III.BOB. AMIR TEMUR VA TEMURIYLAR DAVRIDA
ZARBXONALAR – PUL SIYOSATI
III.1§. Amir Temur va Temuriylar davri pul siyosati va soliqlar
Amir Temur Turon yurtiga yagona hukmdor sifatida ko‘tarilgandan so‘ng Movarounnahrda yashovchi barcha xalqlar intiqlik bilan kutgan jamiyatdagi tinchlik, ularning yashash tarzidagi barqarorlik va kundalik hayotidagi osoyishtalik vujudga keldi. Amir Temur hokimiyatga kelgan ilk davrlariyadoq Samarqand shahrini o‘z davlati uchun poytaxt sifatida tanladi va bu shaharning markaz sifatida o‘z rolini bajarishi uchun kerak bo‘ladigan barcha shart-sharoitlarni yaratishga kirishdi.
Amir Temur mamlakatni siyosiy jihatdan birlashtirish jarayonida qanchalik qat’iyat va shijoat bilan harakat qilgan bo‘lsa, mamlakatning iqtisodiy jihatdan ham yuksalishi uchun qator ishlarni olib bordi. “Amir Temur, ojiz kishilaru raiyatlarni, savdogar dehqonlarni muhofaza etishda qonunlarga rioya qilib, adolat rasmini bajo keltirdi. Asrlar mobaynida hali biror talabgorning ahdu nikohiga kirmagan ikki bo‘yi yetgan go‘zaldek bo‘lmish Eronu Turon mamlakatlarini (Amir sohibqiron) to‘la zabt etish va adolatli siyosat yurgizish orqali shunday boshqarmoqdaki, u yerlarning donishmandlari hayron qolmoqda. Uning adolatiyu siyosati o‘rnatilgan kunlarda Movarounnahrning eng chekka joylaridagin emas, balki, Xitoy va Xo‘tan chegarasidan Dehli atroflarigacha, Bobildan to Misr va Rum hududigacha bo‘lgan yerlarda savdogarlar u yoqda tursin, bolalaru beva xotinlar ham ipakli matolar, oltin-kumush va eng zarif tijorat mollarini keltiradilar. Hech bir kimsa ularning bir doniga ham ko‘z olaytira olmaydi va bir dirhamiga ham ziyon yetkazmaydi. Bu cheksiz ne’mat va poyonsiz marhamat Amir soibqironning siyosati va adolati natijasidir “.1
Amir Temur katta hududlarni bosqichma-bosqich o‘zi yaratayotgan davlat tarkibiga kiritib ularni yagona markaz ostida birlashtirdi va shu bilan birgalikda ularning iqtisodiy hayoti va moliya tizimini yagona tizimga keltirgan holda rivojlantirishga harakat qildi. Mamlakatda davlat boshlig‘i oliy hukmdor- Amir Temur bo‘lsa undan keyingi o‘rinda moliya devoni vakolati jihatidan eng kuchli edi. Ushbu moliya devonining rahbari – devonbegi mansabidagi shaxs va uning qo‘l ostida faoliyat olib boradigan kotibiyati tomonidan barcha ishlar olib borilar edi. Ushbu devonning asosiy vazifalari soliq tushumlarini belgilash va ularni tasarruf etish, savdo, qishloq xo‘jaligi tadbirlarini yuritish va mamlakat xazinasiga turli xildagi daromad va kirimlarni amalga oshirish, mamlakatning turli hududlarida tangalar zarb qilish va soliq yig‘ish bilan bog‘liq bo‘lgan ta’magirliklarning oldini olish hamda boshqa ko‘rinishdagi iqtisodiy muammolarni hal qilar edi.
