Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti Chet tillar fakulteti 1-bosqich talabasi Azilova Zarnigorning “ Har kuning bo‘lsin Navro‘z!” mavzusida yozgan inshosi.
Insho: “Har kuning bo‘lsin Navro‘z!”
Reja:
I.Kirish. Navro‘z yangilanish-yasharish bayrami.
II.Asosiy qism: Navro‘z bayramining kelib chiqishiga doir qarashlar.
1. Navro‘z-mavsumiy marosimlardan biri.
2. Ogahiyning talqinida Navro‘z bayrami.
3. Navro‘z ezgulik elchisi.
III.Xulosa. Navro‘z bayramining tarbiyaviy ahamiyati.
“Ilohi har kuning Navro‘z bo‘lsin
Hamisha tole’ing feruz bo‘lsin.”
(Muhammad Rizo Ogahiy)
Bahor. Yangilanish-yasharish fasli , go‘zallik-u nafosat fasli. Negaki, bahor faslida butun tabiat-o‘simliklar va hayvonot dunyosi qishki uyqudan uyg‘onishadi. Qir-u adirlarda asta-sekin gul-u lolalar ochila boshlaydi. Butun olamni ko‘klamning iliq nafasi qamrab oladi. Xonadonlarimizga esa oilamiz barakasi bo‘lmish qaldirg‘ochlar tashrif buyurishadi. Qushlar chug‘ur-chug‘uri yer-u ko‘kni kezadi. Go‘yoki, butun olam qayta jonlanadi. Bu kabi o‘zgarishlar esa albatta, bizga o‘z ta’sirini o‘tkazmay qo‘ymaydi. Bir so‘z bilan aytganda, bizga bahor fasli olam-olam shodliklar-u baxt olib keladi desak aslo yanglishmaymiz. Biz bahorni qushlarning sayrashidan, hid taratib turgan gullarga kapalaklar-u asalarilarning qo‘nishidan, bahor nafasi ufurishidan tasavvur qilamiz. Yana biz bahorni kamalakka o‘xshatamiz. Chunki kamalak yetti xil rangda mujassam bo‘lgani kabi bahor fasli ham turli xil ranglarda namoyon bo‘ladi. Kamalak yomg‘irdan so‘ng paydo bo‘ladi. Bahor ham yomg‘irdan so‘ng o‘z chiroyini yanada ochadi. Bahor manzaralarini tomosha qilar ekanmiz beixtiyor bu go‘zalliklarga o‘z hissamizni qo‘shgimiz keladi. Bahor fasllar ichida milliylikka boyligi, go‘zallikka hamohangligi, mehrliligi, yaratish, yaralish, nafislik va boshqa taraflari bilan ajralib turadi. Sanasak juda ko‘p, lekin ular orasida eng asosiysi bu milliylikka uyg‘unligidir.
Nega biz bahor kelishini intiqlik bilan kutamiz? Buning asosiy sabablaridan biri bizga bayramona kayfiyat bag‘ishlashidir. Chunki, bu faslda yurtimizda keng nishonlanadigan bayramlar ham talaygina. Ular bahorning ilk oyidanoq boshlanadi. Xususan, 8-mart – “Xalqaro xotin qizlar kuni” shuningdek, bizning milliy qadriyatimizga aylangan, bizning urf-odat va an’analarimizni o‘zida mujassam etgan bayramimiz – 21-mart Navro‘z bayramidir. “ Navro‘z” asli fors tilida “Yangi kun” degan ma’noni bildiradi. Chunki, aynan 21-mart kuni kun va tun tenglashadi. Shuning uchun, Osiyo mamlakatlarining ko‘pchiligi Navro‘zni “Yangi yil” singari nishonlashadi. Navro‘z – ko‘p millatli, bag‘rikeng, oliyjanob va tinchliksevar xalqimizning fazilati, yuksak insonparvarlik xislatlariga ayni hamohang bayramdir. Bu kunlarda azaldan gina-kuduratlar unutiladi, o‘zaro mehr-oqibat munosabatlari mustahkamlanadi. Bu kunda ulkan shodiyona shukuhi har bir mahalla, har bir xonadon va albatta insonlar yuzidagi tabassumlarda o‘z aksini topadi. Navro‘z bu milliy urf-odat , an’ana, qadriyat va yangilanish ramzidir. Bahorning ilk quyoshi qalblarga o‘zgacha iliqlik hamda muhabbat baxsh etgan bu lahzalarda, kishilar shu kunlarga yetganliklariga shukronalar aytadi. Mamlakatimizda Navro‘z bayramlari keng nishonlanadi va uning shukuhi hech kimni chetlab o‘tmaydi.
Navro‘zni kutamiz mushtoq ko‘z bilan,
Ko‘k somsa, sumalak, non-u tuz bilan,
Do‘stlarni qutlaymiz shirin so‘z bilan
Assalom, azizlar gul Navro‘z bilan!
Navro‘zni qarshilash qadimdan odat,
Yil o‘tsin betashvish, bedard, beofat,
Kelaversin faqat nurli saodat,
Hijron ayirmasin bizni siz bilan
Assalom, azizlar gul Navro‘z bilan!
Bu qadimiy an’anaviy bayram haqida bobolarimiz Abu Rayhon Beruniy “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar” asarida, Umar Xayyom “Navro‘znoma” da, Mahmud Koshg‘ariy esa “Devonu lug‘oti turk” asarida qimmatli ma’lumotlar yozib qoldirgan. Navro‘z bu O‘rta Osiyo xalqlarining qadimiy bayrami. U bahorgi kun va tun tengligi paytida, yani 21-22-mart kunlari nishonlanib, bayram 25-martga qadar davom etgan.
Qadimgi ajdodlarimiz tabiatni doim o‘lib-tirilib turadigan jonli narsa sifatida tasavvur qilganlar. Kuz mavsumidan boshlab tabiat asta-sekin o‘la boshlagan va qish faslida butunlay o‘lgan. Tabiatdagi bu o‘lim 20-martga qadar davom etgan. Biroq hamal oyi kirishi bilan tabiat yana amalga kira boshlagan – tirila boshlagan. “Hamal kirdi – amal kirdi” maqolining tarixiy asoslarida uzoq ajdodlarimizning o‘luvchi va tiriluvchi tabiat haqidagi tasavvurlari yotadi. Binobarin, o‘t-o‘lan, dov-daraxtlarning amalga kirishi tabiatdagina emas, balki jamiyatda ham jonlanishni boshlab bergan. Bevosita mana shu paytdan boshlab kun uzaya boshlab, tun qisqara boradi. Navro‘z atamasining asosida ham yangi yilning dastlabki, ya’ni yangi kuni ma’nosi yotadi.
Demak, Navro‘z bahor bayrami, tabiat va jamiyatdagi jonlanishning boshlanishidan darak beruvchi bayramdir. Shu boisdan ham O‘rta Osiyo xalqlari ushbu bayramni alohida tayyorgarlik, quvonch va tantana, to‘kin-sochinlik va ishtiyoq bilan nishonlashga intilgan. Chunki qadimgi ajdodlarimiz e’tiqodiga ko‘ra, har qanday voqeaning boshlanishi qanday bo‘lsa, uning yakuni ham shunday bo‘ladi. Navro‘z bayramiga alohida tayyorgarlik ko‘rish, to‘kin-sochinlik va shod-xurramlikka intilishning asosida ham bevosita ana shunday tasavvurlar yotadi.
Afsonalarga qaraganda, Odam Ato Momo havo bilan uchrashgan kun Navro‘z deb atalgan emish.
Navro‘zning tarixi shundan iborat,
Eshitdim bu haqida qizziq rivoyat.
Deydilar qadimda Jamshid degan shoh,
Qurdirgan o‘ziga chiroyli bir taxt.
Firdavsiyning “Shohnoma”sida yangi yil bayrami shoh Jamshid nomi bilan bog‘lanadi. Jumladan, Jamshid yurtga yaxshilik qilish maqsadida odamlarga kasb o‘rgatadi, temir eritib qurol yasatadi, ip yigirtirib kiyim to‘qitadi, imoratlar barpo qiladi, tabiblik sirlarini ochadi, kema yasaydi, bog‘ bunyod qiladi. Nihoyat, “ishlari gurkirab berganda meva” bir kuni taxt yasatib, unda osmonga ko‘tariladi. Ushbu afsonaga ko‘ra xuddi shu kuni Navro‘z nishonlangan.
Alisher Navoiy “Tarixi mulki ajam” (Ajam shohlari tarixi) asarida Jamshidning buyuk kashfiyotlari so‘ngida ulug‘ Navro‘z ixtiro qilinganligini bayon qiladi. Navoiy yozishicha Jamshid “Chihil minor” nomli odamzod ko‘rmagan va aql bovar qilmaydigan baland bino qurib… “ bu imorat tugandi, olam salomin va ashrov va ahbarin yig‘ib, anda azim jashn qildi. Ul vaqtkim, quyosh nuqta e’tiqodli rabiyg‘a taqvil qilib erdi ul binoda taxt ustig‘a o‘ltirib, adolat sayt va sadosin olamg‘a muntashir qildi va ul kunning otin navro‘z qo‘ydi.”
Darhaqiqat, Navro‘zning qachon va qanday vujudga kelganligini aniq ko‘rsatish qiyin bo‘lsa-da, shuni aytish mumkinki, bu bayram dono kishilar tomonidan kashf qilingan. Chunki Navro‘zning dunyoga kelishi chuqur ilmiy asoslangan koinot va tabiat qonuniyatlari, ya’ni quyoshning hamal burjiga kirishi, tun va kunning tenglashuvi, kunduzning uzaya boshlashi, tabiatda jonlanishning boshlanishi bilan bog‘liq bo‘lgan. Bu esa har qanday jamiyatda yil boshi qachon kelishidan qat’iy nazar Navro‘zni uyg‘onish bayrami sifatida nishonlash uchun asos bo‘lgan. Bundan tashqari, Navro‘zning chuqur ildizlariga murojaat qilsak, u eng qadimiy davrlarda – ibtidoiy odamlarning dehqonchilikka o‘tganidan so‘ng dalalarda yangi ish mavsumi boshlanishidan oldin o‘tkazilgan bahor bayramlariga borib taqaladi.
O‘zbek mavsumiy marosimlarining boshlanishi bevosita Navro‘z bayrami bilan aloqador. Navro‘z yangi yil, yilboshi deb ham yuritiladi. Ya'ni qish va yoz (ikki qutb)ning o‘zaro kurashuvi, qish tomonning yengilib, chekinishi natijasida kirib keladi, degan dualistik qarash ushbu marosimda eng tayanch tasavvur hisoblanadi. Navro‘zni kutib olish, tantana qilish jarayonida o‘tuvchi barcha marosim xalqalarida ana shu kurashni tasvirlashga, ifodalashga yo‘naltirilgan. Ushbu o‘rinda Farg‘onada o‘tuvchi Navro‘z bayrami haqidagi xitoy manbasidan keltirgan ko‘chirma muhim ahamiyatga ega: “Har yangi kelayotgan yilning boshida podsho va darg‘alar bosh xalq ikki guruhga bo‘lingan. Har bir guruh bittadan vakil saylab, unga jang kiyimlarini kiydirib o‘zaro jang qildirishgan, qolganlar esa raqib tamonga tosh-u kesaklar otib o‘z jangchilariga yordam berib turishgan. Jang tamonlarning biri halok bo‘lgunicha davom qilgan. So‘ngra jang natijalariga qarab yangi yilning qanday kelishini taxmin etilgan” (166. –S. 282–283).
S.P.Tolstov ushbu marosimni ibtidoiy xalqlar orasida keng tarqalgan ikki fratriyning marosimiy musobaqasi ekanligini yozar ekan, Sharqiy Turkistondagi Kuchi shahrida yangi yilni kutishda yetti kun davomida o‘tuvchi qo‘chqor, ot, tuya urishtirib yilning qanday kelishini aniqlash tantanalari va O‘rta Osiyodagi uloq (ko‘pkari) hamda turkmanlar orasidagi “ko‘k bo‘ri” to‘y marosimini ham ana shu tizimda tahlil etadi. (166. –S. 284).
Biz uchun e'tiborli jihat ushbu o‘rinda ko‘pkari (uloq) va ko‘k bo‘ri nikoh to‘yi marosimidagi bo‘ri va uloq (echki) obrazlaridir.
Ko‘k bo‘ri marosimida uloq yoki qo‘zichoqni (aslida uloq varianti to‘g‘ri) otda o‘ngarib qochayotgan kelinni kuyov o‘z jo‘ralari bilan ta'qib qilib, undan uloqni olib qo‘yishi kerak (Qozoqlar o‘rtasidagi qiz quvdi marosimi ham ana shu tizimda turadi. Faqat u o‘rinda uloq unutilgan). Ushbu marosimning tub asoslari ham yil fasllari o‘rtasidagi qutblar holati, kurashi va birligiga ulanadi. Uloq – ko‘klam, bo‘ri esa qish timsoli. Qiz – uloq – ko‘klam, yigit – bo‘ri – qish yaxlit tizimni tashkil etadi. Uloq (ko‘pkari) o‘yinining qish vaqti o‘tkazilish an'anasi ham bekor emas. Boysun tumanining olis qishlog‘ida Navro‘z kuni ijro etiluvchi “Gurgak” o‘yini ham bevosita ana shu tasavvurlarga bog‘liq (87. –B.148).
Qadim zamonlardan boshlab Ozarbayjon, O‘zbekiston, Eron, Afg‘oniston, Tojikiston va yana ko‘plab sharqiy o‘lkalarda bahorning – yangi yilning kelishini bayramlar bilan qarshi olishadi. Martning 21-sanasi Eron va Afg‘onistonda rasmiy taqvimning dastlabki kuni hisoblanadi. Bundan tashqari Iroq, Suriya, Bahrain, Livan, Pokiston, Hindiston, Tojikiston, Turkiya, Albaniya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston va boshqa yerlardagi fors va turkiy millatlar Navro‘z bayramini nishonlaydilar. 2009-yil 30-sentabrda Navro‘z YUNESCO tarafidan nomoddiy, madaniy meros ro‘yxatiga kiritilgan. 2010-yil 23-fevralda esa BMT bosh assambleyasining 64-sessiyasida 21-mart “Xalqaro Navro‘z kuni “ deb e’lon qilindi. Hali ham bu bayram davom etmoqda.
Sevimli bobokalon shoirlarimizdan biri Muhammad Rizo Ogahiy “Ilohi, har kuning Navro‘z bo‘lsun!” g‘azalida barchamiz uchun qadrli bo‘lgan Navro‘z bayramini kuylagan.
Ilohi, har kuning Navro‘z bo‘lsun!
Hamisha tole’ing feruz bo‘lsun!
Bo‘lub ayyomi navro‘zing muborak,
Zamiring inbisot anduz bo‘lsun!
Ogahiy bu g‘azalida Navro‘zni g‘oyat yuksak mahorat bilan tasvirlagan. G‘azalda tabiat manzaralari orqali inson tuyg‘ularini kuylash mahoratining yangi-yangi qirralari namoyon bo‘ladi. Navro‘z – tabiatda, siz bilan bizni boquvchi ona zaminda bahor uyg‘onadigan fasl, bobo dehqonning yerga urug‘ qadash, yosh-yalangning vujudi otash, qushlarning tili biyron, gullarning dili uryon bo‘ladigan fasl. Demakki, go‘zallik, bayram va quvonch fasli. Ogahiy o‘quvchisiga, siz bilan bizga har kunimiz Navro‘z bo‘lishini tilar ekan, bu bilan u har kunimiz doimo va faqat bayram-u tilaklari, eng avallo, har kunning yangi kun mohiyatiga monand yangi maqsadli, yangi mazmunli, yangi iqbolli bo‘lishiga tilakdoshlik ruhi bilan sug‘orilgan. Biz ham bugungi, kunda mustaqil diyorimizning, ona Vatanimizning har kuni shod-u xurramlikka to‘lib Navro‘z bo‘lib, baxt-u iqboli, toleyi baland va ravshan bo‘lishini istaymiz.
Navro‘z, eng avvalo, ezgulik elchisi! Bayram arafasida va bayram kunlari barcha bir-biriga mehr-muruvvat ko‘rsatishi, dehqonlarimiz yaxshi niyat bilan yerga urug‘ qadashi, otaxonlarimiz nabiralari, farzandlari bilan ko‘chatlar ekishi, mahallalarda bog‘ yaratish, obodonlashtirish ishlari avj olishi ham ezgulikka qaratilgan. Bu kun barcha ezgu niyatlar qilishadi. Qo‘lin duoga ochib yurtimizga tinchlik-totuvlik va farovon hayot tilashadi. Bu shodiyona kunda tilaklar amalga oshishiga albatta ishonishadi. Ayniqsa, bu kunda sumalak tayyorlash gashti bo‘lakcha. Barcha yosh-u qari yig‘ilib doshqozonlarda sumalak qaynatishadi, yaxshi niyatlar bilan sumalakni aralashtirishadi. Buvilarimiz sumalakka solingan har bir narsada ham tilaklar aytishadi. Aytishlaricha hattoki sumalakni yegan paytda tilak aytsa ham amalga oshar emish.
Xalqimizning milliy bayramlaridan bo‘lgan Navro‘z bayrami insoniyatni va ayniqsa yoshlarni umuminsoniylik, vatanparvarlik, mehnatsevarlik, iymon-e’tiqod, tinchliksevarlik, mehr-shafqatlilik ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadigan tarbiya maktabi sifatida ma’naviy boyligimiz va buyuk xazinamizdir.
Bugungi kunda mustaqilligimiz sharofati bilan bizga qaytgan qadiryatlarimiz bir-biridan aziz va mo‘tabar. Ammo ular orasida Navro‘z bayrami o‘zgachadir. Uning shukuhi-yu gashti bo‘lakcha. Mustaqilligimizdan oldin Sovet davrida Navro‘z bayramimiz O‘zbekiston va Markaziy Osiyoning boshqa qismlarida ochiq nishonlanmagan. Bir necha ming yillik tarixga ega bu bayram O‘zbekistonda, ayniqsa 1980-yillarga kelib rasman taqiqlangani haqida ma’lumotlar bor. Bizni tarix maydonidan millat sifatida yo‘qotmoqchi bo‘lgan mustabidlar Navro‘zi olamga tosh otgan edilar. Negaki, bu tantana millatimizning dunyoda ming-ming yildan beri yashab kelayotganini isbotlab turadi. Shu o‘rinda chor Rossiyaning Turkiston o‘lkasidagi general-gubernatori, zolim, bosqinchi Skobelevning: “Agarda sen biron-bir millatni yengmoqchi bo‘lsang, avvalo uning urf-odatini, dinini yo‘q qil, shundagina bu millat o‘z-o‘zidan tugaydi yoki senga taslim bo‘ladi.” degan so‘zlarini eslashning o‘zi kifoya. Bittagina sumalak atalgan sehrli taomning o‘zi ayollarimizning qurbi, qodirligidan belgi edi. Qo‘shiq aytib yomg‘ir chaqirgan, bir-biriga yaxshiliklar tilab eshikma-eshik boychechaklar ulashgan, qir-adirlarni gumburlatib, tuyog‘idan yulduz sachragan tulporlarni ko‘pkariga solgan xalqqa “gumroh, layoqatsiz, besavod” degan yomon yorliq taqish uchun millatimiz yovlari kalxatlarday Navro‘zimizga panja urdilar.
Xalqning xalqligi ayniqsa, haqoratlangan, hamiyatiga tegilgan lahzalarda namoyon bo‘ladi. Ota-bobolarimizning g‘olib ruhini, go‘zal yuragini, zahmatga moyil, ko‘klash, ko‘karish tarafida turgan ko‘ngli, jahdi, azmi, jazmini eslatib turuvchi bu bayramni saqlab qolish uchun o‘zbeklar tik oyoqqa qalqqan edi. Har qanday millatning ezgulik yo‘lida birlashishi yaxshilik bilan tugaydi deganlaridek, azaldan bizniki bo‘lgan Navro‘z abadga bizniki bo‘ldi. Mana, bu quvonchli so‘zni yana butun ishonch bilan takror aytayapmiz. Yana to‘lishgan, to‘liqqan tuproqqa urug‘ qadayapmiz. Yana yurtimizning musaffo osmonini to‘ldirib turnalar qaytayotir. Ozod bolalar yuragi varrak shaklida parvoz qilayotir. Chamanda qushlar ovozi, nay, karnay-surnaylar yurtimizda uyg‘onish fasli boshlanganini ovoza qilayotir. Bugungi kunda bu saodatli lahzalar-u beg‘ubor onlar uchun takror va takror shukronalar aytsak joiz deb bilaman. Yurtimizning chiroy ochib ravnaq topayotganligi, har sohada rivojlanayotganligi, ayniqsa bizning ko‘zqorachig‘imizdek bo‘lgan milliy urf-odatlarimizning avlodlardan-avlodlarga meros bo‘lib borayotganidan g‘oyat shodmiz desak bo‘ladi. Tinch, farovon yurtimizda Navro‘z bayramini har yili o‘zgacha ruh, kayfiyat ila olam-olam shodliklar-u quvonch ila kutib olamiz. Navro‘z arafasida yurtimizda turli xil tantana, sayllar tashkil qilinadi. Poklik va ozodalikni diliga tukkan yurtdoshlarimiz yurtning obodligiga o‘z hissalarini qo‘shadilar. Bu esa farovonlikning muhim asosidir. Chindan ham, bu go‘zal odat bir jihatdan birdamlikni ifoda etsa, ikkinchidan yurt obodligiga kamtarona xizmatimizni namoyon etadi.
Ajdodlarimiz Navro‘z bayramiga atab maxsus kiyimlar tikishgan va ularni kiyib, bayram qilishgan. Navro‘z bayramida ayniqsa bolalarning ishtiroki juda faol bo‘lgan. Ular Navro‘z bayramida turli ommaviy bayram o‘yinlari o‘ynagan. Ot o‘yin, chillak, qo‘g‘irchoq, tosho‘yin, lapar aytish va boshqalar shular jumlasidandir. Navro‘z taomlari ham o‘ziga xos bo‘lgan. Ular orasidan sumalak, halim, ko‘k so‘msa va boshqalarini tayyorlash an’anaviy tusga kirgan. Hali-hanuz bu taomlar har yili, Navro‘z arafasida tayyorlanadi. Bu ishlarda yosh-u qari birdek faol. Ayniqsa sumalak tayyorlash shukuhi o‘zgacha. “Sumalak” aslida o‘ttiz farishta degani. Sumalak pishayotganda qozon boshida o‘ttiz malak o‘tiradi. Oshpaz emas o‘shalar, pari-yu farishtalar pishiradi. Tong mahali hamma charchab uxlab qolganda farishtalar sumalakka tuz soladilar. Farishtalar qo‘lidan tuz yegan sumalak shirin bo‘ladi. Shuning uchun ham, sumalak – qutlug‘ osh, uni yegan savob oladi. Bu haqida men sumalak pishirayotganda, momo-buvilarimdan eshitgandim. Xullas, har bir urf-odat, an’analarimizni va taomlarimizni arzigulik o‘z tarixi va sir-asrorlari bor. Shu boisdan ham ularni qadirlay bilish bizning yuksak burchlarimizdandir.
Navro‘z ayyomining tarbiyaviy ahamiyati juda kattadir. Bu kun odamlar bir-birini muborakbod etadilar. Yoshlar ota-onalarini, qariyalarni, bemorlarni yo‘qlaydilar. Bir-birlari bilan arazlashib qolgan qo‘ni-qo‘shnilar yarashadilar.Odamlar bir-birlariga yaxshilik qilishga shirinsuxanlik bilan muomala qilishga oshiqadilar. Ko‘ryapsizki , Navro‘zning ma’naviy jihatlari shu kungaсha juda chuqur ildiz otgan O‘rta Osiyo xalqlari, shuningdek o‘zbeklar qadim zamonlardan buyon Navro‘zni yangi yilning boshlanishi deb quvonch bilan qarshi olib kelganliklarini, uni faqat o‘yin-kulgu bayrami emas, balki mehnat yilining boshlanishi ekanligini, bahorgi kecha-kunduz tengligi to‘g‘ri kelishini ham bilib oladilar. Navro‘z – xalqimizning sevimli bayrami. Navro‘z bayramini o‘tkazish yosh avlodni tarbiyalashda, xalqimiz ijodiyotining eng yaxshi namunalari misolida uning dunyoqarashini shakillantirishda katta ahamiyatga ega. Birgina Navro‘z emas, balki har qanday an’ana yoshlarni insonparvarlik, ezgulik ruhida tarbiyalahga yordam beradi.
Milliy bayramlarimiz arafasida ommaviy hashar o‘tkazish ezgu an’anaga aylangan. Bu yilgi hashar tadbiri ham shodiyonalariga hamohang tarzda o‘tkazilayotgani uning ahamiyatini yanada oshirmoqda. Xalqimizning insonlarni bir-biriga yaqinlashtiradigan, mehr-oqibat, xayr-saxovat, beg‘araz yordam kabi olijanob tuyg‘ularini keng targ‘ib etadigan qadriyatlari orasida hasharning o‘rni beqiyos.
Navro‘z – o‘zbek xalqining tabiat, yer va uning in’omlariga bo‘lgan muhabbatining o‘ziga xos in’tiqosidir. Shunga ko‘ra, u o‘zida nihoyatda katta tarbiyaviy imkoniyatni mujassamlashtiradi hamda insonlarda mehnatsevarlik, o‘zaro hurmat, muhabbat, ezgulik, adolat, do‘stlik kabi ijobiy fazilatlarni mustahkamlashga imkon yaratadi. Ushbu bahor va mehnat bayramida dehqonlar yerga dastlabki urug‘ni qadashadi, mevali va manzarali daraxt ko‘chatlarini o‘tqazishib, yerni bezashga harakat qilishadi, toki bu ijobiy ishlar insonlarga ezgulik keltirishiga, ularning qalbida ishonch va umid tuyg‘ularining shakllanishiga olib keladi.
Qadimgi an’analarga ko‘ra, Navro‘z ayyomi arafasida kishilar ko‘cha va hovlilarni tartibga keltirish, hasharlarda ishtirok etish, daraxtlarni qurigan shox-shabbalardan tozalash va oqlash, ko‘chat hamda gullar o‘tqazish, xushchaqchaq va shodumon yurish, bir-birlariga yaxshi niyatlar tilash kabi shartlarni bajarganlar. Shu bois qadimdan e’zozlanib kelgan, avldoddan-avlodga meros bo‘lgan tabiatning ustuvor qudrati va cheksiz saxovati ramzi bo‘lgan go‘zal Navro‘z bayrami tarovatini yosh avlodga yetkazish, ular onggiga qadimiy va mo‘tabar an’analarimizga hurmat, tabiatga yaqinlik va uni e’zozlash xislatlarini singdirish muhimdir. Navro‘z bayramining mazmun-mohiyati bilan yosh avlodlarni tanishtirish ayni muddao bo‘lardi. Navro‘z inson zotini tabiat bilan doimo uyg‘un va hamohang bo‘lib yashashga da’vat etadigan, o‘zaro mehr-oqibat, qadr-qimmat, xayru saxovat ramzi va belgisidir.
Ayni Navro‘z faslida barchamiz o‘zimizning tabiat farzandi ekanimizni, xalqimizga xos milliy qadriyat va an’analar nechog‘li teran va sermazmun, madaniyatimiz naqadar boy ekanini butun qalbimiz bilan anglaymiz va beixtiyor yuragimiz g‘urur va iftixorga to‘ladi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida ushbu ezgu milliy an’anamizni asl holicha asrash va kelgusi avlodlarga yetkazishga qaratilayotgan doimiy e’tibor tufayli uning hayotimizdagi o‘rni va ahamiyati tobora kengaymoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |