Abstraktlashtirish deganda bilish ob’ektini teran va izchil o’rganish uchun uni fikran ajratish tushuniladi. Iqtisod nazariyasining tovar, bozor, qiymat, ishlab chiqarish usuli, ishlab chiqaruvchi kuchlar, ishlab chiqarish munosabatlari, raqobat, daromad singari tushunchalari abstraktlashtirishning mahsuli va ko’rinishlaridir. Abstraktlashtirish tabiiy, texnikaviy, ijtimoiy va gumanitar fanlarning boshqa sohalariga ham xosdir. Mantiq va matematika eng «abstrakt» fanlar jumlasiga kiradi.
Formal mantiq fikrlashning sof shakllarini o’rganadi. Bunda u mazkur fikrlash shakllarida aks etuvchi real aloqalar va tuzilmalarga e’tibor bermaydi. Matematika esa predmetlarning moddiy mavjudligidan ajratib olingan miqdoriy munosabatlari va tizimdagi aloqalarini o’rganadi.
Ilmiy ijodda analogiya deb ataluvchi nazariy metod katta rol o’ynaydi. Analogiya taqqoslash va modellashtirish bilan uzviy bog’liq. U yoki bu jarayon, yoki hodisani o’rganishda uning boshqa fan sohasidagi analogiya ya’ni o’xshashini topish evristik jihatdan muhim va unumlidir. Masalan, E.Rezerford Quyosh sistemasining tuzilishi bilan og’ir, musbat zaryadli yadro va uning atrofida aylanuvchi yengil, manfiy zaryadli elektronlardan tashkil topgan atom tuzilishi o’rtasidagi analogiya metodiga tayanib, metall folgada alfa zarralarning tarqalishi haqidagi o’z kashfiyotini yaratdi, bu kashfiyot esa, o’z navbatida, kvant fizikasining jadal rivojlanishiga turtki berdi.
O’rganilayotgan ob’ektning u yoki bu tomonlari bilan uning modeli o’rtasida analogiyalarning mavjudligi bilishning turlaridan biri modellashtirishning rivojlanishiga olib keldi.
Modellashtirish bu bilish ob’ektining har xil modellarini yaratish va undan ilmiy ijodda foydalanish imkonini beruvchi ilmiy metoddir. Masalan, radiotexnikada real matematik mantiq va uning uyg’un mexanik tebranishlari oddiy teb ranma konturning modeli va analogidir.
Modellashtirish metodida ob’ekt o’rniga uning modeli o’rganiladi. Hozirgi zamon iqtisod nazariyasida bozorning rivojlanishi, talab va taklif, tovarning ishlab chiqaruvchidan iste’molchiga tomon harakatlanishi va hokazolarning sifat jihatidan har xil modellaridan foydalaniladi.
Bundan tashqari, hozirgi zamon iqtisod nazariyasida Amerika, SHvetsiya, Yaponiya modellari, Gonkong, Singapur, Tayvan, Janubiy Koreya singari yangi industrial mamlakatlarning iktisodiy modellari mavjud.
Jumladan, Amerika modeli tadbirkorning shaxsiy tashabbusini rag’batlantirish, uning ijodkorligi, tavakkalchiligi va tovar ishlab chiqaruvchilar o’rtasida keskin raqobat, ommani mehnatning yuksak darajada unumdorligi va buning natijasi o’laroq, yuksak turmush darajasiga erishishga yo’naltirish asosiga qurilgan iqtisodiy rivojlanishning yapon modeli mehnat unumdorligining o’sishidan aholi turmush darajasining ma’lum darajada ortda qolishi bilan ta’riflanadi. Buning hisobiga mahsulot tannarxini kamaytirish va uning raqobatbardoshligini keskin oshirishga muvaffaq bo’linadi. Ikkala model ham iqtisodiy rivojlanishda minimum resurslar va maksimum malaka talab qiluvchi eng yangi texnologiyalar amalga joriy qilingan sohalarni rivojlantirishga ustuvor ahamiyat beradi.
Shvedcha «aralash» iqtisod modeli alohida e’tiborga molikdir. U kuchli ijtimoiy siyosat bilan farq qiladi. Bunda jami mulkning atigi 4% iga egalik qiluvchi davlat milliy daromadning qariyb 70% ini davlat byudjeta orqali qayta taqsimlaydi, davlat xarajatlarining yarmi esa ijtimoiy muammolarni hal qilishga yo’naltiriladi.
O’zbekiston Respublikasi Prezidenti I.A. Karimovning asarlarida bozorga o’tishning «o’zbek modeli» ijodiy ishlab chiqilgan. Ijtimoiy yo’naltirilgan bozor iqtisodi mazkur modelning negizini tashkil etadi. Bunda o’tish davrida davlat faol rol o’ynashi, bozorga asta sekin, tadrijiy harakat kilish, O’zbekiston aholisining ijtimoiy muammolarini birinchi o’ringa qo’yish nazarda tutiladi. Bu model butun jahonda yalpi e’tirof etildi va mutaxassislar tomonidan yuksak baholandi.
Tizimli yondashuv fan metodologiyasida katta evristik, ijodiy kreativ ahamiyatga ega. Uning asosiy vazifasi murakkab ob’ektlar xar xil tip va turkumga mansub tizimlarni o’rganish va tuzish metodlarini ishlab chiqishdan iborat. Biologiya, psixologiya, ijtimoiy fanlardagi ko’p pog’onali, iyerarxik, o’zini o’zi uyushtiruvchi ob’ektlarni bilish, o’rganishda mazkur metoddan, ayniqsa, keng va samarali foydalaniladi.
Tizimli yondashuvning muhim vazifalari quyidagilardan iborat:
- bilish ob’ektini yaxlit, murakkab uyushgan tizim sifatida ko’rib chikish;
- tizimning umumlashtirilgan modelini, uning alohida qismlari va jihatlarining modellarini tuzish;
- tizimlar nazariyalari hamda har xil tizim nazariyalari va ishlovlarining tuzilishini va samaradorligini o’rganish.
XX asrning ikkinchi yarmida epistemologiyada tizimlar umumiy nazariyasi vujudga keldi. U tizimli yondashuv g’oyalari va prinsiplarining bilishda muayyanlashtirilgan mantiqiy metodologik ifodasi bo’ldi. Tizimlar umumiy nazariyasi muayyan tabiiy, texnikaviy, ijtimoiy fanlarning o’rnini bosmay, har qanday tizimli tadqiqotning umumiy metodologik prinsiplarini ta’riflab beradi.
Mazkur ma’ruzada ko’rib chiqilgan, sintezda, dialektik birlikda, murakkab o’zini o’zi rivojlantiruvchi tizim sifatida olingan ilmiy bilishdagi ijod jarayonining empirik va nazariy shakllari, metodlari va usullari bizga ilmiy ijodning hozirgi zamon metodologiyasining umumiy manzarasini beradi.
Keyingi ma’ruzalarda biz ilmiy ijodning alohida metodlari va usullarini yanada mufassal va chuqur ko’rib chiqamiz.
Do'stlaringiz bilan baham: |