Mamlakat o‘z o‘rnida ulus, viloyat va o‘lkalarni o‘z ichiga olar edi. Har bir shahar yoki viloyat hokimi dorug‘a hisoblanib, u tomonidan unga oliy hukmdor tomonidan berilgan hudud boshqarilar edi. Shu o‘rinda dorug‘a o‘ziga yuklatilgan hududni boshqarish davomida markaziy hokimiyat tomonidan berilgan buyruqlarga so‘zsiz itoat etar va vaqti-vaqti bilan belgilangan tartibda askar va soliq yig‘ish ishlariga ham mas’ul edi. Aynan ushbu mansabni tayinlash va o‘z vazifasidan ozod qilish ishlari ham aynan moliya devoni tomonidan amalga oshirilar edi. Amir Temur qo‘l ostidagi o‘lkalarni iqtisodiy jihatdan boshqarish haqida zikr qilib ularning yil mobaynida qancha foyda keltirishi va bu mablag‘larni qanday sarflash qo‘shin ta’minotiva oddiy xalqning to‘kin va farovon hayotini ta’minlash uchun doimiy tarzda o‘y yuritar edi. Amir Temur jamiyatni boshqarishda turli xil vositalardan jumladan, Qur’oni Karim, shariat qonunlari va ularda ko‘rsatilgan tavsiyalar va Temur davrigacha bo‘lgan podshohlar tajribasi bilan taqqoslagan holda ma’lum bir fikrga kelar edi. U “ Tuzuklar “ : “ Qaysi Vazir soflik, to‘grilik bilan vazirlik ishiga kirishib, davlatning moliya-mulk ishlarini diyonat, savob bilan, nafsi buzuqlik qilmay, omonatha hiyonat etmay, bajarar ekan, unday vazirni eng oliy martabalarga yetkazsinlar, qaysi vazir buzuqlik qilib yomonlik yo‘li bilan mamlakat ishlarini yurgizar ekan ko‘p o‘tmay saltanatdan hayru-barokat ko‘tariladi ” – deb yozadi.2
Temur o‘z davlatining mustaqil moliyasini shakllantirish va uning darajasini va iqtisodiy darajasini ko‘tarish uchun o‘z davlat hududiga kirgan barcha o‘lkalar moliya sohasini yagona tizimga birlashtirdi. Amir Temur o‘z davlatida olib borgan iqtisodiy siyosati va pul moliya tizimini yaxshilash davlatning iqtisodiy jihatdan yaxshilanishiga ijobiy ta’sir o‘tkazar edi. Pulning fuqarolar hayotida tutgan o‘rnin kundan-kunga ko‘tarilib borganligi sababli, dehqonlardan olinadigan mahsulot soliqlari naqd pul bilan belgilanishiga va undurilishiga imkon yaratgan. Amir Temur olib borgan faol tashqi siyosati tufayli, saltanat moliyasining mo‘g‘ul va boshqa tashqi bosqinchi kuchlarga tobeligini uzil-kesil tugatdi. U ulkan davlatning mustaqil moliyasini yaratishga va uni doimiy tarzda yaxshilab borishga imkon beradigan samarali, iqtisodiy muhitni yaratishga muvaffaq bo‘ldi. Saltanat xazinasi manbalari va mahalliy ulus hamda bekliklarga qarashli bo‘lgan mablag‘larni miqdoriy ko‘rsatkichlariga aniqlik kiritdi.
Amir Temur davrida davlat xazinasi ikki fonddan iborat bo‘lgan. Dastlabkisi asosiy xazina, unda asosan uzoq davrlar davomida avloddan-avlodga meros tariqasida o‘tgan durdonalar saqlangan. Ikkinchi qiam xazinasi esa doimiy harajatlar uchun foydalanilgan. Agarda harajatlar bilan bog‘liq muammolar kelib chiqib mablag‘lar yetishmay qolgan paytda birinchi fonddan “ qarz olib turilar va kelgusi davrdagi daromadlar hisobidan to‘ldirilar edi. Temurning xazina tizimi tartiblaridagi asosiy qilgan ishi shuki, u birinchi jamg‘arma fondidan foydalanmagan holda ikkinchi fondni yaxshiroq shakllantirish hamda mablag‘larning sarflanishi bo‘yicha olib boriladigan doimiy nazoratni tashkil etdi. Bundan tashqari ikki fondning ham kirim chiqimlari doimiy tartibda yozib olinadigan bo‘ldi. Shuningdek, birinchi fonddan ikkinchi fondga sarmoya ajratish ma’lum bir tizimdagi mas’ul vazirlar vakolatiga bo‘ysundirildi. Vazirliklar tizimida amalga oshiriladigan kirimlar va chiqimlar vazirlar tomonidan doimiy nazoratda ushlanadigan bo‘ldi. Yana bir muhim moliyaviy yondashuvlardan biri davlat xazinasi ya’ni markaziy xazina va uluslar o‘rtasida amalga oshiriladigan moliyaviy ishlarga aniqlik kiritildi. Qadimdan ma’lumki, davlatlar boshqa bir hududlarni egallagan vaqtda hudud bilan birga mag‘lub etilgan tomondan tovon sifatida boj undirgan. Yangidan-yangi soliqlar joriy etish tufayli soliqlar miqdori me’yordan oshirib yuborilgan. Amir Temur esa buning aksini amalga oshirgan.
“ Amr etdimki, - deb yozgan edi u “Tuzuklar” da, - raiyatdan mol xiroj yig‘ishdan ularni og‘ir ahvolga solishdan yoki mamlakatni qashshoqlikka tushirib qo‘yishdan saqlanish kerak. Nega-ki raiyatni xonavayron qilish davlat xazinasini kambag‘allashtirishga olib keladi. Xazinaning kamayib qolishi esa, sipohning tarqalib ketishiga sabab bo‘ladi. Sipohning tarqoqligi, o‘z navbatida, saltanatning kuchsizlanishiga olib boradi”.3
Amir Temur hokimiyat tepasiga kelganda unga mo‘g‘ullar davridan meros sifatida aholidan olinadigan soliq va mahalliy yig‘imlar tizimi boshqaruv sohasida meros bo‘lib o‘tgandi. Misol sifatida mo‘g‘ullar davridagi daromad solig‘i, qupcho‘r, targ‘u, tutun, tuz, jon (kumush) soliqlari aholidan doimiy tarzda undirib borilgan. Katta-katta davlatlarning iqtisodiyotini qishloq xo‘jaligi va undan keladigan daromadlar tashkil etgani kabi Temur davlatida ham qishloq xo‘jaligi asosiy daromad vazifasini o‘tagan. Qishloq aholisi ko‘p hollarda dehqonchilikka aloqador bo‘lgan ikki xil: ushr va xiroj solig‘ini to‘laganlar. Davlat xazinasining asosiy qismi ushbu soliqlar hisobiga shakllantirilgan. Qishloq aholisi dehqonchilikdan tashqari bog‘dorchilik va chorvachilik bilan kun kechirganlar. Asosiy dehqonchilik xiroj va ushr soliqlari bo‘ladigan bo‘lsa, yana undan tashqari chorvachilik, bog‘dorchilik sohalari uchun molsardaraxt, mol o‘tloq, mol suvloq, mirobona soliqlari ham doimiy tartibda belgilangan miqdorlarga ko‘ra aholidan undirilgan. Soliqlar o‘z-o‘zidan sohalarga qarab belgilanmasdan mahsulotning sifatiga qarab yoki soniga ko‘ra turli xil usullarda belgilangan. Bunga birgina misol tariqasida qishloq xo‘jaligi sohasida yetishtirilgan hosiladan olinadigan soliq foydalaniladigan yerning sifatiga qarab hosilning 1/10 miqdoridan 1/3 qismigacha belgilangan. Savdogarlar va hunarmandlar turlicha tartibda tamg‘a va zakot soliqlarini to‘lab borishgan. Davlat chegarasini kesib o‘tgan savdo karvonlaridan ham boj olingan. Albatta, o‘sha davr uchun yuqorida ko‘rsatilgan soliq turlari davlat xazinasini shakllantiruvchi asosiy manba bo‘lib xizmat qilgan. Yana shuni qo‘shimcha qilish mumkinki, mahalliy mahkamalar tomonidan jon solig‘i – sarshumar, har bir uydan olinadigan solig‘i - honashumar, zaruriy holatlarda yig‘iladigan avorizot kabi soliqlar aholidan undirilar va ular tomonidan olib qolinar edi. Shunday qilib Amir Temur o‘z davlatining iqtisodiy asosini yaratgandan so‘ng bosib olingandan so‘ng mamlakatlardan qanday turdagi soliqlar olinganligini ko‘rsatuvchi manbalar yetarlicha topiladi. Soliq undirish jarayonida turli xil tamoyillar foydalanilgan bo‘lib, uning eng asosiylaridan biri adolatparvarlik edi. Turli manbalardan shuni bilishimiz mumkunki, Temur davlati xazinasini shakllantiruvchi