Odamning o’sishi
Odam organizmining umumiy o’sishi rivojlanish bosqichiga bog’liq. Maksimal o’sish tezligi embrion rivojlanishining dastlabki 4 oyida sodir bo’ladi. Chunki bu davrda hujayralar intensive bo’linib ko’payadi. Embrion o’sgan sari mitoz soni kamayib boradi. 6 oydan keyin embrionda yangi muskul va nerv hujayralari hosil bo’lmaydi (faqat neyrogliya hosil bo’ladi).
Muskul hujayralarining bundan keyingi rivojlanishi davrida hujayra yiriklashadi, tarkibi o’zgaradi, hujayralararo moddalar yo’qoladi. Bu mexanizm ba’zi to’qimalarda postnatal o’sish davrida ham sodir bo’ladi. Organizm ontogenezining postnatal o’sishi 4 yoshga borganda sekinlashadi, ma’lum vaqt bir tekis o’sish kuzatiladi. Jinsiy voyaga yetish davrida (pubertat davrda) osish tezlashadi, ya’ni sakrash kuzatiladi. Bunday o’sish gormomlar ta’sirida sodir bo’ladi (119-rasm).
Ko’pchilik suyaklar va muskullar o’sishi butun organizm o’sishiga to’g’ri keladi. 120-rasmda gavdaning umumiy o’sishi va organlar o’sishi (III), tashqi va ichki jinsiy organlar o’sishi (IY), bosh miya, ko’z, quloq o’sishi (II), limfatik to’qima, ichaklar va uning chuvalchangsimon o’simtasi va taloq o’sishi (I) ko’rsatilgan.
Homila va postnatal davrlarda bosh qism o’sishi oyoq o’sishiga nisbatan sekinlashadi.
Osish mexanizmi
Qarish organizmdagi bir-biriga bog’liq bo’lgan, yoshga aloqador uzluksiz o’zgarishlar natijasidir.
Ba’zi olimlarning fikricha, oqsillar o’zgarishi va moddalar almashinuvining boshqa o’zgarishlari tufayli zaharli moddalar hosil bo’lib, osish jarayoniga salbiy ta’sir ko’rsatadi.
Ontogenezning muhim omillaridan biri molekulada bo’ladigan o’zgarishlardir. 3 yoshdan 40 yoshgacha nerv hujayralarida RNK molekulalarining soni ortib boradi, 40 yoshdan 55-60 yoshgacha o’zgarmay turadi, keyin kamayib boradi. Yosh ortishi bilan organizm hujayralaridagi DNK, RNK molekulalarida o’zgarishlar sodir bo’ladi, endoplazmatik to’rning tarkibi o’zgaradi. Sitoplazmadagi poliribosomalar soni o’zgarib boradi, ya’ni yoshlik davrida poliribosomalar ribosomalarning 83% ini tashkil etsa, qarilikda esa 72% ini tashkil etadi. Mitoxondriyalarning funksiyasi pasayadi. O’sishning intensiv davrida mitoxondriyalarning yangilanish jarayoni kuzatiladi. Organizm qariganda esa mitoxondriyalar alohida kompleks hosil qilib, yadrodan uzoqlashadi. Organizm hujayralarining ayrimlari bir necha minut yoki soat, boshqalari uzoqroq yashaydi.
O’sish barcha organizmlar, jumladan, odam organizmi uuchun ham xos bo’lgan xususiyatdir. I.M.Sechenov:”organizm tushunchasiga tashqi muhit tushunchasi ham kiradi”,degan edi. Chunki organizm tashqi muhitsiz yashay olmaydi va o’sish ham sodir bo’lmaydi. Umumiy o’sish gavda skeletining o’sishiga bog’liq.
Organizm bir-biriga bog’liq bo’lgan qonuniyatlar asosida o’sadi. Shunga qaramasdan, ba’zan tez o’sadi yoki o’sishdan orqada qolish ham kuzatiladi.Odamda o’sish jismoniy rivojlanish ko’rsatkichlari bilan aniqlanadi. Bunday ko’rsatkichlarga bo’yning o’sishi, og’irlik, bosh aylanasi, ko’krak qafasi aylanasi kiradi.
Homilaning o’sishi. Homiladorlikning birinchi haftasida embrion qobig’i rivojlanadi. Birinchi oyning oxiriga borib, embrionning kattaligi 10 mm ga yetadi, ikkinchi oyning oxirida 3 marta, to’rtinchi oyning oxirida 30 marta kattalashadi. To’qqizinchi oyning oxirida 470 mm bo’ladi. Homila vazni tez ortadi. 3 oylikda 20 g, 6 oyligida 600-700 g, 9 oyligida 2400-2500 g dan ortiq bo’ladi.
Gavda og’irligining yoshga qarab o’zgarishi. Yangi tug’ilgan qiz bolaning o’rtacha vazni 3,3 kg, o’g’il bolaning vazni esa 3,4 kg bo’ladi. Bolaning vazni tug’ilgandan keyin birinchi oyda 600 g, ikkinchi oyda 800 g ortadi.Bir yoshar bolaning vazni 6-7 kg bo’ladi. Ikkinchi yoshda bola vazniga 2,5-3,5 kg qo’shiladi. 4-6 yoshlarda bola vazniga har yili 1,5-2 kg qo’shilib boradi. 7 yoshdan boshlab bolalarning vazni tez ortib boradi. Ayniqsa, jinsiy balog’atga yetish davrida har yili o’smir vazniga 6-7 kg qo’shilib boradi.
Bolalarda yoshga qarab bo’yning o’zgarishi. Yangi tug’ilgan bolaning bo’yi 48-50 sm boladi. Bir yilda bolaning bo’yi 25 sm o’sadi. Ikki, uch yoshda bolaning bo’yi har yili 8 sm dan o’sadi, 4 yoshdan 6 yoshgacha har yili 5-7 sm o’sadi. Jinsiy balog’at yoshida har yili o’smirning bo’yi 7-8 sm gacha o’sadi. O’sishning asosiy qismi, ya’ni 90% i 15-16 yoshgacha va qolgan 10% i 20-25 yoshga to’g’ri keladi. 25-50 yosh o’rtasida bo’yning uzunligi deyarli bir xil saqlanadi. Undan keyin har 10 yilda 1-2 sm dan kamayib boradi. Buning sababi shundaki, umurtqalar o’rtasidagi tog’aydan iborat disklarning zichlashishi va yupqalashuvi hamda odamda jismoniy harakatlar kamayishi natijasida suyak-muskul to’qimalarining hajmi kichrayadi.
Bosh aylanasi va ko’krak qafasi o’lchamlarining yoshga qarab o’zgarishi. Yangi tug’ilgan bola boshining aylanasi ko’krak qafasining aylanasidan ortiq bo’ladi. Yangi tug’ilgan bola boshining aylanasi 34 sm, ko’krak qafasi aylanasi 33 sm bo’ladi. Bola hayotining birinchi yilida boshining aylanasi 12 sm o’sadi, keyin har yili 2 sm dan ortib boradi, 6 yoshda 51 sm, 10 yoshda 52 sm, 15-16 yoshda 53 sm bo’ladi. Katta yoshda 53-60 sm bo’ladi.
Tana proporsiyasining o’zgarishi. Yangi tug’ilgan bola boshining uzunligi tana umumiy uzunligining 1/4, 2 yoshda 1/5, 6 yoshda 1/6 qismini tashkil etadi. Yangi tug’ilgan bola qo’llarining uzunligi oyoqlar uzunligiga teng bo’ladi.
Boshqa organlarga nisbatan bosh miya tezroq o’sadi. Yangi tugilgan bolada katta odamnikiga nisbatan bosh miyaning vazni 25%, 6 oyligida 50%, 2,5 yoshda 75%, 5 yoshda 90%, 10 yoshda 95% ni tashkil etadi.
Butun ontogenez davrida embrion davriga nisbatan oyoqlar uzunligi 5 marta, qo’llar uzunligi 4 marta, gavda uzunligi esa 3 marta ortiq o’sadi.
Bola bir yoshgacha juda tez o’sadi. Ayniqsa, balog’at yoshida bo’y, og’irlik, ko’krak qafasining aylanasi jadal o’sadi. 10-13 yoshda qizlarning, 12-15 yoshda o’g’il bolalarning vazni ortishi tezlashadi. Qizlarda bo’yning o’sishi 17-18 yoshida, o’g’il bolalarda 19 yoshda to’xtaydi. 11 yoshgacha qiz bolalarning o’sishi o’g’il bolalar bilan bir xilda boradi, keyin qiz bolalar tezroq o’sadi, 15-16 yoshdan esa o’g’il bolalar qiz bolalarga nisbatan tez o’sa boshlaydi. Bolalarning jismoniy va aqliy jihatdan o’sishi va rivojlanishida turmush tarzi, mehnat faoliyati, jismoniy mashqlar, kasalliklar bilan og’riganligi muhim ahamiyatga ega.
Bundan tashqari, ob-havo, iqlim, quyosh radiasiyasi ham bolalar o’sishi va rivojlanishiga ta’sir ko’rsatadi. Bolalar yoz faslida tez o’sadi. Agar bola jismoniy chiniqqan bo’lsa, sog’lom va tez o’sadi, organlari bir-biriga mutanosib taraqqiy etadi. Masalan, bolalarning nafas olish organlarining takomillashuvi yurak-qon tomirlar sistemasining rivojlanishiga, nerv sistemasi funksiyalarining takomillashuviga, harakat organlari faoliyatiga ijobiy ta’sir etadi. O’sish va rivojlanish organizmda sodir bo’ladigan assimilyasiya va dissimilyasiya jarayonlari asosida yuz beradi. Katta odamda bu jarayonlar tenglashgan bo’lsa, o’sayotgan organizmda assiimulyasiya dissimulyasiyaga nisbatan jadal kechadi.
Odam gavdasining o’sishi va hajmining ortib borishini pedagog, vrach, antropolog va sosiologlar o’rganadi. Bu jarayon jismoniy rivojlanishdagi siljish yoki akselerasiya (tezlanish) deyiladi. Akselerasiya yosh avlodning jismoniy va ruhiy jihatdan tez o’sishidir.
Olimlar bolalar o’sishida keyingi yuz yil davomida ijobiy siljishlar bo’lganligini kuzatmoqdalar. Jumladan, keyingi yuz yil davomida yangi tug’ilgan chaqaloqlarning bo’yi 5-6 sm ga, kichik va o’rta maktab yoshidagi bolalarning bo’yi 10-15 sm ga, vazni esa 8-10 kg ga ortgan.
Hozirgi davrda katta yoshdagi odamlar gavda o’lchamlarining ortishi, odam umrining uzayishi, hayz ko’rish kechroq tugashi, ruhiy funksiyalar va odam rivojlanishidagi boshqa o’zgarishlar kuzatilmoqda.
Ba’zi olimlar ultrabinafsha nurlarining kuchli ta’siri bolalarning tez o’sishiga sabab bo’lmoqda, deb aytsalar, boshqalari magnit to’lqinlarining ichki sekresiya bezlariga ta’siri o’sishga olib kelishini aytmoqdalar. Yana boshqalar o’sishni kosmik nurlarga bog’lamoqdalar. Oqsillar, yog’lar, mineral tuzlar va vitaminlarga bo’lgan ehtiyojining ortishi va genetik omillarni ham inobatga olish kerak, degan mulohazalar ham bildirilmoqda.
Akselerasiya jarayonining ijobiy va salbiy tomonlari bor. Akselerasiya tufayli odamning umri uzayadi, ruhiy barkamol bo’ladi.
Kichik maktab yoshidagi bolalarning muskul harakatlari aniq, nozik va uyg’un bo’la boradi. 6-7 yoshda nerv sistemasining yurak ishiga tormozlovchi ta’siri kamayib boradi. 15-16 yoshda sut tishlar o’rniga doimiy tishlar chiqib bo’ladi. O’rta maktab yoshida bosh miyadagi harakat zonalari ham rivojlanib bo’ladi. Nafas olish soni doimiylashadi, puls siyraklashadi, moddalar almashinuvi ancha pasayadi.
O’smirlik davrida bo’y o’sishi, muskullar vaznining ortishi, muskul tolalarining ko’payishi kabi holatlar kuzatiladi. Bu davrda bosh va orqa miyaning vazni kattalar bosh va orqa miyasining vazniga tenglashadi.
Turli yoshdagi bolalarda morfologik, fiziologik o’zgarishlarni o’lchash antropometriya deyiladi. Bolalarning bo’yi, vazni, ko’krak qafasining aylanishi,yelkasining kengligi, o’pkaning tiriklik sig’imi va muskullarning kuchi asosiy antropometrik ko’rsatgichlar hisoblanadi. Katta yoshli odamning vazni yangi tug’ilgan bolaning vazniga nisbatan taxminan 20 marta og’ir bo’ladi. Katta yoshli odamda yangi tug’ilgan bolalarga nisbatan yurakning vazni 15, muskullar vazni esa 15-40 marta ortiq, miyaning vazni yangi tug’ilgan bolada 390 gr bo’lsa, katta odamlarda 1480 g bo’ladi.
Ba’zi organlarning vazni umrining oxirigacha o’zgarmaydi. Eshitish organidagi suyakchalar va yarim aylana kanalchalar shunga kiradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |