Ilmiy uslub standartlari
Ilmiy asarning tuzilmaviy xususiyatlari fikrning mantig`i bilan belgilanadi, ular matnning tuzilmaviy unsurlari, kompozitsiya va rubrikatsiyasini belgilab beradi. Ilmiy tadqiqot jarayonini quyidagi sxema tarzida taqdim etish mumkin:
1) tadqiqotning dolzarbligi, yangiligi, ob’ekti, predmeti va uslubini asoslab berish;
2) tadqiqot jarayonini tasvirlash;
3) ish natijalarini taqdim etish va muhokama qilish;
4) xulosalarni chiqarish.
Bu mantiqiy sxema fan sohasi, janriga ko`ra o`zgarishi mumkin, ma’lum darajada muallifning individual uslubiga ham bog`liqdir. Bularning barchasi ilmiy asarning kompozitsiya va rubrikasini belgilab beradi.
Ilmiy bilimni qayd etishning asosiy uslubi ilmiy matndir. U adabiy tilning ilmiy uslubi vositalari yordamida ma’lum standartlarga ko`ra yaratiladi. Standart ilmiy matnni tashkillashtirishda ikki sababga ko`ra juda katta ro’l o`ynaydi: birinchidan, fan ratsional universal bilim turi sifatida qayd etishning muvofiq universal uslublarini talab qiladi (masalan, standart matematik formula va ularni tashkil qiluvchi ramzlar turli tillardagi va turli fanlarga oid matnlarda ishlatiladi); ikkinchidan, ilmiy asarning bosh maqsadi, matnni idrok etuvchiga ilmiy izlanishlarning predmetini tashkil qilgan ma’lumotni, axborotning boshqa turlarini o`zlashtirishga e’tiborini qaratmagan holda yetkazib berishdir. Bu maqsadda matnni tuzish standartlari va tildagi standartlar ham ishlatiladi. Standart o`zining paydo bo`lishi bilanoq kitobxon nimaga tayyor bo`lishi, unga axborotning qanday turlari taqdim etilishi, ular tasvir ierarxiyasida qanday o`rinni egallashi haqida signal beradi. Standartlar matnning til shakli va muallif tafakkuri mantig`ini ham idrok etilishini osonlashtiradi.
Standart majburiyligining yuqori darajasi va qo`llanilishining takroriyligi hech qanaqasiga tadqiqotchining individualligini va fikrining originalligini namoyon qilishga xalaqit bermaydi. Buning sababi, avvalambor, muallifning fandagi qadriyati va o`ziga xosligi bilan shartlanishidadir. Standart esa bu fikrni ochib berishga, uni mavjud bilim bilan mutanosiblikda taqdim etishga imkon beradi. Undan tashqari, original natijaning tuzilmasi va ifodalash vositalari bo`yicha standart matnda taqdim etish harakati aksariyat hollarda olimga o`z g`oyalarining yangiligini chuqur anglash, tasvirning shakllangan apparatini qayta qurish zaruriyati darajasini ko`rsatib beradi. Standart sohibi ongida aniq tasavvurga ega bo`lgan ishlab chiqilgan standartning mavjudligi vujudga kelayotgan o`zgarishlarni tezroq va aniqroq bilish imkoniyatini beradi (bunday turdagi har qanday standart buyruqli tanlovsiz majburiyatga emas, istakli majburiyatga egaligi o`z-o`zidan tushunarli), bundan tashqari, bu matnning zarurligi va axborotliligi darajasini ham ko`rsatadi.
Tasvirlash standarti ko`plab omillarga bog`liq ravishda o`zgaradi: bu tadqiqot amalga oshirilayotgan soha predmeti, tasvirlanayotgan ob’ekt va predmet turi, tadqiqotning uslubi, maqsad va vazifalari, ilmiy matnning nazarda tutilgan adresati kabi omillardir. Bu variativlik muallif tafakkurining individual xususiyatlari bilan hamjihatlikda har bir ilmiy matnning unikal, betakror qiyofasini yaratadi.
Ilmiy matnni yaratishda amalga oshiriladigan standartlar umumlashtirishning har xil darajalari bilan tavsiflanadi. Bahzilari turli janrdagi matnlarning differentsiyasini tahminlab beradi. Masalan, nazariy-lingvistik monografiyani tuzish printsiplari ahamiyatli darajada lingvistikaning xuddi shu bo`limi bo`yicha yozilgan darslikning tuzilmasidan, xuddi shu bo`limni qomusiy lug`atda tasvirlovchi maqoladan ham farqlanadi. Boshqa standartlar matnning alohida qismlarini ularning vazifasiga bog`liq ravishda tuzish, ma’lum sxemalar asosida tasvir, tavsif, isbot, mulohaza, xulosalarni yaratish imkoniyatini beradi.
Nihoyat, alohida iboralar va murakkab sintaktik yaxlitliklar darajasida ilmiy uslub uchun tipik bo`lgan gap va so`z birikmalarining modellari qo`llaniladi. Masalan: “...ma’nosi ahamiyatini pasaytirmagan holda”, “qayd etishni lozim topdik”, “ammo aytilgan ... degani emas”, “matn tahlilining eng muhim aspektlari shundaydir”, “dastlabki material sifatida tanlangan matn...”, “misol tariqasida .... keltirsak bo`ladi”.
Ilmiy uslub standartlariga atamashunoslik tizimlari, maxsus nomlar tizimlari, umumilmiy leksika deb nomlanuvchi hududlarga mansub deb hisoblash lozim. Umumilmiy leksikaga turli fanning tushuncha, kategoriya, harakatlarini belgilovchi umumiy so`zlar kiradi. Masalan, otlar – ob’ekt, jarayon, hodisa, fe’llar – taxmin qilish, izoh berish, tushuntirish, topish, hisoblash, qayd etish, ko`rsatish, so`z birikmalari – muammo qo`yish, muammoni hal qilish, nuqtai nazarga qo`shilmaslik, muvofiq qarash, mutanosib nuqtai nazar, anomal hodisa, tasviriy yondashuv.
Do'stlaringiz bilan baham: |