Qahramonning o‘limiga nega yig‘laymiz?
«Ilhaq» real tarixiy voqeani anchayin haqqoniy va saviyali ko‘rsatib berolgan. Lekin bu san’atning birlamchi vazifasi emas. Tarixiy voqeani haqqoniy ko‘rsatib berishni hujjatli film ham, ilmiy-ommabop bayon ham, ilmiy tadqiqot ham eplaydi. San’atga qo‘yiladigan asosiy (yagona emas) talab – voqea atrofidagi tuyg‘ularni, odamlarning emotsiyalarini ochib berish, voqeadan ibrat ko‘rsatish. Kerak bo‘lsa, ayrim ijodkorlar tarixiy voqeaga mutlaqo boshqa rakursdan yondashishi, kutilmagan xulosa va yechimlarni berishi lozim. Zamonamizning eng mashhur rejissyorlaridan ikkitasi oxirgi yillarda Ikkinchi jahon urushi haqida shunaqa noodatiy shedevrlarni suratga oldi – «Sharafsiz razillar» (Kventin Tarantino) va «Dyunkerk» (Kristofer Nolan).
O‘zbek kinosidan bunday originallikni talab qilishga hali ertadir. Lekin kino eng kamida tomoshabin diqqatini ushlab turishi, uning tuyg‘ularini qo‘zg‘atishi lozim. Kinematografda buni bajarishning umumqabul qilingan uslub va prinsiplari mavjud.
Kino diqqatimizni 1,5 yo 2 soat ushlab turishi uchun nima qilishi kerak? Eng birlamchi talab – qahramonlarni tomoshabinga yaxshilab tanishtirish, ular orasida hissiy kontakt o‘rnatish. Film davomida tomoshabin qahramonni yaxshilab bilib olishi, uning motivlarini tushunishi, uni ko‘pdan beri taniydiganday his etishi kerak. Shundagina tomoshabin qahramonning o‘limidan yoki boshiga tushgan boshqa kulfatdan ta’sirlanadi.
Menimcha, «Ilhaq» filmining asosiy kamchiliklaridan biri shunda. U tarixiy voqeaning hujjatli bayonini beradi, lekin bu bayon faqat faktlar bilan juda yaxshi tanish, Zulfiya Zokirova va o‘g‘illarining taqdiridan yaxshi xabardor odamnigina ta’sirlantirishi mumkin. Oradan yuz yil o‘tdi deylik. Ikkinchi jahon urushi oqibatlari bilan yuzlashmagan, tirik guvohlarini ko‘rmagan, voqeadan bexabar tomoshabin bu filmdan ilhom oladimi?
Shunday qilib, «Ilhaq» bizdan voqeadan xabardor bo‘lishni va qahramonlar qismatidan achinishni talab qiladi, lekin achinishimiz uchun hech narsa qilmaydi, ularning qalbini, shaxsiyatini bizga ochi bermaydi. Shaxsan men besh o‘g‘lonning o‘limidan ta’sirlanmadim. Ular yaxshiroq tanishtirilsa, balki ularga achingan, o‘lmasliklarini kinodan yolvorib so‘ragan bo‘lardim, Zulfiya opaga qo‘shilib yig‘lagan bo‘lardim. «Yashil milya» filmida Jon Koffi o‘limiga yig‘laganimdek. Buyuk kino tomoshabinni shunday ahvolga olib kelishi kerak. Yaxshi o‘rnaklar o‘zimizda ham bor. Shuhrat Abbosovning «Sen yetim emassan» filmini eslang. Asrab olingan bolalarning har biri o‘zgacha qiyofaga, xarakterga ega, barini eslab qolamiz, bir-biri bilan chalkashtirmaymiz, har biriga kuyinamiz. Afsus, besh aka-uka bu darajada qalbdan joy olmaydi.
Nega «Ilhaq» bizga qahramonlarini «sota» olmadi? Asosiy sabablaridan biri, nazarimda, film ekspozitsiyasi qisqaligidadir. 2 soat 16 daqiqalik filmining 19-daqiqasida baxtiyor qahramonlarga urush daragi yetib keladi. 19 daqiqa ichida biz bo‘lajak urush qurbonlarini yaxshilab tanib olishga ulgurmaymiz, shu bois ularning o‘limi ham bizda ortiqcha hissiyot uyg‘otmaydi. Yana bir jihati – ularning frontdagi hayoti ham ko‘rsatilmaydi. Faqat o‘lim sahnalarini ko‘ramiz. Personajlarga ko‘proq ekran vaqti ajratilsa, har birining syujet arkasi ishlab chiqilsa, ularning o‘limi ta’sirliroq chiqardi. Ekspozitsiya qanday bo‘lishiga misol qilib «Istedodli janob Ripli» (1 soat 20 daqiqa) va «Xaytarma» (48 daqiqa) filmlarini ko‘rsatgan bo‘lardim.
Bu so‘zlarimga javoban film ijodkorlari «Bu bizning nuqtai nazarimiz, ularning o‘limini emas, onasining hissiyotlariga urg‘u berdik» deya e’tiroz bildirishlari mumkin. Shundan kelib chiqib, keyingi masalaga o‘taman.
Do'stlaringiz bilan baham: |