IV. IJTIMOIY SOHANI RIVOJLANTIRISH
To‘liq bandlik va barcha uchun munosib ish o‘rni!
Partiya mamlakatimizda ishsizlik, ayniqsa, yoshlar o‘rtasidagi ishsizlik muammosi bo‘lmasligi kerak, deb hisoblaydi. Fuqarolar bandligini to‘liq ta’minlash va mehnatga munosib haq to‘lash, yangi ish o‘rinlarini yaratish, mehnat bozori infratuzilmasining muvozanatlanganligi va rivojlanishiga erishish, ishsizlik darajasini qisqartirish – mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining eng muhim sharti. Biz “Tadbirkorlik – aholi bandligining garovi!” g‘oyasi hayotimizga to‘liq joriy etilishiga intilamiz va yangi ish o‘rinlarini tashkil etish bo‘yicha davlat buyurtmasi amaliyotini qo‘llab-quvvatlaymiz.
Partiya mazkur yo‘nalishda quyidagi chora-tadbirlarni taklif etadi:
– ish o‘rinlari zaxirasini yaratish, aholi, jumladan, xotin-qizlar, nogiron shaxslar hamda aholining ijtimoiy yordamga muhtoj boshqa toifalari, eng avvalo, yoshlarni ishga joylashtirishda yangi usullardan foydalanish, ularni tadbirkorlik faoliyatiga jalb qilish, real ish haqining barqaror o‘sishiga ko‘maklashuvchi soliq siyosatini amalga oshirish;
– oilaviy tadbirkorlik, kasanachilik, tomorqa xo‘jaligi va xususiy biznesni qo‘llab-quvvatlash hisobiga aholi bandligini ta’minlash hamda fuqarolar oilaviy budjeti daromadlarini oshirish. Biz oilaviy tadbirkorlik, kasanachilik, tomorqa xo‘jaligi va xususiy biznes bilan mashg‘ul fuqarolarning zamonaviy mashinalar, uskunalar, xomashyo va materiallar xarid qilishi uchun moliyaviy resurslardan foydalanish imkoniyatlarini yanada yaxshilash, ularga marketingni o‘rgatish hamda kasanachilik mahsulotlari (ishlar va xizmatlar) ishlab chiqarilishini tashkil etish maqsadida buyurtmachilarni izlash, bozorda talab katta bo‘lgan mahsulotlarni ishlab chiqarishi uchun tadbirkorlikning boshqa sub’ektlari bilan kooperatsiyaga kirishishi tarafdorimiz;
– bozor talablarini hisobga olgan holda ishga joylashishga muhtoj shaxslarni kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish. O‘zbekistonning xalqaro ishchi kuchi bozoriga bosqichma-bosqich kirib borishi, mehnat migratsiyasi jarayonlarini tartibga solish, o‘z uyi, oilasini tashlab uzoq yurtlarda daromad topish maqsadida ishlayotgan yurtdoshlarimizning haq-huquqlari, qonuniy manfaatlari kafolatlarini kuchaytirish, jamiyatda ularga nisbatan bildirilayotgan har qanday salbiy munosabat va fikrlarga qarshi turish hamda davlatlararo hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan alohida “Mehnat migratsiyasi to‘g‘risida”gi qonunni qabul qilish;
– jamiyatdagi muammolarga tadbirkorlik orqali yechim topishning samarali usuli sifatida “ijtimoiy tadbirkorlik”ni qo‘llab-quvvatlash, uni rivojlantirish konsepsiyasini qabul qilish, ustoz-shogird an’anasini davom ettirish, rag‘batlantirish.
Do'stlaringiz bilan baham: |