Klassitsizm – realistik tafakkur tipining bir ko‘rinishi sifatida. Klassitsizm XVII asrda Fransiya adabiyotida shakllanib, XIX asrning boshlarigacha Evropa mamlakatlari adabiyotida tarqalgan va hukmron bo‘lib qolgan ijodiy metoddir. Fransiyada klassitsizmning asosiy prinsiplari Pier Kornel, Mol’er, Jan Rasin va nboshqa yozuvchilarning asarlarida o‘z ifodasini topdi. Yozuvchi va adabiyotshunos N.Bualo “Poetik san’at” kitobida klassitsizmning g‘oyaviy-ijodiy prinsiplarini bayon etib berdi. Klassitsizm murakkab va ziddiyatli hodisa bo‘lib, jahon adabiyoti tarixida katta ijobiy rol o‘ynadi.
Klassitsizm asarlarining mazmuni bevosita zamonasining aktual, ijtimoiy va axloqiy masalalarini ilg‘or marralarda turib aks ettirdi va zamon siyosiy hayotida turlisa (ijobiy va salbiy) aks-sado qo‘zg‘atdi. Klassitsizm adabiyoti realistik tafakkur tipining mahsuloti va ko‘rinishi sifatida maydonga chiqdi. Klassitsizmning realistik tafakkur mahsulotiga mansub bo‘lishining yana bir qancha alomatlari bor. Ulardan ikkitasini qayd etaylik.
Klassitsizm vakillari qahramonlarning ichki dunyosini chuqur va yorqin ochishga juda katta ahamiyat berdilar. Psixoanaliz – klassitsizmning qudratli qurollaridan biridir. Klassitsistlarning tragediyalarida qahramonning hayotidagi eng ziddiyatli, eng qaltis payt (masalan, yo vatan va burchga xiyonat qilib, tirik qolish yoki halok bo‘lib, vatanga, burchga sadoqat namoyish etish zaruriyati payti) tasvir etiladi. Har gal konflikt qahramonlarning halokati bilan tugamasa ham, jamiyat oldidagi burch hissi doimo g‘olib chiqadi. Bu vaziyat har personajning kechinmalarini ipidan ignasigacha sinchiklab tekshirish va yorqin ifoda etish yo‘li bilan batafsil “ishlanadi”, tasvirlanadi. Psixoanalizning chuqurligi va ta’sirchanligi klassitsizm asarlarining realistik tafakkurga mansub ekanini namoyish etadigan eng muhim xususiyatlardan biridir.
Klassitsizmni realistik tafakkurga mansub etadigan alomatlardan yana biri – unda syujet va tilning soddaligi (lekin jo‘nligi emas) dir. Fransiya adabiyotida, ayniqsa, saroy poeziyasida u davrda hukmron bo‘lgan jimjimador, sun’iy uslub va tilga qarshi kurashda shakllangan klassitsizm adabiyotni xalqqa yana ham yaqin qildi.
Klassitsizm vakillari antik adabiyotni badiiy ijodning klassikasi (oliy, mukammal namunasi) deb e’lon etdilar va shunga ko‘ra ularning adabiyotda tutgan yo‘li “klassitsizm” deb nom oldi.
Klassitsistlarning ijodiy metodiga xos muhim bir xususiyat butun asarning muallifning chuqur insonparvarlik g‘oyasi va irodasiga bo‘ysundirilganligidir. Butun asar, odatda, bitta katta g‘oyani ifoda etadi, hamma personajlarning taqdiri shu g‘oyaga munosabatda tasvirlanadi. Asarning bunday uyushtirilishi natijasida syujetda ikkinchi darajali hodisa va motivlarga joy qolmaydi, personajlar psixologiyasi va tili ham individuallashtirilmaydi. Bu klassitsizm asarlarida hayot tasvirlarining, shu jumladan, psixoanalizning cheklanganligini bildiradi.
Klassitsizm adabiyotdan ijtimoiy hayot taraqqiyoti talablari bilan mustahkam aloqada bo‘lishni talab etadi, shu bilan adabiyot va san’at (ayniqsa, teatr)ning o‘z zamonasi ilg‘or marrasida turib rivojlanishiga xizmat qiladi. Ammo klassitsizmning dogmatikaga aylangan ojiz tomonlari adabiyot taraqqiyotiga ma’lum darajada to‘sqinlik qildi. Klassitsizm hayotni haqqoniy emas, balki “tozalab”, ma’lum ijtimoiy va estetik talablar qolipiga solib tasvirlashni talab etdi. Bu bilan adabiyotda izchil realizmning paydo bo‘lishiga, ijodning keng va erkin rivojlanishiga g‘ov bo‘ldi.
Klassitsizm estetikasi bo‘yicha, qat’iy qoidalar doirasidan chiqilmasligi kerak. Shunday qoidalardan biri “uch birlik” talabidir: dramada tasvir etilayotgan hodisa bitta yaxlit syujet tarzida ifodalanishi (“harakat birligi” talabi), voqea bir joyda bo‘lib o‘tishi (“joy birligi” talabi) va 24 soatda bo‘lib o‘tishi zarur (“vaqt birligi” talabi). Asarning tilida “bachkana so‘zlar”ga joy berilmasligi, asar mumkin qadar yuqori, ko‘tarinki uslubda yozilishi, fikrlash va ifodalarning nozikligi hamda go‘zalligiga alohida e’tibor berilishi lozim. Bu talablarning ko‘pchiligi klassitsizm shakllangan sharoitning taqozosidir. Klassitsistlar podshoh saroyida yozuvchi va aktyor sifatida xizmat etdilar hamda o‘z asarlarini shu muhitdagi tomoshabinlarga mo‘ljallab yozdilar. Ammo klassitsizmning buyuk vakillari faqat podshoh va uning malaylari uchun yozmadilar, ular o‘z ijodlarini butun jamiyatning taraqqiyotida zarur problemalarga bag‘ishladilar. Hayot haqiqati klassitsistlarning asarlarida tobora chuqurroq, haqqoniyroq tasvir etila bordi. Ayniqsa, Mol’er ijodida realistik haqiqatparvarlik juda ham kuchli edi. Klassitsizmning bu xususiyatlari keyinroq jahon adabiyotida etuk realistik metodning shakllanishini tayyorlab berdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |