Inson irodasi tabiati
Reja:
1. Iroda haqida tushuncha.
2. Irodaviy faoliyatning umumiy xususiyatlari.
3. Iroda nazariyalari.
Mavzu yuzasidan tayanch tushunchalar:
Iroda — ichki va tashqi qiyinchiliklarni echish uchun xatti - harakatlarni tanlash imkoniyatida namoyon
bo`ladigan ruxiy aks ettirish shakli.
Irodaviy zo`r berish — irodaviy harakatning zo`r berishini his qilish bilan bog`liq sub`ektiv tarkibiy
qismi.
Iroda kuchi — maqsadga erishish uchun zarur bo`lgan irodaviy zo`r berish darajasi.
Impul’siv harakat — ong tomonidan to`liq nazorat qilinmaydigan va beixtiyor tarzda bajariladigan
harakatlar.
Motivlar ko`rashi — qaror qabul qilish bog`liq bo`lgan irodaviy harakat bosqichi.
Qaror qabul qilish — muammoning hal etishning biror usulini tanlash.
1. Iroda haqida tushuncha
Inson o`z ehtiyojlarini qondirish uchun faollik ko`rsatar ekan, ba`zan ichki (sub`ektiv) va tashqi
(ob`ktiv) to`siqlarga duch keladi. Bu to`siqlarni engib o`tish va maqsadga erishish uchun undan yanada
faolroq bo`lish talab qilinadi. Maqsadga erishish yo`lida turgan qarama -qarshiliklarni bartaraf qilish
uchun zo`r berish bilan bog`liq bo`lgan va ma`lum maqsadga yo`naltirilgan ongli harakatlar irodaviy
harakatlar deb ataladi. Iroda inson faolligining alohida shaklidan iboratdir. Odam oldida turgan va uning
uchun katta ahamiyatga ega bo`lgan maqsadlarga o`zi uchun ozroq ahamiyatga ega bo`lgan boshqa xatti -
harakatlar motivlarini bo`ysundiradi. Iroda odamdan o`z xatti - harakatlarini o`zi boshqarishini, bir qator
boshqa intilish va istaklarining tormozlanishini taqozo qiladi. Irodaviy qobiliyat shundan iboratki, bunda
odam o`z - o`zini idora qiladi, o`zini qo`lga oladi. Bir qator hollarda irodaviy faoliyat odamning hayot
yo`lini aniqlaydigan, uning ijtimoiy qiyofasini namoyon qiladigan va uning axloqiy qiyofasini ochib
beradigan qarorlarga kelish bilan bog`liq bo`ladi.
2. Irodaviy faoliyatning muhim xususiyatlari
Umumiy irodaviy faoliyatni yoki alohida aktini amalga oshirishning muhim xususiyatlaridan biri
amalga oshirilayotgan harakatlarning erkin ekanligini anglashdan: “Xohlasam unday, xohlasam bunday
qilaman” deyishdan iboratdir.
Odamning irodaviy harakati to`la - to`kis determinizmga, ya`ni sababiy bog`lanish qonuniga bo`ysunadi.
SHuning bilan birga irodaviy faoliyatning bevosita sabablari sifatida irodaviy harakatlarni belgilab
beradigan turli - tuman hayotiy sharoitlar bo`lishi mumkin. Odamning irodaviy faoliyati ob`ektiv jihatdan
bog`langandir. Irodaviy faoliyatning muhim xususiyatlaridan yana biri, irodaviy harakatlarni odam
hamma vaqt shaxs sifatida amalga oshiradi. Xuddi mana shuning bilan bog`liq ravishda irodaviy harakat
odam to`la ravishda javob beradigan ish sifatida ichdan kechiriladi. Irodaviy faoliyat tufayli ko`p jihatdan
o`zini shaxs sifatida anglaydi, o`z hayot yo`li va taqdirini o`zi belgilashini tushunadi. Irodaning eng
muhim xususiyati unda faoliyatni amalga oshirishning puxta o`ylab chiqilgan rejaning mavjudligidir.
Avvaldan rejalashtirilmagan xatti - harakatlarni irodaviy harakat deb aytib bo`lmaydi. SHu bilan birga
iroda - avval mavjud bo`lmagan, lekin faoliyatni amalga oshirish natijasiga erishgandan so`ng hosil
bo`lishi mumkin bo`lgan qoniqishga butun e`tiborni qaratishdan iboratdir. Ko`p hollarda iroda vaziyat
yoki qiyinchilik ustidan g`alaba qozonish emas, balki o`z - o`zini engish hamdir. Bu ayniqsa
muvozanatsiz, hissiy qo`zg`aluvchan, sust kishilarga xos bo`lib, o`zlarining tabiiy xarakterologik
xususiyatlari bilan kurashishga to`g`ri keladi. Hech bir hayotiy muammo irodaning ishtirokisiz hal
etilmaydi, yashagan va yashayotgan biror kishi kuchli, irodasiz katta muvaffaqiyatga erisha olmaydi.
Odamzot boshqa tirik mavjudotlardan o`zining ongi va aqli bilangina emas, balki irodasining mavjudligi
bilan ham ajralib turadi.
3. Iroda nazariyalari
Irodaviy, ya`ni ixtiyoriy harakatlar odamga irsiy yo`l bilan tug`ma ravishda beriladigan harakatlar
emas. Irodaviy harakatlar har doim ma`lum sabablarga ko`ra yuzaga keladi. Chet el psixologiyasida iroda
erkinligi degan ta`limot yuzaga kelgan bo`lib, bu ta`limotga ko`ra, odamning irodasi azaldan
belgilangandir. Irodaviy harakatlar odamning shaxsiga, ongiga mutlaqo bog`liq emas. Iroda qandaydir
iloxiy kuchga bog`liqdir. Shuning uchun iroda o`z mohiyati jihatidan doimo erkindir. Chet el olimlarining
iroda erkinligi, ya`ni irodaviy harakatlar hech qanday sababga bog`liq emasligini haqidagi ta`limotlari
batamom xatodir. Biz yashab turgan moddiy dunyoda sababsiz hech narsa va hech qanday hodisa
bo`lmaganidek irodaviy harakatlarning ham o`z sabablari mavjuddir.
Irodaviy, ya`ni ixtiyoriy harakatlarning nerv - fiziologik asosida bosh miya katta yarim sharlari po`stining
shartli reflekslar hosil qilishdan iborat bo`lgan murakkab faoliyati yotadi. Irodaviy harakatlar ongli
harakatlar sifatida ikkinchi signallar tizimi asosida ro`y beradi. Gumanitar, ya`ni inson muammolariga
e`tibor ortishi bilan o`z - o`zidan irodani o`rganish ham dolzarb masalaga aylanib bormoqda. XVIII - XIX
asrlarda bu muammo eng markaziy psixologik tadqiqot masalalaridan biri edi. Biroq psixologiya fanida
XX asr boshlarida ro`y bergan inqiroz tufayli u ikkinchi rejaga o`tib qoldi, uni mutlaqo inkor etish
mumkin emas.
Arastu o`z davrida irodani jon haqidagi fanning muhim tushunchasi deb e`tirof etgan. Uning fikricha,
iroda inson xulq - atvorini o`zgartirishga, boshqarish imkoniyatiga ega bo`lgan omil hisoblanadi.
Psixologiyada mavjud oqimlar ham irodani turli jihatlariga ko`ra tadqiq etadilar. Masalan, bixeviorizm -
xulq - atvor shakli, motivatsiya psixologiyasi - shaxsning ichki ziddiyatlari, shaxs psixologiyasi -
insonning muhim shaxsiy xususiyati sifatida o`rganadi. V. A. Ivannikov fikricha, iroda - inson xulq -
atvoridagi reaktivlik va faollikning o`zaro ko`rinishidir. V.I.Selivanov esa, irodani ongli boshqarilishi
maqsadga yo`naltirilgan harakatni amalga oshirish uchun ichki va tashqi qiyinchiliklarini engib ketish
imkoniyati borligini bilish deb ta`riflaydi. Inson irodaviy faoliyati ongli, maqsadga yo`naltirilgan
faollikdir. Asab tizimining umumiy sog`lomlik holati katta ahamiyatga ega. Kasallik paytida, charchagan
vaqtida inson irodasi bo`shashadi.
4. Irodaviy akt va uning tarkib.
Har qanday irodaviy harakat dastavval odam oldida tug`iladigan maqsadni taqozo qiladi. Odam u yoki
bu harakat orqali nimaga erishmoqchi ekanligini anglaydi. U o`z holatini o`zgartirishi lozimligini,
qandaydir ehtiyojlarni qondirilishi zarurligini anglaydi. Bu nima sababdan odam muayyan maqsadga
intilayotganini, uning belgilangan maqsadini amalga oshirishga nima majbur qilishini tushuntiruvchi
harakat motivlaridir.
Irodaviy harakat bosqichlari
Maqsad va o`nga erishishga intilish
Maqsadga erishishning bir necha imkoniyatlarini anglash
Imkoniyatlarni mustahkamlovchi va rad etuvchi motivlarning
paydo bo`lishi
Motivlar kurashi
Imkoniyatlardan birini tanlash, qaror qabul qilish
qarorni ijro etish
Odatda odamning oldida u yoki bu xildagi jalb qilish xususiyatiga ega bo`lgan turli motivlar
(maqsadlar) paydo bo`ladi. Odamga bu maqsadlarni tanlashga, ularning ma`qulligini yoki noma`qulligini,
uning hozirgi hayot uchun yoki keyinchalik ahamiyatini baholashga va hozirgi payt uchun eng kerakli
yoki eng muhimini belgilab ajratib olishga to`g`ri keladi. Mana shu munosabat bilan irodaviy harakatning
muhim bosqichi, ya`ni qo`yilgan maqsadga qanday erishishni, unga erishish yo`llari qanday bo`lishini, bu
maqsadga qanday yo`llar olib borishini o`ylash bosqichi paydo bo`ladi. Ana shu jarayonlarning hammasi
o`z mohiyati jihatidan iroda akti tarkibiga kirgan intellektual (aqliy) holatlar deyiladi. Irodaviy aktning
haqiqiy boshlanishi uchun ma`lum bir qarorga kelish kerak. Ko`pincha qarorga kelishda motivlar kurashi
paydo bo`ladi. Masalan, ixtisosni o`zgartirish niyatidagi yangi ixtisosdan va ichki qanoatlanish umididan
voz kechish kerakmi yoki aksincha, imkoniyati tug`ilayotgan qimmatli istiqbol uchun o`zining boshqa
ehtiyojlaridan voz kechish kerakmi, degan motivlar kurashi paydo bo`ladi. Masalan, sevgan qizi bilan
kinoga borish va to`satdan qattiq og`rib qolgan yakin kishisiga yordam berish o`rtasidagi motivlar kurashi
keskin farq qiladi.
Motivlar kurashi natijasida qarorga kelish paydo bo`ladi. SHubhalanish va ikkilanishlarni chetga surib
tashlab, qarorni amalga oshirish kerak bo`ladi. Qabul qilingan qaror to`g`ridan to`g`ri amalga
oshirilavermaydi. Qabul qilingan qarorni bajarish uchun yana ongli ravishda irodani ishga solib zo`r
berish kerak. Irodaviy zo`r berishni ongli jiddiylik tarzida his qiladi. Bunday jiddiylik irodaviy harakatga
o`tish bilan tarqalishi mumkin. Qabul qilingan qarorni zo`r berish bilan ijro etish irodaning muhim
belgisini tashkil etadi. Zo`r berish juda muhim xususiyatlarning biri bo`lib, bu xususiyat orqali irodaviy
harakatlar ixtiyorsiz harakatlardan farqlanadi. Irodaviy zo`r berish motivlar kurashi va qarorga
kelishdayoq seziladi. Bunday zo`r berish fikrlash jarayonini ishga solib, muhokama yurgizishda, keraksiz
hissiyotlarni engishda o`z ifodasini topadi. Irodaviy zo`r berish va irodaviy harakat maqsadga erishish
yo`lida uchraydigan to`siqlarni engishda namoyon bo`ladi. (loqaydlik, dangasalik). Irodaviy zo`r berish
vositasi bilan avvalo organizmning passiv holatini o`zgartirib, uni faol holatga keltirish lozim. Masalan,
yotgan odamning turish - turmasligi. Irodaviy zo`r berish vositasi bilan aqliy faoliyat faol holatga
keltiriladi. Masalan, talaba yoki o`qituvchi dars boshlanishi bilan iroda kuchini ishga solib, diqqatini bir
joyga to`plab, irodaning barqarorligini saqlab, tafakkur va esda qoldirish jarayonlarini kuchaytiradi.
Kishi o`z oldiga qo`ygan maqsadni amalga oshirishga qarshilik qilayotgan to`siqlarni engadi,
voqelikni maqsadiga muvofiq o`zgartiradi. Kishi irodaviy zo`r berish va irodaviy harakat yordami bilan
ijtimoiy qimmatga ega bo`lgan yangi narsalar: o`ylar, fabrikalar, zavodlar, yo`llar, mashinalar, san`at
asarlari va boshqalarni yaratadi.
5. Shaxsning irodaviy sifatlari
Kishining irodasi o`z sifatlari, ya`ni kuchi, axloqiyligi, mustaqilligi jihatidan ayrim hollarda turlicha
namoyon bo`ladi. Iroda ma`lum kuchga ega bo`ladi, ba`zi hollarda irodasi kuchli, boshqa hollarda esa
kuchsiz namoyon bo`ladi. Kuchli irodaga kosmonavtlarning irodasi misol bo`ladi. Kishi irodasining
kuchsizligi uning juda arzimas qiyinchiliklarining ham enga olmasligida ko`rinadi. Masalan, biror ishni
bajarishga yoki biror ishni boshlashga o`zini majbur qila olmaydi. Iroda kuchi - o`zini tuta bilishda,
jasurlik, qat`iyat, matonat va chidamlilikda namoyon bo`ladi. O`zini tuta bilish - kishining oldiga qo`ygan
maqsadlarining amalga oshirishga qarshilik qiladigan ichki holatini engishda ko`rinadigan irodadir.
O`zini tuta bilish og`riq hissini, toliqish, qo`rquv va g`azabni engishda namoyon bo`ladi. O`zini tuta
bilish ayni paytda keraksiz bo`lgan reflekslarga, odatlarga yo`l qo`ymaslikdir. Dadillik - kishilik hayoti va
omonligi uchun xavfli bo`lgan qarshiliklarni engishda ko`rinadigan kuchli iroda. Masalan, parashyutchi
har gal sakraganda dadillik qiladi. Dadillik o`zini tuta bilish bilan bog`liqdir. Mustaqillik - irodaviy
harakatlar motivlarida va shu bilan birgalikda qaror qabul qilishda namoyon bo`ladi. Mustaqillikning
mohiyati shundan iboratki, odam o`zining ish - harakatlarining tevarak - atrofdagilarining tazyiqi,
tasodifiy taassurotlar bilan emas, balki o`z ishonch e`tiqodlarini, bilimlari va tegishli vaziyatda qanday ish
to`tish kerakligi haqida tasavvurlariga asoslanib belgilaydi. Mustaqillikning qarama -qarshi tomoni
tasirlanuvchanlikdir. Bu shundan iboratki, bunda odam o`zgalarning ta`siriga tez beriladi, hamda uning
harakat motivlari o`zida tarkib topgan xususiy qarashlar, ishonch aqidalar asosida emas, balki tashqaridan
ko`rsatilgan ta`sir natijasi sifatida paydo bo`ladi. Qat`iyat-o`ylab qo`yilgan qarorni muvaffaqiyatli amalga
oshirishni ta`minlovchi g`oyat muhim sifatdir. Qat`iylik odamdan uzoq vaqt davomida hech bir
pasaymaydigan irodaviy zo`r berish va kuch - quvvatni taqozo qiladi. Belgilangan maqsadga erishishdagi
qiyinchiliklar odamni hayiqtirmaydi, og`ishmay intila boradi. Qaysarlik - odam oqilona asoslarga ega
bo`lishga qaramay harakat qilish illatidan, ilgari oz o`ylab qabul qilingan qarordan voz kechish
qobiliyatiga ega bo`lishidir. Qaysarlik real sharoitga tik qaramay, o`zgargan vaziyatga epchillik bilan
moslasha olmaslikdir. Mana shunday hollarda odam irodasining sustligi namoyon bo`ladi.
6. Irodani tarbiyalash
Inson xulq - atvorining irodaviy boshqarilishi bir necha yo`nalishda amalga oshiriladi:
1. Ixtiyorsiz xatti - harakatlarni ixtiyoriy harakatlarga qayta o`zgartirish.
2. O`z xatti - harakatlari ustidan nazorat o`rnata olish.
3. Shaxsning irodaviy sifatlarini tarbiyalash.
Bu jarayonlar bola tomonidan nutqning o`zlashtirilish va xulq - atvorini boshqara olish bilan boshlanadi.
Irodaning rivojlanishida shaxs tomonidan o`z oldiga tobora murakkablashib boruvchi maqsadlarni qo`yib
borish muhim ahamiyatga ega. Masalan, o`smir o`z oldiga o`zida layoqat bo`lmagan qobiliyatni
rivojlantirishni maqsad qilib qo`yishi mumkin. Bolalarda irodaning rivojlanishi motivatsion va axloqiy
sohaning rivojlanishi bilan bog`liq holda boradi. Faoliyatga yuqori darajadagi motivlar va qadriyatlarning
qo`shilishi -irodaviy sifatlarning rivojlanishiga juda katta ta`sir ko`rsatadi. Iroda asosan o`smirlik va
o`spirinlik davrida jadal sur`atlar bilan rivojlana boshlaydi. Irodani tarbiyalash va qayta tarbiyalashda
badiiy adabiyot va kinofil’mlarning o`rni katta. Biroq ota - ona va pedagoglarning o`rnini hech narsa
to`ldira olmaydi. Inson irodasini tarbiyalashning eng muhim sharoitlari - kun tartibiga rioya qilish, butun
hayotiy talablarga to`g`ri amal qilishdir. Irodali kishi o`z vaqtining xo`jayinidir. O`z faoliyatini oqilona
tashkil etadigan kishi o`z ishini shoshilmay bajarishi, faoliyati esa uyushqoqlik va maqsadga
yo`naltirilganligi bilan ajralib turishi mumkin.
Shaxsning irodaviy sifatlari har doim boshqalar bilan faol munosabat jarayonida shakllanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |