Ishonchnoma tushunchasi, shakli O`zbekiston Respublikasi FKning 134-moddasida ta'riflanishicha ishonchnoma deb bir shaxs (ishonch bildiruvchi) tomonidan ikkinchi shaxsga (ishonchli vakilga) uchinchi shaxslar oldida vakillik qilish uchun beriladigan yozma vakolatga aytiladi. Ishonchli vakil o`ziga ishonchnoma bilan berilgan vakolatlar doirasida ish olib boradi. Ishonchnomaning berilishi vakil uchun vakolat belgilashga qaratilgan bir tomonlama bitim sifatida ko`riladi. Ishonchnoma topshiriq shartnomasi, mehnat shartnomasi, ekspeditsiya shartnomasi va boshqa shartnomalar asosida beriladi.
Yuridik shaxs nomidan, shuningdek, yuridik shaxsga ham ishonchnoma faqat yuridik shaxsning ustavida (nizomida) ko`rsatilgan faoliyat maqsadlariga zid bo`lmagan bitimlarni tuzish uchungina berilishi mumkin (FKning 134-moddasi, 2-bandi).
Ishonchnoma bir shaxs, shuningdek, bir necha shaxslar nomidan bir yoki bir necha shaxslar nomiga ham berilishi mumkin. Chunonchi, uy-joy qurish kooperativining vakili kooperativ a'zolarining barchasi tomonidan yoki umumiy majlisning vakolatiga binoan bir necha shaxs tomonidan imzolangan ishonchnoma olishi mumkin.
Ishonchnoma vakilining uchinchi shaxslar bilan huquqiy munosabatlarda bo`lishi uchun tayinlanadi. Ishonchnomaning mazmunidan uning qanday vakolatlarga ega ekanligi, qanday yuridik harakatlar qilishga haqli bo`lishi ko`rinib turadi. Binobarin, vakil ishonchnomada ko`rsatilgan vakolat doirasida harakat qilib, uchinchi shaxslar bilan shartnoma tuzgan bo`lsa, vakil qiluvchi bu shartnomani bajarishdan bosh torta olmaydi.
Ishonochnoma umumiy va maxsus turlarga bo`linadi.
Umumiy ishonchnomada har xil bitimlar va boshqa yuridik harakatlar qilish, masalan, yuridik va jismoniy shaxslarning filiallarini idora etish yoki fuqaroga qarashli mulkni boshqarish uchun berilgan vakolat ko`rsatiladi.
Maxsus ishonoma bir turdagi bitimlarni tuzish, masalan, fermer xo`jaliklari va ularning a'zolaridan qishloq xo`jalik mahsulotlarini harid qilish bo`yicha bitimlar tuzish uchun vakolat belgilanadi. Faqat biron-bir bitimnigina tuzish, masalan, sotib olib ajratib qo`yilgan tovarni olish uchun berilgan ishonchnoma berganlik maxsus ishonchnoma hisoblanadi. Ishonchnomada uning qachon berilganligi ko`rsatilishi lozim, aks holda u haqiqiy sanalmaydi. Ishochnoma ko`pi bilan uch yil muddatga berilishi mumkin. Agar ishonchnomada muddat ko`rsatilgan bo`lmasa, u berilgan kundan boshlab bir yil mobaynida o`z kuchini saqlaydi. Berilgan kuni ko`rsatilmagan ishonchnoma haqiqiy emas (FKning 139-moddasi).
Tashkilotlar tomonidan tovarlar va boshqa moddiy boyliklar olish uchun beriladigan ishonchnomalarda ularning amalda bo`lish muddati albatta ko`rsatilishi kerak.
Notarial shaklni talab qiluvchi bitimlarni tuzish yoxud yuridik shaxslarga nisbatan harakatlarni amalga oshirish uchun berilgan ishonchnoma idora tomonidan tasdiqlangan bo`lishi kerak. FKning 136-137-138-moddalarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasnodir.
Ishonchnomalarning notarial idoralardan tashqari boshqa tashkilotlar tomonidan tasdiqlanishi FKning 136-137-moddalari bilan belgilanadi. Chunonchi, xat-xabarlar, shu jumladan pul va posilkalar olish uchun beriladigan vakolatnoma, ish haqi hamda mehnat munosabatlari bilan bog`liq bo`lgan boshqa to`lovlarni, muallif va ixtirochilarga beriladigan haqlarni, pensiyalar, yordam pullari va stipendiyalari, shuningdek xalq banklaridan tegishli summalarni olish uchun beriladigan ishonchnoma fuqarolar yashab turgan joydagi o`zini o`zi boshqarish organlari tomonidan, ishlab turgan yoki o`qib turgan tashkilot tomonidan, turar joydagi uyga xizmat ko`rsatuvchi uy-joydan foydalanish tashkiloti tomonidan, davolanib turgan joyida esa – davolanish muassasasining ma'muriyati tomonidan, harbiy xizmatchi tomonidan ishonchnoma berilganida – tegishli harbiy qism qo`mondonligi tomonidan tasdiqlanishi mumkin. Ozodlikdan mahrum qilish yoki qamoqda saqlanayotgan shaxslarga beriladigan ishonchnoma tegishli muassasalar boshliqlari tomonidan tasdiqlanadi.
Yuridik shaxs nomidan beriladigan ishonchnoma rahbar tomonidan imzolanib, unga ushbu yuridik shaxsning muhri bosiladi.
Davlat mulkiga asoslangan yuridik shaxs nomidan pul va boshqa mulkiy boyliklarni olish yoki topshirishi uchun beriladigan ishonchnoma ushbu yuridik shaxsning bosh buxgalteri tomonidan ham imzolanishi kerak. Bankda operatsiyalarni amalga oshirishga ishonchnoma berish tartibi va uning shakli qonun hujjatlari bilan belgilab qo`yiladi (FKning 138-moddasi).
Vakilli shaxsiy ishonchga bog`liq bo`lganligi tufayli vakolat olgan shaxs qanday harakatlarni qilishga vakil qilingan bo`lsa, ularni shaxsan o`zi bajarilishi lozim. Vakil olgan vakolati yuzasidan bu harakatlarni bajarishni faqat ishonchnomada ko`rsatilgan hollarda yoki vakolat beruvchining manfaatlarini qo`riqlash uchun ma'lum bir sharoitlar tufayli birovga topshirishga majbur bo`lsagina boshqa shaxsga topshirishga haqli. Vakolatning vakil tomonidan boshqa shaxsga o`tkazilishi mumkinligi nazarda tutilgan ishonchnomada notarial idora tomonidan tasdiqlanishi lozim.
Do'stlaringiz bilan baham: |