yan bir qo‘shimcha omillardan biri qo‘shni egallangan mamlakatlar xazinasi musodara qilingan xazinasidan kelib tushadigan turli xildagi noyob mahsulotlar, jumladan: nodir metallar, oltin, kumush yombilar, qimmatbaho toshlar va boshqa turdagi kata miqdordagi boyliklarni ham sanab o‘tishimiz mumkin. Masalan Ko‘k saroydagi xazina saqlanadigan xonalarda Amir Temurning Oltin O‘rdada To‘xtamishxonni mag‘lubiyatga uchratgandan keyin Tabriz kabi shaharlar, Oltin O‘rda davlatining xazinalaridan qo‘lga kiritilgan ashyolar, Dehlidan olib kelingan antiqa buyumlar, Turk sultonlari xazinasidagi salbchilardan tortib olingan va boshqa xilma-xil o‘z davri uchun kamyob tarixiy anjomlar vazifasini o‘tagan. Bu kirimlar ham soliqlar kabi doimiy tartibda xatlab borilgan. Ammo qo‘shinga tortiq qilingan qismi ro‘yxatdan o‘tkazilmagan. Baxtga qarshi xazinani va uning tushumlarini ro‘yxatga olib borgan bunday yozma manbalar bizning davrimizgacha saqlanmagan. Bunga qo‘shimcha tarzda xazina tushumlari orasida oltin va turli boshqa ma’dan konlaridan qazib olinadigan qimmatli metallar hisobiga ham xazina miqdoriy jihatdan boyib borgan. Amir Temur davrida shunday katta xazina shakllangan bo‘lishiga qaramay, aholini soliqlardan ozod qilmaganligi to‘g‘risida turli baxslar mavjud, lekin Amir Temur o‘z yutuqlarini va muvaffaqqiyatlarini nishonlash jarayonida ayrim vaqtlarda Samarqand va boshqa yirik shaharlarda oddiy xalq vakillarining bir ba’zi xollarda bir necha yillik soliqlaridan ozod qilganligi haqida bilishimiz mumkin. Ammo xazinaning miqdoriy ko‘rsatkichlari doimiy bir xil bo‘lmagan. Tarixiy manbalardan bilishimiz mumkinki, ayrim hollarda sipohga ba’zi vaqtlarda pul o‘rniga kvitansiya berilganligi ma’lum. Amir Temur yuksak ma’naviyatli shaxs, o‘z davri uchun yetarli iqtisodiy bilimga ega bo‘lgan hukmdor sifatida aholidan olinadigan barcha soliqlarni bekor qilish xazina tamoyillariga zidligini yaxshi bilar edi. Amir Temur yoshlok chog‘larida davlatni boshqarishda soliqlarning o‘rni va atrof mamlakatlar bilan iqtisodiy aloqalarni yo‘lga qo‘yishda va davlat boshqaruvini shakllantirishda soliqlar muhim hal qiluvchi omil vazifasini bajarishini bilar edi. Davlatning mahalliy boshqaruv sohalaridagi sarf-harajatlari ma’muriy idora va saroyning umumiy harajatlari, harbiy harajatlar mamlakat farovonligi va olib borilgan qurilish bunyodkorlik ishlariga ilm-fan ma’daniyat va diniy tadbirlarni amalga oshirishga sarflanadigan harajatlar ham xazina hisobiga shakllantirilgan. Mahalliy boshqaruv va ma’muriy sohadagi sarf-harajatlar borasida Temur davlatida turlicha qarash mavjud bo‘lib, ular bir-biridan farqli xususiyatlarga ega bo‘lgan. Temur bosib olgan hududlar to‘rt ulusga bo‘linib idora etilgan. Ularni Temurning o‘g‘illari va nabiralari tomonidan idora etilgan. Masalan, Ozarbayjon, Armaniston va Iroq hududlarini boshqargan va bu hududlarni yagona markazga birlashtirgan holda Mironshoh tomonidan boshqarilgan. Har bir davlat o‘z navbatida uluslarga bo‘lingan bo‘lsa keyingi bo‘g‘inlarda qator shaharlar va tumanlar turgan. Boshqaruv usuli turk-mo‘g‘ul an’analari asosida amalga oshirilgan. Har bir ulusning tarkibida o‘rta hisobda 7-12 ming oralig‘ida qo‘shini bo‘lgan. Ularga xizmat haqlari ulus mahkamalaridan tarqatilgan. Markaziy hokimiyat tizimi katta miqdordagi xarajatlar tizimini o‘zida jamlamasdan mahalliy hokimiyat tizimida xazinalar shakllantirilib, harajatlar ular hisobidan qoplangan. Ammo, barcha kirim-chiqimlar ro‘yxatga olingan. Markaziy hokimiyat tizimida devonxona bo‘limi mamlakatdagi kirim-chiqimlarni doimiy tartibda nazoratda ushlagan. Ushbu devon tarkibidagi to‘rtta vazir tomonidan ushbu ishlar yuritilgan. Albatta mahalliy hokimliklar tizimidagi harajatlarning ko‘pligi ro‘yxatga olishni qiyinlashtirar edi. Amir Temur va Temuriylar davrida byudjet taqchilligining oldini olish va xazinaga tushumlarni yaxshilash maqsadida mamlakat iqtisodiyotiga katta e’tibor berdilar. Amir Temur o‘z tuzuklarida – “ Qaysi amrga tiyul berilar ekan, uni uch yilgacha o‘z holiga qo‘ysinlar. Uch yil o‘tgandan so‘ng tekshirib ko‘rsinlar: agar mamlakat obod raiyat rozi ekan shu holda qoldirsinlar; agar ahvol bunga xilof ravishda bo‘lsa ul viloyatni holisa fuqarolari soliqlardan ozod qilishga o‘tkazilib, uch yilgacha o‘sha jogirdorga ulufa berilmasin”.4
Davlatda soliq yig‘ish tartibi aniq tizimlar asosida tashkil qilingan bo‘lib, soliq yig‘ish Qur’oni Karim ta’limotiga muvofiq tarzda amalga oshirilgan. Bu to‘g‘risida hadislar va turli diniy kitoblarda bu haqida ma’lumotlar keltirib o‘tilgan. Oddiy xalqdan soliq yig‘ish davrida ularni og‘ir ahvolga solib qo‘yishdan yoki qashshoqlikga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan harakatlardan tiyilgan. Chunki raiyatning moliyaviy jihatdan tanazzulga uchrashi davlat xazinasining bo‘shab qolishiga olib kelishini Amir Temur bilgan. Bosib olingan hududlarda oddiy xalqdan shu paytgacha bo‘lgan tartibda xiroj yig‘ish ishlari amalga oshirilgan. Asosiy yer solig‘i hisoblangan xiroj, hosilga va yerning unumdorligiga nisbatan yig‘ilgan. Amirlar va mingboshilar, raiyatdan soliqlarni naqd pul yoki mahsulot bilan yig‘ayotganlarida xirojdan tashqari sovariy-hukmdorlar o‘z ta’sir doirasida bo‘lgan hududlardan o‘tayotganlarida oddiy aholidan talab qilinadigan sovg‘alar, qo‘nalg‘a- choparlar va turli mamlakatlardan tashrif buyurgan elchilarga oziq-ovqat va ot ta’minoti uchun yig‘im berilgan, hamda shilon – hukmdor toifaning oziq-ovqati uchun yig‘iladigan to‘lovlarni olish taqiqlangan.
Amir Temur va uning vorislari davrida mamlakatning iqtisodiy jihatdan rivojlanishi soliq tizimiga sezilarli darajada bog‘liq edi. Mamlakat g‘aznasiga soliq yig‘imlari qanchalik ko‘p jalb etilsa, asosiy xarajatlar bo‘lgan harbiy soha, saroy xarajatlari, mamlakat obodonchiligi va boshqa sarf-xarajatlar uchun pul tanqisligi vujudga kelishining oldi olinar edi. Ammo soliq yig‘ish va uning miqdorini belgilashda odillik va adolatli siyosat yuritilmasa, jamiyat tamoyillari buzilishiga olib kelishi mumkin edi. Agar oddiy aholidan soliq ko‘p yig‘iladigan bo‘lsa, ularning moddiy manfaatdorligi sezilarli darajada pasayib ketardi yoki aksincha, kam soliq yig‘iladigan bo‘lsa, davlat boshqaruvi, qo‘shin ta’minoti va boshqa mamlakatning sarf-xarajatlari uchun mablag‘ yetishmovchiligi paydo bo‘lishi mumkin edi. Ushbu omillarni hisobga olib davlatda adolatli soliq siyosatini yuritish nihoyatda muhim edi. Birgina, Mirzo Ulug‘bek davrida bug‘doy yig‘ib olinmasdan, soliq yig‘ib olish qat’iyan ta’qiqlangan. Bunga asosiy sabab, hosil yig‘ib olinmasdan aniq soliq to‘lanadigan miqdorni bilish imkonsiz edi. Bu davrda soliq yig‘ishning uchta aniq belgilangan vaqti bor edi:
Saraton vaqti (iyun-iyul oylarida)
Sumbula mezon vaqti (avgust-sentabr oylarida)
Qavs vaqti (noyabr oyi)
Soliq yig‘ish vaqtida asosiy soliq to‘lovchilar bo‘lgan dehqon, chorvador, bog‘bon va shu kabi kasb egalaridan soliq yig‘ish davrida, ularga nisbatan zo‘ravonlik o‘tkazish, ularning haq-huquqlarini poymol qilish yoki ishni urush-janjalgacha olib borishning oldini olish qat’iy belgilangan edi. Bundan tashqari soliq yig‘uvchilarning qarzdorlarni bandi qilish va ularga nisbatan keskin choralar qo‘llashga umuman xaqlari yo‘q edi.
Harajatlarni tizimlashtirish va shakllanayotgan byudjet tizimini rivojlantirish Temur moliyaviy siyosatining asosiy yo‘nalishlaridan edi. Amir Temur davrigacha ilgaridan haqiqiy harajatlar miqdori o‘lchanmasdan, taxminiy jihatdan chamalangan holda ajratilar edi. Buning natijasida harajatlardan ortib qolinadigan mablag‘lar ortga qaytarilmas va keyinchalik muammolarga sabab bo‘lar edi. Buning oldini olish uchun Temur xazina harajatlari tizimida aniqlilik va qat’iylikka alohida urg‘u berib, ushbu harajatlarni tizimlashtirish va qat’iy belgilashga alohida e’tibor berdi. Boshqaruv tizimidagi mansablar maoshi jihatidan bir-biridan turlicha farqlangan.
Amir Temur “ Tuzuklar ” da “ Amr qildimki amir ul-umaroning maoshi o‘z qo‘l ostidagidan o‘n barobar ortiq bo‘lsin. Shunga o‘xshash devonbegi va vazirlarning maoshlari amrlar maoshidan o‘n barobar ko‘p bo‘lsin. Yasovullar, chapovullar, qalaqchilar maoshlari xizmatlariga yarasha mingdan to o‘n ming tangagacha bo‘lsin; ahli majlis bo‘lgan sayyidlar, olimlar, fozil kishilar: hakimlar, tabiblar, munajjimlar, qissaxonlar, habarchilar, tarix donlarga o‘z hollariga qarab, suyurg‘ol, vazifa va maosh belgilansin. Piyodalar, xizmatchilar, farroshlarga yuzdan minggacha maosh bersinlar “ .5
“Tuzuklar” da ko‘rsatilishicha, “oddiy askarlardan har o‘n sakkiz kishi uchun o‘zi bilan birga bir chodir ( xayma ) olyein, har bir askar ikki ot, bir kamon, bir sadoq o‘qdon( tarkash), bir qilich , arra, bigiz, bir qop (juvol), juvoldiz, bolta, o‘nta igna va orqaga osiladigan charm xalta (charm po‘sht) olyein” 6, deb buyruq berilgan.
Jamiyatdagi iqtisodiy qonunlar va normalar haqida gap ketganda Amir Temur va Temuriylar davlatida sipohilarga beriladigan maosh miqdori ular mingan otlarining qiymati darajasida maosh berilgan bo‘lsa bahodirlarga to‘rt barobar ko‘proq maosh to‘langan. O‘nboshilarga esa oddiy askarlarga nisbatan o‘n barobar ko‘p maosh tayinlangan. Maoshlarning ot bahosiga ko‘ra miqdoriy o‘lchanishi saltanatning turli hududlarida Tovar-pul munosabatlari keng yoyilmaganligi, ikkinchi tomondan esa o‘sha davrdagi pul mablag‘larini xarid darajasi o‘zgarib turganligi bilan bevosita aloqador edi. Amir Temur buyuk davlat arbobi bo‘lishi bilan birgalikda o‘z davrining buyuk sarkardasi edi. Albatta uning bu xususiyatlari ko‘plab tarixchilarning e’tiborini tortgan. Ular o‘z asarlarida Amir Temur olib borgan davlat siyosati va iqtisodiy tadbirlarini o‘rganishga harakat qilganlar. Masalan, rus harbiy tarixchisi M.I.Ivanin o‘z asarlarida Amir Temur davlat boshqaruvida soliq, maosh va mukofotlash tizimlari xususida so‘z yuritgan. “ Amir Temur jismoniy jazo berishni yoqtirmaganligi uchun uni taqiqlab qo‘ygan, hokimiyati qamchi va tayoqdan kuchsiz bo‘lgan boshliq o‘zi egallab turgan lavozimga mos emas, der edi”7
Aynan shu tarixchi Amir Temur qo‘shinidagi piyoda qo‘shinlar otliq qo‘shinlardan ko‘ra miqdor jihatdan ko‘p maosh olishlarini ta’kidlab o‘tadi. Uning keltirishicha piyodalarning otliqlarga nisbatan ko‘p maosh olishi bevosita ularning xizmati sharafliroq va otliq qo‘shinning harbiylarinikidan ko‘ra mashaqqatliroq bo‘lgani bilan bog‘laydi. Piyoda askarlarni ta’minlash davlast xazinasiga qimmatga tushganligi sababli ular son jihatdan ko‘p bo‘lmagan. Maosh ,asosan, pul bilan to‘langan. Bunga sabab sifatida esa arpa va bug‘doy bilan jangchilarga maosh berish doimo harbiy harakatlarda yurgan, ko‘p hollarda oilasi bilan birga bo‘lgan qo‘shin harakatini qiyinlashtirib qo‘yishiga olib kelishi mumkin edi. Maosh uchun Kichik Osiyoga yurishdan avval ikki yuz ming kishilik qo‘shinga maoshlarning yetti yillik miqdorini birdaniga berilganligi tarixdan ma’lum. Agar buncha miqdordagi maoshni natura shaklida berilganda edi, uning miqdori katta miqdordagi arpa va bug‘doyni tashkil etib qo‘shinning tez harakatlanishini cheklab qo‘ygan bo‘lar edi.
Byudjet shakllantirilayotganda markaziy devonda, uluslarda va tumanlarda moliya nazorati qattiq joriy qilinib doimiy nazoratda ushlangan. Qonunbuzarlarga qarshi qattiq jazo tartiblari belgilangan. Agar suiste’mollik aniqlanadigan bo‘lsa, keskin chora qo‘llangan. Agar amaldorlarninng o‘zlashtirib olgan pul miqdori maoshiga nisbatan ikki barobargacha ko‘p bo‘ladigan bo‘lsa, shu ortig‘i keyingi oladigan maoshlari miqdoridan olib qolingan. Aksincha, uch barobardan ham oshib ketadigan bo‘lsa, to‘liqligicha aybdordan undirilgan. 8
Amir Temur uzoq yillar davomida olib borgan yurishlari natijasida katta miqdordagi sarf-harajatlarni amalga oshirishga majbur edi. Misol tariqasida, Hindistonga 92 ming qo‘shin ishtirok etgan bo‘lsa 1405-yildagi Xitoyga qarshi harbiy yurishga 200 mingdan ortiq qo‘shin jalb etilgan edi. Bu belgilangan qo‘shinlarning oylik maoshidan tashqari ularning qurol-yarog‘i, oziq-ovqat ta’minoti va boshqa qo‘shimcha harajatlarning ham hisobini ham ko‘z oldimizga keltirishimiz kerak. Amir Temur yaratgan davlatida yuritgan iqtisodiy tadbirlari mamlakatning iqtisodiy jihatidan rivoj topishi uchun kuchli ta’sir kuchiga ega edi. Shuning uchun Temur va uning vorislari davrida jamiyatdagi ishlab chiqarish kuchlarining taraqqiyotini ta’minlash, ichki va tashqi bozorlardagi savdoni jonlantirish uchun bir qator ishlar olib borgan.
Ma’muriy jihatdan mamlakatni boshqarish va saroyning harajatlari harbiy harajatlardan miqdoriy jihatdan keyingi o‘rinda turgan ana o‘sha harajatlar hisobiga mahobatli saroylar, tarixiy-me’moriy yodgorliklar va poytaxt Samarqanddagi bir-biridan betakror bog‘larni barpo etish uchun ham katta miqdordagi mablag‘ ajratilar edi.
Manbalarda qayd etilishicha davlatni xunik qilib ko‘rsatuvchi jihatlardan biri sifatida Amir Temur tomonidan e’tibor kamaytirilishiga e’tibor berilgan jihat bu gadolik edi. Gadolarni tugatish ularni ma’lum bir kasb-kor bilan ta’minlash zarur edi. Shu jihatlarni hisobga olgan holda Amir Temur gadolar bilan birgalikda nochorlarni ham iqtisodiy jihatdan ta’minlash uchun katta miqdorda mablag‘ ajratgan. Amir Temur davlatida moliya tizimining o‘ziga xos xususiyatlari xususida gapirilganda Temurning moliyaviy siyosatini boshqa davlat rahbarlarini moliyaviy jihatdan olib borgan ishlari bilan taqqoslash orqali Temurning ko‘plab ustunlik jihatlarini ko‘rishimiz mumkin. Misol tariqasida, tarixchi olim A.Yakubovskiy Amir Temurni XI asrda hukmronlik qilgan g‘aznaviylar sultoni Mahmud bilan solishtiradi. Mahmud G‘aznaviy ko‘plab hududlardan olib kelingan katta miqdordagi boyliklarni mamlakat xo‘jaligi yo‘lida sarflamas edi. Ammo, Temur mamalakat xo‘jalik hayotini yo‘lga qo‘yish va ichki hayotni tartibga solish uchun qattiq harakat qildi. Amir Temur va Temuriylar davlati ulkan hududlarni o‘z ichiga olganligi bois ularning har qaysi biridan katta miqdorda soliq daromadlari to‘planar edi. Amir Temur esa bu katta miqdordagi mablag‘larni mamlakat hayoti uchun sarflashga harakat qilar edi. Aynan shu sababli Amir Temur yagona mustahkam davlatni bunyod etish maqsadida iqtisodiy ishlar va tadbirlarga alohida urg‘u berar edi.
Do'stlaringiz bilan baham: |