Barcha uchun qulay, sifatli va professional tibbiyot
Maqsadimiz – O‘zbekistonning dunyoda sog‘liqni saqlash tizimida yuqori samaradorlikka erishgan eng ilg‘or 30 ta mamlakat qatoriga kirishi, onalar o‘limi ko‘rsatkichini uchdan bir qismga, chaqaloqlar va besh yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘limini - ikki barobar, aholi o‘rtasida yurak-qon tomir, onkologik kasalliklar, qandli diabet va surunkali respirator kasalliklardan o‘lim holatlarini 30 foizga kamayishiga erishish. Ana shu maqsadlarga erishish uchun partiya quyidagi ustuvor vazifalarni belgilab olgan:
– sog‘liqni saqlash tizimidagi islohotlarni chuqurlashtirish, sug‘urta sohasini rivojlantirish va aholi sog‘ligini sug‘urtalash tizimini joriy etish, davlat-xususiy sheriklik tamoyilini hayotga izchil tatbiq etish, xususiy tibbiyotni rivojlantirish orqali malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish sohasida sog‘lom raqobat muhitini yaratish hamda tibbiyot turizmining yuksak xalqaro mezon va standartlarga mosligini ta’minlash;
– mamlakat sog‘liqni saqlash tizimi, aholiga ko‘rsatiladigan tibbiy xizmatlarni dunyodagi ilg‘or mezonlar darajasiga olib chiqish, kasallanish ko‘rsatkichlarini pasaytirish va aholining uzoq umr ko‘rishini ta’minlashga yo‘naltirilgan “Aqlli tibbiyot” konsepsiyasini joriy etish;
– zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan, malakali kadrlar bilan ta’minlangan, yuqori texnologiyali va samarali tibbiy xizmat shakllanishi, tibbiyot muassasalarining ilmiy, uslubiy va ta’limga oid salohiyati rivojlanishiga, sog‘liqni saqlash tizimida innovatsion diagnostika vositalari va usullari joriy etilishiga ko‘maklashish;
– yuqumli bo‘lmagan kasalliklar profilaktikasi va nazorati bo‘yicha uzoq muddatli davlat strategiyasini (dasturini) ishlab chiqish va amalga oshirish, aholini arzon narxdagi sifatli dori vositalari bilan ta’minlash;
– shifokorlarning haq-huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, shifokor va aholi o‘rtasidagi munosabatlarning aniq mezonlarini ishlab chiqish va uni qonun darajasiga ko‘tarish, shifokorlarga uzoq muddatli ipoteka kreditlari taqdim etilishini joriy etish va ularning jamiyatdagi ijtimoiy mavqeini ko‘tarish. Davlat tibbiyot muassasalari shifokorlari o‘rtasida har yili “Yil shifokor-olimi”, “Yil shifokor-tadqiqotchisi” “Yil erkak shifokori”, “Yil ayol shifokori” “Yil hamshirasi”, “Yil tez tibbiy xizmat haydovchisi” kabi tanlovlar o‘tkazilishini yo‘lga qo‘yish;
– jamiyatda sog‘lom turmush tarzi va sog‘lom ovqatlanish madaniyatini shakllantirish, oilalarda sog‘lom muhitni mustahkamlash, bolalarda, ayniqsa, qizlarda jismoniy tarbiya va sportga muhabbat uyg‘otish. Partiya “Farzandlari sog‘lom yurtning kelajagi buyukdir” tamoyilini hayotga izchil joriy qilinishi tarafdori.
Do'stlaringiz bilan baham: |