Mavzu: Menejer va yetakchi
E’tibor bering!
Yetakchi va rahbar so'zlari, ko'pincha, bir xil ma’noda ishlatiladi, lekin aslida ularning orasida sezilarli farq bor. Yetakchi bu doim ham tashkilotning boshida turadigan shaxs emas. Yetakchi guruh a’zolariga ta’sir o'tkazish qobiliyatiga ega shaxs hisoblanadi va u guruh a’zolarini birlashtirib, bir maqsad sari etaklay oladi. Yetakchi uzoqni ko'zlab ish tutadi va yuksak g'oyalarni yaratadi. Bu g'oyalarni amalga oshirish sari guruh a’zolarini ruhlantiradi va bu borada ularni kerakli ma’lumot va bilim bilan qo'llab-quvvatlaydi. Lekin yetakchilik va rahbarlik o'rtasida farq bo'lgani bilan, ular bir-biriga bog'liq va biri ikkinchisini to'ldirib turadi. Ularni bir-biridan ajratish har doim ham samarali natijaga olib kelmaydi. Keling, yetakchi va rahbar o'rtasidagi farqlarni sanab o'taylik:
Yetakchi
|
Rahbar
|
Yetakchining vazifasi guruhni ruhlantirish va g'oyani amalga oshirishga ishtiyoq uyg'otish
|
Rahbarning vazifasi rejalashtirish, ishni tashkillashtirish va vazifalarni bo’lib berishdan iborat
|
Yetakchi innovatsiya qiladi, ya’ni yangi g'oyalar yaratadi
|
Rahbar esa ularni amalga oshirish jarayonini boshqaradi
|
Yetakchining orqasidan unga ergashuvchilari bor
|
Rahbarning esa unga bo'ysunuvchi ishchilari bor
|
Yetakchining nazari odamlarda, guruh a’zolarida bo'ladi
|
Rahbarning e’tibori tizim va tashkillashtirishda bo'ladi
|
Yetakchi ishonch qozonishga ahamiyat bersa
|
Rahbar nazorat ostiga olishga harakat qiladi
|
Yetakchi uzoqni ko'zlaydi
|
Rahbar qo'l ostidagi ishlarni bajarishga ko'proq ahamiyat beradi
|
Yetakchi nima? va nima uchun? deb so'rasa
|
Rahbar qanday? va qachon? savollarga javob izlaydi
|
Yetakchi original g'oyalarni yaratadi
|
Rahbar esa taqlid qiladi, ya’ni o'xshatishga harakat qiladi
|
Yetakchi to'g'ri ish qiladi
|
Rahbar ishni to'g'ri qiladi
|
Siz yuqoridagilarni o'qish natijasida Yetakchilik yoki rahbarlik vazifalarining qaysi biri men uchun ma’qulroq, deb o'ylab qolgan bo'lsangiz ajab emas. Yetakchilikning barcha xislatlariga ega bo'lgan odamlar dunyoda kam. Bunday insonlarning barchasi katta yutuqlarga erishgan va ularni bugun dunyo taniydi. Masalan, shunday insonlar sifatida “Apple” kompaniyasi asoschisi Stiv Jobs yoki Gramin Bankining asoschisi Muhammad Yunusni sanab o'tishimiz mumkin.
Ba’zilar Yetakchilikni tug'ma qobiliyat deydi, lekin bu noto'g'ri. Bunday xislatlarni istalgan inson o'zida rivojlantirishi mumkin.
Hozirgi kunda o'zida Yetakchilik qobiliyatlarini mujassamlashtirgan rahbarlarga talab oshib bormoqda. Ko'plab zamonaviy korxona va tashkilotlar ishchilarga nafaqat buyruq beradigan va ishni samarali tashkillashtira oladigan, balki ishchilarni ruhlantira oladigan, ularning yuksalishlariga ko'mak beradigan rahbarlarni izlamoqda.
Siz ham o'zingizda Yetakchilik qobiliyatlarini rivojlantirishga harakat qilib ko'rishingiz mumkin. Buning uchun, avvalo, o'z oldingizga qat’iy maqsad qo'yib, Yetakchilik to'g'risida ko'proq ma’lumot izlab o'rganishingiz hamda amalda shunday xislatlarni namoyish etishga harakat qilishingiz lozim. Biz kurslarimizda xuddi shuni o'rgatamiz. Darslarni diqqat bilan o'zlashtirsangiz, kursimiz oxirigacha Yetakchilik ko'nikmalarini qo'lga kiritasiz.
Do'stlaringiz bilan baham: |