9-modda. Ijaraga berish chog‘ida mulkchilik Mol-mulkni ijaraga berish ana shu mol-mulkka egalik qilish huquqining boshqa kishiga o‘tkazilishiga olib kelmaydi.
Oldingi tahrirga qarang. Basharti, O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida o‘zgacha shartlar ko‘zda tutilmagan bo‘lsa, ijaraga olingan mulkdan foydalanib tayyorlangan mahsulot va olingan daromad, shuningdek ijaraga olingan mol-mulk orqasidan orttirilgan foyda (daromad) evaziga sotib olingan mol-mulk ijarachiga tegishlidir.
(9-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son) Ijarachining ijaraga olingan yer uchastkasida o‘z mablag‘lari va qarzga olgan mablag‘lari hisobidan qurilishning umumiy qoidalariga rioya qilgan holda zarur ishlab chiqarish va noishlab chiqarish binolari, shu jumladan uy-joy qurish huquqi shartnomada ko‘zda tutilgan bo‘lishi kerak. Ayni paytda ijara shartnomasining amal qilishi to‘xtatilgach, mazkur binolar va inshootlar kimga tegishli bo‘lishi qayd etib qo‘yilishi kerak.
Ijaraga olingan hududda ijaraga beruvchining ijozati bilan ijarachining mablag‘lariga qurilgan, boshqa joyga ko‘chirish mumkin bo‘lmagan binolar va inshootlar, ijara shartnomasida o‘zgacha shartlar ko‘zda tutilmagan bo‘lsa, ijaraga beruvchiga tegishli bo‘ladi. Shartnomaning amal qilish muddati tugaganidan so‘ng yoki shartnoma bekor qilinganda ijarachi ularning qiymatini ijaraga beruvchidan qaytarib olishga haqlidir.
Ijaraga olingan hududda ijaraga beruvchining ruxsatisiz ijarachi mablag‘iga qurilgan binolar va inshootlar, basharti ularni ko‘chirish mumkin bo‘lmasa, ijaraga beruvchiga tegishlidir. Agar ijaraga beruvchi ularni buzib tashlashni talab qilsa, ijarachi ularni o‘z hisobidan buzib tashlashga yoki ularni buzib tashlash bilan bog‘liq xarajatlarni qoplashga majburdir.
Ijaraga olingan korxonaning mol-mulkida korxona mehnat jamoasining a’zolari, shu mol-mulkni vujudga keltirish uchun o‘z shaxsiy mehnati bilan, shuningdek pul va boshqa mulkiy badallar bilan qo‘shadigan ulushning miqdori korxona ustavida ko‘zda tutilgan shartlar va tartib asosida belgilab qo‘yiladi.
Ijaraga olingan korxona mol-mulkiga mehnat jamoasining a’zosi qo‘shgan ulushning qiymati bo‘yicha korxonaning ustaviga muvofiq qimmatli qog‘ozlar berilishi mumkin. Mazkur qimmatli qog‘ozlarga mehnat jamoasi ishlab chiqarishning pirovard natijalariga va korxonani rivojlantirish vazifalariga qarab belgilaydigan miqdorda dividendlar to‘lanadi. Qimmatli qog‘ozlarning haqiqiy qiymati qog‘oz egalariga korxona ustavida nazarda tutilgan hollarda to‘lanadi.
Korxona ustavida u bilan mehnat munosabatlarini to‘xtatgan mehnat jamoasi a’zolariga dividendlar to‘lash tartibi va shartlari belgilab qo‘yiladi.
Ijaraga olingan korxona ixtiyorida qoladigan foyda (daromad) ijaraga berilgan korxona jamoasining qaroriga muvofiq taqsimlanadi.