1. Inson muammosi falsafaning azaliy mavzularidan biridir. Odamzotining dunyoga kelishi, boshqa jonzotlardan farqi, tabiat va jamiyatdagi o‘rni, insoniy fazilatlari, shaxsiy hususiyatlari to‘g‘risidagi masalalar hamma davr faylasuflarining diqqat markazida turgan. Fan sohasida odamning jismoniy tuzilishi, tabiiy-biologik xususiyatlarini o‘rganish hamon davom etmoqda. Ijtimoiy fanlarda esa shaxs kamoloti, ijtimoiy, ma’naviy qiyofasi bilan bog‘liq jihatlari tadqiq qilinmoqda. Xullas, odamzod uchun o‘zi va o‘ziga o‘xshagan boshqa kishilar, ularning xususiyatlari, jamiyatdagi o‘rni, qadri, o‘tmishi va kelajagi bilan bog‘liq muammolar azal-azaldan eng asosiy tadqiqot va kuzatish obyekti bo‘lib kelmoqda.
Suqrotning «O‘zligingni angla», «O‘zingni bilsang, olamni bilasan» degan hikmatli so‘zlari har bir tarixiy davrda yangicha ahamiyat kasb etadi. Insonda butun olam va jamiyatning mohiyati mujassamlashgandir. Ulug‘ mutasavvuf Abdulxoliq G‘ijduvoniy insonni «kichik olam» deb hisoblagan. Falsafada bahs yuritiladigan barcha masalalar inson muammosiga bevosita daxldordir. Umuman olganda, insonga daxldor bo‘lmasa, unga foyda keltirmasa, jamiyatning og‘irini engil qilmasa, unday fanning keragi bormikan? Shu ma’noda, inson, avvallo, o‘zi uchun zarur bo‘lgan fanlarni, ilmlar va bilimlar tizimini yaratgan.
Bu borada "Odam","inson", "shaxs" tushunchalari o‘rganiladi va ularni kundalik hayotda qariyib bir xil ma’noda ishlatish hollari uchraydi. Ammo ular orasida ilmiy jihatdan muayyan farqlar ham yo‘q emas. "Odam" tushunchasi - biologik va ijtimoiy jihatlarni o‘zida mujassamlashtiradigan tirik jonzotga, - odam zotiga, - nisbatan ishlatiladi. Odam zotini boshqa jonzotlardan farq qiluvchi eng muhim belgilari ong, axloq, xulq, bilim, ijtimoiy mehnat qila olish qobiliyati va boshqalardir. "Inson" tushunchasi esa odamzotini muayyan darajadagi ijtimoiy hususiyatlar va jihatlarni o‘zlashtirib olganligi bilan bog‘liq kamolot darajasini ifodalaydi. Ijtimoiylik - "shaxs" tushunchasi uchun ham asosiy hususiyatdir, ammo bunda ijtimoiy jihatdan ma’naviy-axloqiy kamolotga etganlik tushuniladi. Ilmiy adabiyotlarda iison va shaxsga nisbatan rang-barang ta’riflarni, turli xil talqinlarni uchratish mumkin. Inson - avvalo tiriklikning eng oliy mo‘jizasi, boshqa jonzotlardan ajralib turuvchi ijtimoiy mavjudot sifatida, tabiiy-tarixiy qadriyatdir. Insonni ontologiya G‘grekcha - borliq, nazariya, ta’limot va antropologiya G‘grekcha-inson, ta’limot nuqtai nazaridan, ya’ni insonni borliqning bir qismi sifatida talqin qilish ontologiya va uni vujudga kelishi, ijtimoiy xususiyatlarining shakllanishi bilan bog‘lik tadqiqotlar antropologiya hamon davom etmoqda. Inson - tarixiy taraqqiyot jarayonida turli xislatlar, sifatlar va xususiyatlarga ega bo‘lgan, ma’naviy-axloqiy jihatlarni qiyofasida aks ettirgan ijtimoiy mavjudot sifatida jamiyatdagi asosiy qadriyatdir. Shu bilan birga u olamga ijtimoiy munosabatda bo‘lish, odamlar bilan muomala va aloqaga kirishish, mehnat qilish asosida moddiy va madaniy boyliklarni vujudga keltirish, tafakkuri, his-tuyg‘ulari, fikrlarini tili vositasi da ifodalash kabi xususiyatlarga ega bo‘lgan - umumijtimoiy vujud hamdir.
2. Inson jamiyatsiz yashayolmaganidek, jamiyat ham insonsiz mavjud bo‘lmaydi. Har qanday jamiyat o‘zini tashkil qilib turgan kishilar faoliyati, o‘zaro muaosabati va umrguzaronligi bilan tirikdir. Shu ma’noda inson - har qanday jamiyat bor bo‘lishini ta’minlab turadagan asosiy ijtimoiy elementdir. Bunday ta’minlab turish insonni individual - shaxsiy ishtiroki orqali, ya’ni biror guruh, qatlam, sinf, qavm, elat, xalq yoki millat doirasidagi faoliyati, oila va turmushdagi hatti-harakati, amalga oshirgan ishlari, yaratgan boyliklari, o‘ziga va o‘zgalarga nisbatan munosabati orqali namoyon bo‘ladi.
Hozirgi ilmiy adabiyotlarda insonning tabiiy-ijtimoiy borlig‘i mavjudligi tan olinadi. Bu borada biologik yondashuv insoniy munosabatlar me’yorlarining evolyutsion-biologik asoslariga e’tibor qaratadi. Unga ko‘ra odamzotining shaxsga aylanishi, o‘z qadrini va o‘zgalar qadrini anglash jarayoni uzoq yillar davom etadi. Dastlab, norasida go‘dak uchun ona ko‘kragi, suti, allasi eng buyuk qadriyat bo‘lsa, ona qo‘lidan tushgan, odimlar ona ko‘kragidan ajralgan bola uchun esa, asta-sekin atrof-muhit, o‘zi yashayotgan makon, o‘zga kshshlar va o‘zi ham qadriyatga aylanib boradi. Bu davrda u o‘z shaxsiy ehtiyoji va maqsadlarini o‘ziga xos qadriyat ko‘zgusi orqadi ko‘radi, o‘ziga kerakli va zarur narsalarni muhayyo qilishlarini ko‘proq hohlaydigan, talab qiladigan bo‘lib qoladi. Bolalar hayotini ko‘pgina tadqiqotchilari kamolotning bu muhim davrida “3-6 yosh” o‘z qadrini oshirish va shaxsini ko‘proq sevish “bolalik egoizmi” mavjud bo‘liishni ta’minlaydilar.
3. Dunyo markaziga insonni qo‘yuvchi yondashuv doimo antroposentristik yondashuv deb atalgan. Qadimgi sofist Protagorning. «Inson barcha narsalarning mezoni», degan mashhur iborasi antroposentrizmning aniq ifodasidir. Bunda jonsiz va jonli tabiatning o‘zaro ta’siri inson me’yorlari, ideal hamda da’volari nuqtai nazaridan qaraladi. Inson dunyoning asosiy va eng katta boyligi sanaladi.
Ammo insonni bilish sohasida antroposentrizmdan tashqari boshqa yondashuvlarga ham duch kelish mumkin. Tabiatni hamma narsadan ustun qo‘yuvchi naturalistik yondashuv – tabiiy sentrizm va u bilan uzviy bog‘liq bo‘lgan naturalizm prinsipi shular jumlasidan. Bu yerda, inson – tabiat farzandi. Uning barcha xato va kamchiliklari boshqa har qanday tabiiy jarayonlar singari o‘rinli hamda tabiiy. Kosmosentrizm – kosmosning hamma narsani, shu jumladan, insonning mohiyati va tabiatini ham belgilovchi ta’siriga ishora qiluvchi dunyoqarash, hisoblanadi.
Tarixiy-sivilizatsion jarayonda teosentrizm ta’limoti ham muhim rol o‘ynagan. U oliy, g‘ayritabiiy mavjudotni dunyoning asosiy va eng muhim omili deb e’lon qilgan. Bu borada tarixda juda chiroyli, ezgu niyatli va kuchli odamlar yashagan Atlantida haqida o‘ta jozibali afsona mavjud. Bu afsonada aytilishicha, Atlantida jannatmakon bir joy bo‘lgan, unda odamlar baxtiyor yashar ekanlar. Afsuski, atlantlarning har biri o‘zini o‘ylab, o‘z farovonligi haqida qayg‘urib, o‘zlashtirgan bilimlaridan shaxsiy maqsaddagina foydalanib, olamda insondan ulug‘roq jonzot yo‘q va har kim o‘ziga o‘zi qonun, deb hisoblay boshlagach, Atlantida inqirozga yuz tutgan emish.
4. Inson tana va ruhdan iborat. Ruh va tananing bir-birini taqozo etishi, ayni vaqtda, bir-birini inkor etishi, har safar yangi va yangi kuch bilan namoyon bo‘luvchi ziddiyat sifatida, o‘z yechimini faqatgina ma’naviy va jismoniy bo‘lmagan boshqa bir narsa vositasida topishni taqozo etadi. Shu ma’noda, o‘z qobiliyatini ro‘yobga chiqarish, o‘zlikni anglash va asrash muammosi doim inson ekologiyasining bosh muammosi bo‘lib kelgan. M.Monten o‘z vaqtida «Dunyoda eng muhimi o‘zlikni saqlashdir», deb bejiz yozmagan. Ong muayyan moddiylikning miyada aks etishi deb tushunishda, uning mohiyati inson tanasi faoliyati bilan bog‘lab talqin etiladi. Bunday qarashlar ham qadimiy ildizlarga ega. XVIII asrga kelib ongni bevosita inson miyasi faoliyati bilan bog‘lashga harakat qilgan qarashlar ham shakllandi. Ayni paytda materialistik yo‘nalish nomini olgan bunday yondashuvlar doirasida ongning mohiyatini buzib talqin qilish hollari ham paydo bo‘lgan.
5. Binobarin, biz o‘z manfaatlarimiz sohasini o‘rganishimizga qarab, asosan shaxsiy mo‘ljallarimiz chegarasidan chetga chiqamiz va o‘zimizdan boshqa narsalarni, bizni qurshagan muhitni ko‘ra boshlaymiz. Inson ekologiyasi to‘g‘risida so‘z yuritganda, inson populyatsiyalarining real turmush tarzini o‘rganishni nazarda tutish lozim. Bu yerda nafaqat insonning jismoniyligi, u yashaydigan moddiy muhit, balki ma’naviyat ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Zamonaviy fanlarda bu borada «Ekosofiya» atamasi qo‘llanmoqda. U yangi atama bo‘lib, shaxs xulq-atvorini belgilaydigan va uning o‘zligini saqlash xususiyatini ta’minlovchi shaxsiy qadriyatlar majmui hamda shu asosdagi dunyoqarashni anglatadi. Ekosofiyaning kategoriyalar tizimiga o‘z qobiliyatini ro‘yobga chiqarish va qadriyatlar tizimidan tashqari, o‘z-o‘zini tinimsiz o‘rganish ham kiradi. Uning eng yetuk shaklini I.Kantning mashhur savollarida ko‘rish mumkin: «Inson nima? Men nimani bilishim mumkin? Men nimaga umid qila olaman? Men nima qilishim kerak?» Bular umuminsoniy muammolar ro‘yxatiga kiritilgan umumiy olamshumul savollardir. Ammo yashash jarayonida vaziyatga qarab muayyan savollar tug‘ilishi ham mumkin.
Inson har safar o‘z ahamiyatini teran his etganida muayyan qobiliyatlarini faollashtiradi. Inson mohiyati befarqlik holatida bo‘lganida (inson ko‘pincha bu holatni o‘zi hohlagan holat sifatida qabul qiladi), ongning barcha imkoniyatidan foydalanilmaydi. Har qanday tanglik yoki mushkul muammo soat bongi sifatida yangrab, odamni mudroq uyqudan uyg‘otadi. Insonning «uxlab yotgan» psixik qobiliyatlarini «uyg‘otish» muhim vazifa. Ko‘pgina odamlar shu asosda «o‘z ichidagi xira tortgan chiroqni qayta va yorqinroq yoqishni o‘rganadi». O‘z qobiliyatlarini mumkin qadar kengaytirish uchun zarur darajasiga erisha olmaslik insonning asosiy muammosi hisoblanadi.
6. Shaxs erkinligi va tarixiy zarurat bir-biri bilan uzviy bog‘liq tushunchalardir. Mamlakatimizning taraqqiyot yo‘lida paydo bo‘lgan qiyinchilik va muammolar mohiyatini anglash shaxsni o‘z bilimi va mahoratini oshirishga, yuksak g‘oyalarga sodiq bo‘lib yashash va ularni jadal amalga oshirishga undaydi. Bozor munosabatlariga o‘tish sharoitida inson qobiliyatlari to‘laroq namoyon bo‘ladi. Ijtimoiy tabaqalanish jarayonida kishilarning boy va qashshoq guruhlarga ajralishi tabiiy qonuniy jarayondir. O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlarning eng muhim xususiyati — aholining muayyan qismining ijtimoiy himoyalanishida, ko‘p bolali oilalar, nafaqaxo‘rlar, talabalar va nogironlarning davlat tomonidan himoyalanishida, ijtimoiy adolatning qaror topishida yaqqol namoyon bo‘lyapti. Kishilarning boqimandalik kayfiyati, tafakkur turg‘unligidan ozod bo‘lishlari, o‘zgargan yangi iqtisodiy sharoitga moslashishlari, o‘z bilimi va mahoratini oshirishlari uchun g‘amxo‘rlik qilish iqtisodiy islohotlarning insonparvarlik yo‘nalishga ega ekanligidan dalolat beradi.
Bunday fazilatlar falsafa va boshqa ijtimoiy fanlarni o‘rganish va umuman, ta’lim-tarbiya jarayonida shakllanadi. Zamonaviy bilim va yuksak insoniy fazilatlarni egallash orqali O‘zbekistonda ozod va obod jamiyat qurish vazifalari uyg‘unligini ta’minlashga erishish butun ta’lim-tarbiya ishimizning bosh mezoni va uning oldida turgan muhim vazifadir.
Do'stlaringiz bilan baham: |