5-mavzu. Davlat – fuqarolik huquqiy munosabatlarning ishtirokchisi sifatida.
Reja:
Umumiy qoidalar.
O`zbekiston Respublikasi mamlakatning ichki oborotida fuqarolik-huquqiy munosabatlarning subyekti.
O`zbekiston Respublikasi - mamlakatning tashqi oborotida fuqarolik huquqiy munosabatlarning ishtirokchisi.
1.Umumiy qoidalar O`zbekiston Respublikasining mustaqil davlat deb e'lon qilinishi, uning xalqaro huquq subyekti, mustaqil suveren davlat sifatida tan olinishi O`zbekistonning o`z boyligini o`zi mustaqil tasarruf qilish imkoniyatini berdi.
Endilikda bozor iqtisodiyoti sharoitiga o`tayotgan O`zbekiston Respublikasi iqtisodiy aloqalarning turlari va shakllarini mustaqil belgilash imkoniyatiga ega bo`ldi. Darvoqe, O`zbekiston mustaqilligining moddiy asosi ham uning molmulkidir.
O`zbekiston Respublikasi o`ziga mulk huquqi asosida tegishli bo`lgan obyektlardan xorijiy davlatlar, ularning yuridik va jismoniy shaxslari, xalqaro tashkilotlar bilan o`zaro foydali hamkorlik o`rnatishga, bunday hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan ja'mi amaliy harakatlarni ro`yobga chiqarish uchun foydalanadi.
Ma'lumki, davlatning siyosiy tashkilot sifatidagi asosiy ijtimoiy vazifasi jamiyatdagi mavjud subyektlarning, ya'ni, turli guruhlar, millatlar va elatlar, kishilar o`rtasidagi jipslikni ta'minlashdan iborat. Shu ma'noda barcha huquqiy demokratik davlatlarda bo`lgani singari O`zbekiston Respublikasida ham O`zbekiston, uning xalqi nomidan faqat u saylagan Oliy Majlis va Prezidentgina ish olib borishi mumkin (Konstitutsiyaning 10-moddasi). Manbalar mavzusida ayganimizdek, Konstitutsiya normalari joriy qonun hujjatlarida to`ldirib boriladi.
Jumladan, yuqoridagi norma FKning 214-moddasida yanada mustahkamlanib, shunday deyiladi: “Respublika mulki bo`lgan mol-mulkni O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti, O`zbekiston Respublikasi Hukumati yoki ular maxsus vakil qilgan organlar (qonunda boshqacha hol belgilanmagan bo`lsa) tasarruf qiladilar”. Amalda davlat nomidan yuqoridagi normadan kelib chiqib, turli vazirlik, davlat qo`mitalari, davlat tashkilotlari qatnashishi mumkin. Jumladan, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 1992 yil 21 fevraldagi farmoniga muvofiq, O`zbekiston Respublikasining yagona tashqi iqtisodiy siyosatini o`tkazish, tashqi bozorda umumdavlat manfaatlarini ta'minlash, chet mamlakatlar bilan iqtisodiy, texnikaviy va savdo hamkorligi samaradorligini oshirish, bu sohada boshqaruvni takomillashtirish va xalqaro miqyosdagi samarali ishda tashqi iqtisodiy faoliyat qatnashchilariga zarur shart-sharoit yaratish maqsadida O`zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi tashkil etildi65. Keyinchalik bu vazirlik Tashqi iqtisodiy aloqalar agentligi, bugungi kunda esa ushbu vazirlik O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2005 yil 21 iyuldagi PF-3631-sonli Farmoni bilan Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi etib qayta tashkil etildi.
O`zbekiston Respublikasining yuridik shaxslari va fuqarolarining huquq hamda manfaatlarini ta'minlash, tashqi iqtisodiy faoliyat sohasida bevosita o`zaro foydali aloqalarni o`rnatish maqsadida xorijiy davlatlarda, xalqaro tashkilotlar huzurida O`zbekiston Respublikasining savdo vakolatxonalari ta'sis etiladi. Bu vakolatxonalar o`z faoliyatida O`zbekiston Respublikasi qonunlariga, o`zlari to`g`risidagi Nizomga, shuningdek O`zbekiston Respublikasi hamda vakolatxona joylashgan davlatlar ishtirokchi bo`lgan xalqaro shartnomalarga amal qiladi. Chet eldagi vakolatxonalar to`g`risidagi Nizom O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi. Shu munosabat bilan O`zbekiston Respublikasi o`z mulkini egallash, foydalanish va tasarruf etish yuzasidan fuqarolik huquqining mustaqil subyekti sifatida mamlakat ichida va xorijda chet davlatlar va boshqa subyektlar bilan bo`ladigan fuqarolik-huquqiy munosabatlarda qatnashib, o`z nomidan harakat qiladi. O`zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida aytilganidek, O`zbekiston – suveren demokratik respublika degan nom bilan mustaqil davlat bo`lib, o`zining milliy davlat va ma'muriy-hududiy tuzilishini, davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining tizimini belgilaydi, ichki va tashqi siyosatni amalga oshiradi (1, 2-moddalar).
Davlat fuqarolik-huquqiy munosabatlardagi ishtiroki uning suverenitet sohibi ekanligidan kelib chiqadi. Davlat suverenitet sohibi sifatida yagona va bo`linmasdir. Shunga binoan davlat fuqarolik-huquqiy munosabatda yakka va yagona subyekt (fuqarolar va yuridik shaxslar kabi ko`p va turli xil emas) deb qaraladi. O`zbekiston Respublikasi fuqarolik huquqining boshqa subyektlari bilan teng huquqli ishtirokchi hisoblanadi.
Davlat – oliy hokimiyat, suverenitet sohibi bo`lganligi tufayli fuqarolikhuquqiy munosabat subyekti sifatida o`ziga xos xususiyatlarga ega. Chunonchi:
1.Davlat fuqarolik-huquqiy munosabatlari subyekti sifatida fuqarolik huquqi subyektlari amal qiladigan qonunlarni o`zi belgilaydi.
2. Davlat organlari fuqarolik huquq va burchlari vujudga kelishining asosi bo`ladigan hujjatlar chiqarishi mumkin (FKning 8-moddasi, 2-bandi).
3. Davlat immunitetdan foydalanadi, ya'ni, davlat mol-mulkidan haq undirishga davlat organlari rozi bo`lgandagina yo`l qo`yiladi.
4. Huquq va muomala layoqatini cheklash bo`yicha boshqa subyektlarga taalluqli bo`lgan qoidalar davlatga nisbatan tadbiq etilmaydi.
Biroq ayni paytda, davlatning huquqlari mutloq cheksiz ham emas. Masalan, davlat shaxsiy huquqlarga ega bo`lmaydi. Binobarin, davlat alohida xususiyatlarga ega bo`lgan subyektdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |