, unda bir qancha qirlar: Muzbel, Qorabovur, Oqtumshuq, Qulandi va boshqa, Borsakelmas, Qorasho`r, Asakaovdon kabi cho`kma va botiqlar mavjud. Janubiy qismiga Qoplonqir va Sariqamish botig`i kirib borgan. Uning shimoliy qismida Sam, Matayqum, Uchtag`an qumliklari va bir qancha sho`rxoklar (Qo`shbuloq, Osmontaymatay, Sam va boshqalar) hamda taqirlar mavjud. Iqlimi keskin kontinental. Qishi O`zbekistonda eng sovuq, yozi juda issiq, uzoq davom etadi. Iyul oyida o`rtacha harorat 25°—28°, eng yuqori harorat 46°. Qishda U.ning g`arbiy qismi bilan sharqiy qismi o`rtasida harorat farqi katta: eng past harorat g`arbda —20°, sharqida —40° gacha pasayadi. Usyurtda doimiy oqar suvlar yo`q. Bahor oylarida botiqlar, sho`rxoklar, taqirlarda suv yig`ilib, vaqtinchalik ko`llar hosil bo`ladi, yozda ular qurib qoladi. Faqat platoning janubidagi Sariqamish botig`ida va baʼzi bir g`orlar ichida doimiy ko`llar bor. Yer osti suvlariga nisbatan boy. O`simlik qoplami siyrak, asosan, shuvoq va sho`ralar o`sadi. Hayvonot dunyosi cho`lga xos bo`lib, jayran, sayg`oq, bo`ri, tulki, yumronqoziq, qoplon, Ustyurt qo`yi, olako`zan, hind asalxo`ri, qo`shoyoq, qumsichqon, turli ilonlar, qushlardan to`rg`ay, qora qarg`a, xo`jasavdogar, quzg`un va boshqa yashaydi. Noyob va "qizil kitob"larga kiritilgan hayvon va o`simlik turlarini muhofaza qilish va o`rganish maqsadida Ustyurt qo`riqxonasi (Qozog`iston hududida) tashkil etilgan. Usyurt hududi, asosan, yaylov sifatida foydalaniladi. Bu yerda neft, gaz va yer osti suvlarining katta zaxiralari aniqlangan.
Usyurt qo`yi- arkal (Ovis orientalis arcal) Manqishloq yarim oroli, Kaspiy dengizining jarlik sohillari, Qorabo`g`ozko`l, Qoraqumning past tog`lari va o`ngirliklari hamda Orol dengizining g`arbiy qismida tarqalgan tur. O`zbekistonda Qoraqalpog`iston hududining Ustyurt qismida uchraydi. Ko`chqorining vazni 58 - 79 kg, tanasining uzunligi 121 - 147 sm, bo`yi 77 -98 sm, shoxlarining uzunligi 92 sm gacha bo`lib, boshining ikki yonida chala o`rama hosil qiladi. Urg`ochisi erkagiga nisbatan kichikroq, vazni 36 - 56 kg, shoxlari ingichka va nisbatan kalta (uzunligi 25 - 30 sm). Erkagining bo`yni ostida qalin yoli bo`ladi, tumshug`i ostida qalin yungi (soqoli) bo`lishi bilan boshqa kenja turlardan farq qiladi. Ustyurt qo`yi cho`l sharoitiga moslashgan, Qoraqum tog`larining odam va yirtqich hayvonlar o`tolmaydigan tik qiyaliklari va jarliklari ustida yashaydi. Yozda kechasi o`tlaydi, sho`rlangan buloq suvi bilan qanoatlanadi, qishda va bahorda ko`pincha kunduzi o`tlab, ko`lmak bo`lib qolgan yomg`ir suvidan ichadi. Manqishloq va Ustyurtning o`zlashtirilishi, brakonerlik tufayli Ustyurt qo`yining soni keskin kamayib ketgan, hozir bir necha yuz qo`y Qoraqalpog`iston hududida saqlanib qolgan. Ustyurt qo`yini ovlash man qilingan. Arkarlar poda bo`lib yashaydi. Bo`g`ozlik davri 5 oyga yaqin. May-iyunda bitta, ba’zan ikkita bola tug`adi. Qo`zisi 2,5 - 3 yoshda voyaga yetadi. Arkar xonaki qo`ylarning avlod boshi hisoblanadi. O`zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |