Patronaj- ijtimoiy pedagogik ish shakllaridan bo’lib, unda ijtimoiy pedagog tashhiz, nazorat va reabilitatsiya maqsadlarida oilaga tashrif buyuradi. Bu esa oila bilan uzoq muddatli aloqalarni ushlab qolishga zamin yaratadi. Patronaj oilani uning tabiiy sharoitlarida kuzatishga imkon beradi. Patronajning o’tkazilishi bir qancha tamoyillarga amal qilishni talab qiladi. Bular: yordamni ixtiyoriy qabul qilish, konfidensiallik va boshqalar. SHuning uchun oilani avvaldan tashrif to’g’risida xabardor qilish lozim.
Patronajlar tanlangan ish strategiyasiga qarab doimiy va bir martalik bo’ladi. Doimiy patronajlar avvalambor g’ayri ijtimoiy oilalarga nisbatan qo’llanilishi lozim. CHunki ularni doimiy nazorat qilish intizomga chaqiradi. SHu bilan birga vujudga kelayotgan inqirozli holatlarni aniqlash imkonini beradi.
Patronaj bilan bir qatorda ijtimoiy pedagogik faoliyatda oila bilan ish olib borishning muhim shakllaridan biri–bu konsultativ suhbat o’tkazishdir. Konsultatsiya asosan hayotiy masalalarni hal qilishda qiyinchiliklarga duch kelayotgan sog’ odamlarga mo’ljallangan. YAkka tarzdagi konsultatsion suhbatlar bilan bir qatorda oila bilan ishlashning jamoaviy shakllari-treninglar ham o’tkazilishi mumkin.
Ijtimoiy pedagogik trening amaliy psixologiyaning jamoaviy psixologik ish olib borishni faol metodlaridan foydalanishga asoslangan sohasi sifatida ta’riflanadi.
SHuni ta’kidlash joizki, bugungi kunda o’tkazilayotgan trening dasturlarining maqsadlari kengaydi va trening faqatgina amaliy psixologiya sohasi bo’libgina qolmay, ijtimoiy pedagogika, ta’lim tizimida ham o’z o’rniga ega bo’ldi. Trening bir qancha indevidual va jamoaviy ish olib borish usullarining uyg’unlashuvi bo’lib, ota-onalarning psixologik, pedagogik savodxonligini oshirish muammosini xal qilishning eng istiqbolli usullaridan biriga aylandi. Bu muammo so’ngi o’n yilliklar davomida o’z global ahamiyatini yo’qotmayapti. Ayniqsa ruhiy va jismoniy nuqsonli farzandli oilalarda bu muammo nihoyatda keskindir.
Jamoaviy usullar ota-onalarga bir-birlari bilan tajriba almashishi, savollar berishi va guruhda qo’llab-quvvatlanish imkonini beradi. Bundan tashqari axborot almashinuvida yetakchilik rolini bajarish faollikni oshiradi. YUqoridagi ususllar-konsultativ suhbat, trening ommabop hisoblanib ham qisqa muddatli ham uzoq muddatli shakllarda qo’llaniladi.
Oiladagi ijtimoiy pedagogik faoliyat tizimli yondashuvga asoslangan taqdirdagina samarali bo’lishi mumkin. U demografiya, ijtimoiyogiya, ijtimoiy psixologiya, pedagogika (oilaning tarbiya funksiyasi), huquq, iqtisod (oila byudjeti), etnografiya, tarix va falsafa ma’lumotlarini o’rganishni va ulardan foydalanishni ko’zda tutadi.
SHunday qilib, zamonaviy sharoitlarda oila turli bilim sohalari: ijtimoiy pedagogika, ijtimoiy ish, sog’liqni saqlash va boshqalarning markaziy ob’ektlaridan biriga aylanmoqda. CHunki har bir jamiyatning kelajagi o’sha jamiyatdagi oilalardagi muammolarni xal qilishga bog’liq.
Do'stlaringiz bilan baham: |