Tushuncha
–
narsalar va hodisalarning umumiy, muhim xossa va aloqalari aks etuvchi
fikr.
Tushuncha – tafakkur, tushunish faoliyatining mahsuli. Ular
nafaqat narsalar va
hodisalarning umumiy jihatlarini aks ettiradi, balki
ularni bir-biridan ajratadi, ular o‘rtasida
mavjud farqlarga qarab ularni
guruhlaydi, tasniflaydi. Bundan tashqari, biz biror narsa haqida
tushunchaga ega
ekanligimizni ta’kidlar ekanmiz, bunda mazkur ob’ektning mohiyatini
tushunishimizni nazarda tutamiz. Masalan, «inson» tushunchasi nafaqat muhim umumiy, ya’ni
barcha odamlarga xos bo‘lgan jihatni, balki har qanday odamning boshqa har qanday narsalardan
farqini ham aks ettiradi, mazkur odamning mohiyatini tushunish esa, umuman insonning
mohiyati, ya’ni inson haqidagi tushunchaning mazmunini bilishni nazarda tutadi: «Inson – aql,
so‘zlashish va mehnat qilish qobiliyatiga ega bo‘lgan bioijtimoiy mavjudot». Sezgi, idrok va
tasavvurlardan farqli o‘laroq, tushunchalar ko‘rgazmalilik yoki hissiylikdan xolidir. Idrok
daraxtlarni, tushuncha – umuman daraxtni aks ettiradi. Tushunchaning mazmunini ko‘pincha
aniq obraz ko‘rinishida tasavvur qilish mumkin emas. Inson, masalan, yaxshi odamni tasavvur
qilishi mumkin, biroq u yaxshilik, yomonlik, go‘zallik, qonun, yorug‘lik tezligi, sabab, qiymat
kabi tushunchalar va jarayonlarni sezgi obrazi ko‘rinishida tasavvur qila olmaydi. Har qanday
fanning barcha tushunchalari haqida shu fikrni aytish mumkin. Ularning ob’ektiv ta’rifi
ko‘rgazmalilik chegaralaridan tashqarida bilvosita aniqlanadi.
Tushuncha muhim jihatlar va xossalarni aniqlaydi va ularni o‘zida mujassamlashtiradi:
tushuncha mohiyatning fikrda ifodalangan obrazidir. SHuning uchun ham oz sonli tushunchalar
son-sanoqsiz narsalar – xossalar va munosabatlarni qamrab oladi. Tushunchalar turli davrlarda
mazmunan har xil bo‘lgan. Ular ayni bir inson rivojlanishining turli darajalarida har xildir.
Haqiqiy ilmiy tafakkur madaniyati biron-bir tushunchani aniq ta’rifsiz qoldirmaslikni o‘zi uchun
qoida deb biladi. Buyuk mutafakkir Suqrot tushunchalarni mantiqiy jihatdan aniq ta’riflash
haqiqiy bilimning bosh shartidir, degan edi. Tushunchalar inson ongida ma’lum bog‘lanishda,
mulohazalar ko‘rinishida yuzaga keladi va mavjud bo‘ladi. Tafakkur – biror narsa haqida hukm
chiqarish, narsaning turli tomonlari o‘rtasidagi yoki narsalar o‘rtasidagi muayyan aloqalar va
munosabatlarni aniqlash demakdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |