Og'ir atletika
Og‘ir atletika — sport turi, har xil vazn toifalarida og‘ir narsalar (shtanga, tosh) ko‘tarishda musobaqalashish. Og‘irliklarni ko‘tarish mashklari qadimgi zamonlardan ma’lum. Rasmiy musobaqalar esa 1860-yillardan (birinchi marta AQShda) o‘tkazib kelinadi. Hozirgi vaqtda shtangani ikki qo‘llab dast va siltab ko‘tarish (1972 yildan) Og‘ir atletikaning asosiy mashqlari hisoblanadi. Dast ko‘tarishda sportchi shtangani to‘xtatmay bir harakat bilan, siltab ko‘tarishda - ketma-ket ikkita harakatda - avval ko‘krakka olish, keyin esa yuqoriga cho‘zilgan qo‘llarga ko‘tarishni amalga oshiradi. Og‘ir atletikachilarni (1977 yildan) 10 vazn toifasiga (52 kg gacha - 110 kg dan yuqori) ajratadilar. Og‘ir atletika 1896 yildan Olimpiada o‘yinlari (1900, 1908, 1912 yildan tashqari) dasturiga kiradi. 1896 yil 1-Evropa chempionati, 1898 yil 1-jahon chempionata bo‘lib o‘tgan.
O‘zbekistonda birinchi Og‘ir atletika to‘garagi 1917 yilda Toshkent shahrida ochilgan, u «Toshkent og‘ir atletika jamiyati» deb atalgan. O‘zbekistonda Og‘ir atletikaning asoschisi Feoktist Gorizdro hisoblanadi. O‘zbekistonda Og‘ir atletika federatsiyasi 1992 yildan faoliyat ko‘rsatadi. U Xalqaro Og‘ir atletika federatsiyasi — IWF ga (1993), Osiyo Og‘ir atletika federatsiyasiga (1994) a’zo.
O‘zbekiston Og‘ir atletika federatsiyasi har yili kattalar va yoshlar o‘rtasida O‘zbekiston birinchiligi musobaqalarini o‘tkazadi. Andijon, Toshkent viloyatlari, Toshkent va Samarqand shaharlarida Og‘ir atletika keng ommalashgan. Og‘ir atletika sektsiyalarida 7000 ga yaqin kishi muntazam shug‘ullanadi. Xalqaro toifadagi sport ustalari Erkin Karimov (jahon rekordchisi, 1968), Isroil Isoqov, Noil Muxamadyorov (olimpiada o‘yinlarining kumush medali sovrindorlari, 1988), Sergey Sirtsov (jahon chempioni, 1991, Olimpiada o‘yinlarining kumush medali sovrindori, 1992), Igor Sodiqov (jahon chempioni, 1991) va O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan sportchi Igor Xalilov (yoshlar o‘rtasida Yevropa, jahon chempioni, 1992, Osiyoning 2 karra chempioni 1997, 2000) O‘zbekistonning eng kuchli Og‘ir atletikachilaridir.
Kurash
Kurash - sport turi, belgilangan qoidaga muvofiq ikki sportchining yakkama-yakka olishuvi. Kurashish san’ati ko‘p xalqlarda qadim zamonlardan buyon ma’lum. Kurash ayniqsa Yunonistonda keng tarqalib, qadimgi olimpiada musobaqalaridan doimiy o‘rin olib kelgan. Milliy Kurashning xilma-xil ko‘rinishlari Gretsiya, Italiya, Yaponiya, Turkiya, Eron, Afg‘oniston, Rossiya, O‘zbekiston, Gruziya, Armaniston, Ozarbayjon, Qozog‘iston va boshqa mamlakatlarda mavjud.
Zamonaviy sport Kurashining asosiy qoidalari 18-asr oxiri 19-asr boshlarida Yevropaning bir necha mamlakatlarida ishlab chiqildi. 1912 yil Xalqaro havaskorlar kurash federatsiyasi (FILA) tuzildi (hozir unga 144 mamlakat, O‘zbekiston 1993 yildan a’zo). Xalqaro maydonda sport Kurashining yunonrum kurashi, erkin kurash, dzyudo, sambo va boshqa turlari keng tarqalgan. Keyingi yillarda o‘zbek Kurashi ham alohida Kurash turi sifatida dunyo miqyosida tan olina boshlandi. Kurash insonni kuchli, epchil, chidamli va irodali qilib tarbiyalash vositalaridan biri hisoblanadi. Shifokorlar nazorati ostida 12 yoshdan Kurash bilan shug‘ullanishga ruxsat etiladi. Kurash azaldan o‘zbek turmush tarzining uzviy qismi bo‘lganligini arxeologik topilmalar, tarixiy qo‘lyozmalar tasdiqlaydi. Qadimgi Baqtriya (O‘zbekiston janubiy) hududidan topilgan jez davriga oid silindrsimon sopol idishda ikki polvon va ulardan biri ikkinchisini chalayotgani tasvirlangan. Shu davrga mansub boshqa arxeologik topilmada esa polvonlarning Kurash usullarini namoyish qilayotgani aks ettirilgan. Bu noyob topilmalar miloddan 1,5 ming yil ilgari ham Kurash ajdodlarimiz turmush tarzining bir qismi bo‘lganidan dalolat beradi. Yunon yozuvchisi Klavdiy Elian (2-3-asr) va boshqa tarixiy shaxslarning yozishicha, shu hududda umr kechirgan sak qabilasi qizlari o‘zlariga kuyovni yigitlar bilan kurashib tanlaganlar. Keyinchalik qizlar kuyovni shart ko‘yish yo‘li bilan aniqlashgan va bu shartda Kurash musobaqasi bo‘lgan. Bunga o‘zbek xalq qahramonlik dostoni - «Alpomish»dagi Barchin shartlarini misol qilib ko‘rsatish mumkin. Ibn Sino «Tib qonunlari» asarida yozgan: « Kurashning turlari ham bor Ulardan biri ikki kurashuvchining biri o‘z raqibining belbog‘idan ushlab o‘ziga tortadi, shu bilan birga o‘z raqibidan qutulishning chorasini qiladi...». Bu ta’rif zamonaviy Kurash qoidalariga yaqindir. Shuningdek, Mahmud Koshg‘ariyning «Devonu lug‘otit turk», Alisher Navoiyning «Hamsa», «Holoti Pahlavon Muhammad», Zayniddin Vosifiyning «Badoye’ ul-vaqoye’», Husayn Voiz Koshifiyning «Futuvvat-nomai sultoniy», Zahiriddin Muhammad Boburning «Boburnoma» asarida Kurash hakida qimmatli ma’lumotlar bor. 9-16-asrlarda Kurash xalq o‘rtasida keng ommalashgan. Shu davrda Pahlavon Mahmud, Sodiq polvon qabilar Kurash dovrug‘ini oshirishgan.
O‘zbek xalq yakka kurashining belbog‘li kurash deb nomlangan turi ham bor. Unga ham taalluqli ko‘plab arxeologik topilmalar va tarixiy qo‘lyozmalar mavjud. Bundan 5 ming yil ilgari davrga mansub qadimgi Mesopotamiya hududidan topilgan haykalchada belbog‘li kurash usulida musobaqalashayotgan polvonlar tasvirlangan. Xitoyning qadimgi «Tan-shu» qo‘lyozmasida Farg‘ona vodiysida to‘ylar, sayllar Kurash musobaqalarisiz o‘tmasligi yozilgan. Ahmad Polvon, Xo‘ja polvon va shu kabi Kurashning ana shu turida shuhrat qozonishgan (19-asr oxiri - 20-asr boshi). Chorizm istilosi va sho‘rolar davrida o‘zbek milliy Kurashini xalq turmush tarzidan sun’iy ravishda siqib chiqarishga harakat qilindi. 20-asrning 90-yillari oxiriga kelib bu urinishlarga barham berildi.
1991 yilda kurashchilar sulolasi vakili, bir necha Kurash turlari bo‘yicha xalqaro miqyosda sport ustasi Komil Yusupov o‘zbekcha Kurashning xalqaro andozalarga moslangan quyidagi qoidalarini ishlab chikdi: Kurash tushuvchilar 14x14 m dan 16x16 m gacha bo‘lgan, chetroq qismi qizil rangli «xavfli chiziq» bilan belgilangan ko‘k-yashil tusli Kurash gilamida tik turgan holatda bellashadilar. G‘olib ishlatilgan usullar va maydondagi hatti-harakatlariga qo‘yiladigan baholarga qarab aniqlanadi. Kurashda bo‘g‘ish, raqibga og‘riq beruvchi usullar qo‘llashga ruxsat etilmaydi, kurashuvchilarning biri ko‘k, ikkinchisi yashil rangli yaktak (ayollar yaktak ichidan oq rangli futbolka) kiyadi, belga eni 4-5 sm li tasma (belbog‘) bog‘lanadi, erkaqlar 60, 66, 73, 81, 90, 100 kg va 100 kg dan ziyod, ayollar 48, 52, 57, 63, 70, 78, va 78 kg dan ziyod vazn toifalarida kurashadilar (bolalar, o‘smirlar, o‘spirinlar, yoshi ulug‘lar va qizlar musobaqalarida ham yosh xususiyatlari hisobga olingan holda vazn toifalari belgilanadi). Xalqaro kurash assotsiatsiyasi (IKA)ning 2003 yil Toshkentda o‘tgan kongressi har bir uchrashuvning qizg‘in bo‘lishini ta’minlash maqsadida rasmiy musobaqalarda bellashuv vaqtini 3 minut qilib belgiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |