«Ijtimoiy bozor xo’jaligi» nazariyasi va uning yo'nalishlari Reja: - İjtimoiy bozor xo’jaligi.
- İjtimoiy bozor xo’jaligida bozorning o’rni.
- İjtimoiy va iqtisodiy siyosat.Raqobatning ijtimoiy ro’li.
- Ijtimoiy bozor xo’jaligi” atamasini birinchi bor Kyoln universiteti qoshidagi iqtisodiy siyosat instituti direktori Alfred Myuller-Armak o’zining “Iqtisodiyotni tartiblash va bozor xo’jaligi” (1947 y.) asarida ishlatgan. Myuller-Armak “ijtimoiy tenglik” printsipi bo’yicha “bozor erkinligi” printsipini va adolatli taqsimlashni birga qo’shib olib borish kontseptsiyasini ishlab chiqdi. Unda raqobat kurashi natijasida qo’lga kiritilishi mumkin bo’lgan yuqori unumdorlik natijalari, ijtimoiy-siyosiy tadbirlar yordamida ham qo’lga kiritilishi mumkinligi to’g’risidagi g’oya ilgari suriladi. Ijtimoiy bozor xo’jaligi bo’yicha tadqiqotlar V.Repke, L.Erxard, V.Oyken va boshqalar tomonidan davom ettirildi. Ijtimoiy bozor xo’jaligi modelining keng tarqalishiga asosiy sabab, yuqori o’sish sur’atini ta’minlagan Erxardning samarali iqtisodiy siyosati hisoblanadi. Ikkinchi Jahon urushidan keyin GFR da olib borilgan bu siyosat o’rtacha yo’l atalmish siyosat hisoblanardi. U ijtimoiy ziddiyatlarni yumshatishga, tadbirkorlikni har tomonlama qo’llab-quvvatlashga, aholining o’rtacha qatlamining turmush sharoitini yaxshilash uchun sharoit yaratib berishga yo’naltirilgan.
- V.Repke tavsifiga ko’ra “ijtimoiy bozor xo’jaligi” – bu “iqtisodiy insonparvarlik” tomon qo’yilgan qadam. U o’zining “insonparvarlik jamiyati” kitobida yozishicha, xo’jalik yuritishning bu shakli kollektivizmga – personalizmni, hokimiyatning to’planuviga – erkinlikni, markazlashuvga – markazlashmagan tizimni, tashkil etishga – o’z-o’zidan sodir bo’lishni qarshi qo’yadi. V.Repkening fikriga ko’shilgan holda, L.Erxard xristian-demokratik ittifoqi (XDI) s’ezdida (1957 y.) GFRda “ijtimoiy bozor xo’jaligining” ikkinchi bosqichi boshlanganligini tasdiqlab o’tadi. Sal keyinroq 60-yillarning boshida o’z nashrlarining birida L.Erxard aynan “erkin musobaqa, eng avvalo, ijtimoiy bozor xo’jaligining asosiy unsuri hisoblanadi”, deb qayd qilib o’tadi. 1965 yili XDI ning navbatdagi so’zida esa, L.Erxard GFR da “ijtimoiy bozor xo’jaligini” yaratish dasturi tugallanganini, u mamlakatni “shakllangan jamiyatga” aylantirgani to’g’risida e’lon qiladi. “Shakllangan jamiyat” doktrinasi L.Erxard va uning maslahatdoshlarining fikriga ko’ra, bu “ijtimoiy bozor xo’jaligini” yaratish orqali erishish mumkin bo’lgan eng qulay “tabiiy iqtisodiy tartib”ni topish. Unda ijtimoiy tuzum va ishlab chiqarish munosabatlarining beshta formasi (tipi) va sinfiy antagonizm to’g’risidagi marksistik g’oyalar qat’iyan inkor etiladi. Mazkur doktrina V.Oykenning kishilik jamiyatiga faqat “markaziy boshqaruv” va “erkin bozor xo’jaligi” tiplari xos degan qoidaga asoslanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |