2 - bosqich (1970 yillar o‘rtalari). Bu davrda yaratilgan informatsion sistemalarda ma’lumotlar shunday jamlanar ediki, ulardan turli masalalarni hal qilishda foydalanish imkoni yaratildi. Bir guruhga mansub masalalar uchun umumiy bo‘lgan funksiyalar ishlab chiqildiki, ular yordamida ma’lumotlarni izlash, tartiblash va masalada foydalanish uchun kerakli shaklga o‘tkazish imkoniyati yaratildi. Ammo ko‘p hollarda ma’lumotlar majmuilarini birlashtirish kerakli samarani bermadi, chunki bunda kerakli ma’lumotni izlash murakkablashib ketdi. Mazkur sistemalarning asosiy kamchiliklaridan biri shundaki, unda ham ma’lumotlarning takrorlanishi mavjud bo‘lib, bu EHM ning tashqi va ichki xususiyatlariga katta talablar qo‘ydi. Bundan tashqari ma’lumotlar o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik o‘ta murakkab informatsion sistemalarni yaratishni talab etar edi.
3 - bosqich (1970 yillar oxiri - 1980 yillar boshlari). Bu davrda yaratilgan informatsion sistemalar uchinchi avlod mashinalarining paydo bo‘lishi bilan bevosita bog‘liq, chunki bu mashinalardagi xotira ma’lumotga bevosita murojaat qilish, ma’lumotlarni integrallashgan (mujassamlashgan) usulda yig‘ish va saqlash xususiyatiga ega edi. Mazkur bosqichda yaratilgan informatsion sistemalarning muhim xususiyati shundaki, bir paytda bir necha foydalanuvchi sistemadagi ma’lumotlarni o‘z masalasi uchun qo‘llashi mumkin edi. Bunga EHM operasion sistemasini rivojlantirish hisobiga erishildi. Endi amaliy dasturlar shakliga ma’lumotlarning xotirada qay ko‘rinishda joylashganligi ta’sir ko‘rsatmaydigan bo‘ldi.
4 - bosqich (1980 yillardan keyingi davr). Bu davrda yaratilgan informatsion sistemalarning asosiy xususiyatlari shundaki, turli amaliy masalalarni hal qilishda ularni ma’lumotlar bilan ta’minlashni avtomatlashtirishdan iborat. EHM ning bir necha prosessorli, axborotlarni turli shaklda saqlash imkoniyatiga ega bo‘lgan rusumlari hamda katta imkoniyatli aloqa vositalari yaratilganligi informatsion sistemalarni sifat jihatdan yangi shaklda yaratilishini ta’minlamoqda.
Y uqorida sanab o‘tilgan muammolar ma’lumotlar jamg‘armasini yaratish bilan o‘z yechimini topmoqda. Bunda saqlanayotgan informasiyaga birvarakay bir necha foydalanuvchi murojaat qilishini tashkil etish avvalgiday bevosita emas, balki axborotlar omborini boshqarish sistemalari (AOBS) orqali amalga oshirilmoqda.
Hozirgi paytdagi aksariyat informatsion sistemalarni ishlatishda foydalanuvchi o‘z amaliy dasturida ishlatiladigan ma’lumotlarni tavsiflay, tartiblay olishi hamda biror dasturlash tilini bilishi talab qilinadi.
Kelajakda informatsion sistemalar uchun yaratiladigan ma’lumotlar omborini boshqarish sistemalar foydalanuvchining amaliy dasturida ma’lumotlarning shakli va xotirada jismoniy, mantiqiy joylashuvidan hamda biror dasturlash tilidagi ko‘rsatmalar grammatikasidan bog‘liq bo‘lmaydi.
Bunday ma’lumotlar omborini boshqarish sistemalari yaratishda ma’lumotlarning nafaqat jismoniy ko‘rinishi, balki ular o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik informatsion munosabatlar orqali ifodalanishi talab etiladi.
Informatsion sistemalarning taraqqiyot shajarasini quyidagi shakldagi kabi ifodalash mumkin:
Aloqa vositalari, dasturli ta’minotning, kompyuter texnikasining yangi pog‘onalarga ko‘tarilisi informatsion sistemalarning yanada mukammallashgan shakillari yaratilishiga olib kelmoqda. Bugungi kunda yaratilayotgan va qo‘llanilayotgan informatsion sistemalar avvalgi avlodlaridan ham texnik, ham dasturli, ham katta miqdordagi axborotlarni qayta ishlay olishi bilan tubdan farq qiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |