INFORMATIKA O’QITISHNING ASOSIY DIDAKTIK TAMOYILLARI Reja: 1.Tizimli va izchil bayon qilish tamoyili
2.Tushunarlilik va ko’rgazmalilik tamoyili
3.Ilmiylik va nazariyaning amaliyot bilan bog’lanish tamoyili
4.Bilimlarni mustahkam o’zlashtirish va faollik tamoyili
Ta’lim tamoyillari deb - o’qituvchi tomonidan ta’lim jarayonida ta’lim oluvchilarga o’quv rejasi va o’quv dasturlari talablari asosida u yoki bu fandan bilim berish, malaka hosil qildirish hamda iqtidorli qilishga qo’yiladigan asosiy qoidalar majmuiga aytiladi.
Buyuk pedagoglar YA.A.Komenskiy, J.J.Russo, CH.R.Pestalotssi, V.Disterverg, K.D.Ushinskiy va boshqalar o‘z asarlarida ta’lim (didaktika) tamoyillarini asoslab bergan edilar.
Maxsus fanlar bo’yicha o’quv mashg’ulotlariga tayyorgarlik ko’rishda didaktik tamoyil (printsip) talablarini hisobga olish zarur. Bunda maxsus fan o’qituvchisining o’qitish qonuniyatlarini bilishliligini emas balki, ulrni amalga oshirish (tushuntira olish) uchun qulay sharoitlar yaratishi ham muhim ahamiyat kasb etadi. Bunga esa o’quv jarayonini tashkil etishda o’qitishning asosiy tamoyillariga tayanish kerakligini anglagan taqdirdagina erishish mumkin. Bu tamoyillar didaktikada ta’lim tamoyillari yoki didaktik tamoyillar deb ataladi.
Didaktika (yunoncha didaktikos — o‘rgatuvchi, ta’lim beruvchi) — pedagogikaning tarmog‘i hisoblanib, u ta’lim nazariyasi bilan shug‘ullanadi. “Didaktika” atamasi ilk bor Evropada 17-asrda o‘qitish va ta’lim jarayoni haqida asarlar yaratgan olimlar tomonidan qo‘llanila boshlagan. CHex pedagogi YA.A.Komenskiy o‘zining «Buyuk didaktika» asari (1657 yil)da bolalar va o‘smirlarni ma’lumotli qilish va ularga ta’lim berishning didaktik jihatlarini ishlab chiqdi. Nemis pedagogi A.Disterveg o‘zining “Nemis ta’lim beruvchilarini ma’lumotli qilishga rahbarlik” (1834-1835 yy.) asarida didaktikaning pedagogikada ta’lim nazariyasini bayon etuvchi alohida qism ekanligini ta’kidlagan. Shundan keyin didaktikaga ta’lim nazariyasi haqidagi fan sifatida qarash keng yoyildi. Hozirgi zamon pedagogikasida didaktikaga ta’lim va ma’rifat berish nazariyasi bilan shug‘ullanadigan alohida soha sifatida qaraladi. Ta’lim mazmunini aniqlash, ta’lim jarayoni qonuniyatlarini ochish hamda o‘qitishning eng samarador usul va yo‘llarini topish didaktikaning asosiy muammolaridir. Didaktikaning mohiyatini belgilash, yo‘nalishini aniqlashda falsafiy-nazariy asosning o‘rni katta. Didaktika umumiy psixologiya, o‘qitish psixologiyasi hamda bilish nazariyasi bilan uzviy bog‘liq. Bu fanlarning har biri ta’lim oluvchining bilish faoliyati va uni amalga oshirilish jarayoni to‘g‘risida alohida bilim beradi.