Yangi O‘zbekiston: inson kamoloti va iqtidori qadrlanayotgan mamlakat
Maqsadimiz – O‘zbekistonning ta’lim va intellektual rivojlanish darajasi bo‘yicha dunyoda eng yuqori reytingga ega 30 ta davlat qatoridan joy olishini ta’minlash. Yuksak inson kapitali, jamiyatni intellektuallashtirish, maktab, o‘rta maxsus va oliy ta’lim tizimida raqobat muhitini shakllantirish, davlat-xususiy sherikchilik va xususiy sektor resurslaridan keng foydalanish, “fuqarolarni butun umri davomida o‘qitish” modelini hayotga tatbiq etish, aholining oliy ta’lim bilan qamrab olinishini rivojlangan davlatlar darajasiga (50 foizdan kam bo‘lmagan) yetkazish mamlakat raqobatdoshligi garovidir.
Partiya bu borada quyidagi vazifalarni ustuvor deb biladi:
– ta’lim tizimida raqobat muhitining shakllanishi, xususiy sektor resurslaridan foydalanish, davlat-xususiy sherikchiligini rivojlantirish hisobiga 3-7 yoshlardagi bolalarning 73,1 foizi hamda 6 yoshdagi barcha bolalarning maktabgacha ta’lim bilan qamrab olinishiga erishish;
– har bir tumanda kamida to‘rttadan xususiy maktablar barpo qilinishiga erishish, sohada davlat-xususiy sherikchiligi va xususiy xizmatlarni jadal rivojlantirish hisobidan bolalar uchun sport, musiqa va san’at maktablari qurilishini qo‘llab-quvvatlash, ana shunday ob’ektlarni rekonstruksiya qilish orqali bolalarni ommaviy sport, musiqa va san’at dunyosidan bahramand qilish, ularning bu boradagi ehtiyojlarini to‘liq qondirish. Ingliz tili, informatika va boshqa talab yuqori bo‘lgan fanlarni, jumladan, matematika, fizika, kimyo, biologiyani chuqurlashtirilgan tarzda o‘rgatish sohasida xususiy sektorning ulkan imkoniyatlarini ishga solish;
– ta’lim-tarbiya sohasidagi qonunchilikni takomillashtirish, Ta’lim to‘g‘risidagi kodeksni ishlab chiqish va hayotga tatbiq etish, unda ta’lim muassasalarini moliyalashtirish, faoliyatini baholash metodologiyalarini joriy etish hamda oliy ta’limda moliyaviy mustaqillikni belgilab beruvchi qoidalarni bayon etish, mamlakatimiz xalq ta’limi tizimiga rivojlangan davlatlar tajribalarini keng joriy etish, hududlarda ta’lim samaradorligi monitoringini yuritish, yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib etish kabi masalalarga alohida e’tibor qaratish;
– ilmiy-tadqiqot va innovatsion faoliyatning qo‘llab-quvvatlanishi, amaliyotga ilmiy va innovatsion yutuqlarning joriy qilinishini rag‘batlantirish, davlat-xususiy sherikchiligi, biznes jamoalar hamda ilmiy-tadqiqot va akademik markazlar, muassasalar sherikchiligi institutini qo‘llab-quvvatlash. Biz mazkur sherikchilik asosida tashkil qilingan zamonaviy laboratoriyalar, yuqori texnologiyalar markazlari, oliy o‘quv yurtlari va ilmiy-tadqiqot institutlari qoshidagi texnoparklar, ilmiy-eksperimental ixtisoslashgan markazlar tarmog‘ini rivojlantirish tarafdorimiz. Bunda quyidagi masalalarga alohida ahamiyat qaratamiz: ilmiy-tadqiqot muassasalari faoliyatini takomillashtirish, oliy o‘quv yurtlarida akademik fan va ta’lim jarayoni integratsiyasini chuqurlashtirish, yosh olimlarni ilmiy-tadqiqot faoliyatiga jalb qilish uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish, fan va ishlab chiqarish integratsiyasi hamda texnologiyalar transferini tijoratlashtirish, ishlanmalarni patentlash, litsenziyalash va boshqalar.
Do'stlaringiz bilan baham: |