Ilmiy bilimlar. Qadimgi Mesopotamiyada dunyoning ilmiy bilishda ma'lum yutuqlarga erishildi. Bobilda ayniqsa, matematika fanlari amaliy maqsadlar uchun yuzaga kelib, yuqori darajada rivojlanadi. Qadimdayoq, bobilliklar zikkuratlarning yuqori qavatlaridan turib osmon jismlarini muntazam kuzatganlar. Ana shu ko’p asrlik kuzatishlari natijasida matematik-astronomiya vujudga keldi. Astronomlar yulduzlar o’rtasidagi masofani astronomik hisob-kitob qilganlar. Bobilda ko’p sonli astronomik jadvallar vujudga kelgan. Shu davrda Bobilda mashhur astronomlar Naburian va Kiden yashaganlar. Naburian oy fazalarini aniqlash tizimini ishlab chiqdi. Kiden quyosh yilini 365 kun, 5 soat 41 minut va 41,6 sekund xisobladi. U yil hisobi davomiyligida bor yo`g`i 7 minut, 17 sekundga xato qilgan. Astronomiya astrologiya bilan bog`langan edi.
Bizgacha juda ko’p Bobil tibbiyot matnlari yetib kelgan. Mesopotamiya vrachlari chiqqan va singan suyak bo`g`inlarini davolay olganlar, lekin odamning ichki kasalliklarni davolay olmaganlar. Er. avv. III ming yillikdayoq mesopotamiyaliklar Hindistonga boradigan yo`lni, er. avv. I ming yillikda Efiopiya va Ispaniyaga boradigan yo`lni bilganlar. Bizgacha yetib kelgan xaritalar bobilliklarning o’z geografik bilimlarini tizimga solishga harakat qilganliklarini ko’rsatadi.
San'at. Qadimgi Mesopotamiyaning san'atini shakllanishi va keyingi taraqqiyotiga shumerlarning badiiy an'analari hal qiluvchi rol o`ynaydi. Tosh o`ymakorlik er.avv. III ming yillik boshlarida shakllandi. Toshga naqshlar o`yish (gliptika) er.avv.I asrigacha yuksak darajada rivojlandi. Er.avv. XXIV-XXIII asrlarda Mesopotamiya yagona davlat bo`lib, birlashgan paytda podsholarning ideallashtirilgan portret-tasvirlari paydo bo’ladi.
Er.avv. II ming yillik boshlaridan qurbonlik keltirish, saroy hayoti manzaralari tasvirlangan freska san'ati rivojlanadi. Mesopotamiya san'ati er.avv. VIII-VII asrlarda Osuriya davlatining gullab-yashnagan davrida o’zining yuqori cho`qqisiga chiqadi. Bu asosan relef san'atida o’z aksini topgan. Bu davrda ulug`vor saroy va ibodatxonalar barpo qilina boshlandi.
Er.avv. I ming yillikda Mesopotamiyada yirik savdo-hunarmandchilik madaniyat markazlari bo’lgan katta shaharlar paydo bo’ladi. Mesopotamiyadagi osuk podshosi Sinaxxreb tomonidan er. avv. 705-681-yillarda qurilgan, maydoni bo’yicha Old Osiyoda eng katta shahar Osuriya poytaxti Nineviya edi. Shahar 729,7 ga yerni egallab, shaharda 170 ming aholi yashagan.
Mesopotamiyada shisha ishlab chiqarish juda erta er.avv. XVII asrda boshlanadi, temirdan foydalanish esa, kechroq er.avv. XI asrga boshlanadi. Mesopotamiyaning ilmiy bilimlari, san'ati, me'morchiligi, dini, yozuvi va adabiyoti, qadimda ko’pgina sharq xalqlari madaniyati ravnaqining o`lchov mezoni bo’lib xizmat qildi.
Do'stlaringiz bilan baham: |