II Mavzu: Din – ijtimoiy tarixiy etnik hodisa.
REJA:
1. Din ijtimoiy hayotni, voqyelikni o’ziga xos aks ettiruvchi ijtimoiy ong shakli.
2. Dinning tarixiy shakllari, mohiyati va ildizlari.
3. Jamiyat taraqqiyotida dinning etnik hodisa sifaida tutgan o’rni.
1. Din ijtimoiy hayotni, voqelikni o’ziga xos tarzda aks ettiruvchi ijtimoiy ongning shaklidir. Diniy ta’limotlar jamiyat hayoti bilan bo’gliq ravishda paydo bo’lib, ular jamiyat hayotidagi voqea-hodisalar diniy ta’limotlarda o’z ifodasini topadi. Diniy ong, urf-odatlar, diniy dunyoqarash ko’p jihatdan inson his-tuyg’ulari, ehtiroslari, hayollari ta’siri ostida paydo bo’ladi. Dinning ijtimoiy tarixiy, gnosiologik va psixologik ildizlari mavjuddir. Dinning ildizi dinning vujudga kelishini, uning qayta tiklanishi zaruriyati va imkoniyatlarini, umuman, uning salohiyatini yaratuvchi kishilar yig’indisidir. Dinning ujtimoiy-iqtisodiy ildizi deyilganda dinni vujudga keltirgan kundalik hayotiy shart-sharoitlar yig’indisi tushuniladi. Jamiyat iqtisodiy taraqqiyoti darajasining pastligi, odamning tabiat kuchlari oldidagi ojizligi ularda ilk diniy tasavvurlarning paydo bo’lishiga sabab bo’ladi. Jamiyat hayotining ma’lum bosqichida vujudga kelgan din tarixiy va ijtimoiy hodisa bo’lib, jamiyat hayotida sodir bo’luvchi voqea va hodisalar diniy ta’limotlarga ham o’z ta’sirini ko’rsatgan. Dinlar dastlab politeistik, ya’ni ko’pxudolik dinlardan iborat bo’lib, insonda ong-tafakkur shakllanishi jarayonida inson tevarak atrofda sodir bo’layotgan voqea-hodisalarning sabablarini tushunishga harakat qila boshlaydi. Dinning gnosiologik ildizlarini tashkil etuvchi bu narsa-hodisalarning bu sabablarini bilmaslik inson tomonidan butun tevarak atrofdagi narsa va hodisalarni jonlantirib tasavvur qilishiga olib keldi. Jamiyat hayotida sodir bo’lgan o’zgarishlar, yirik davlatlarning vujudga kelishi, hokimiyatning yakka hukumdor qo’lida to’planishi odamlarning politeizmdan monoteizmga o’tishiga, ko’plab xudolar ichidan yagona xudoga e’tiqod qilishining boshlanishiga olib keladi. Dinning psixologik ildizlari dinlarning ma’naviy ruhiy ehtiyojlari bilan bevosita bog’liqdir. Insonning o’ziga doimo taskin beruvchi, uning his-tuyg’ularini yengillashtiruvchi kuchga bo’lgan ehtiyoji dinning psixologik ildizlarini tashkil etadi.
Din so’zi o’zbek tiliga arab tilidan kirib kelgan bo’lib, ishonch, ishonmoq degan ma’noni bildiradi. E’tiqod so’zi ham arab tilidan kirib kelgan bo’lib, chuqur mustahkam ishonch degan ma’noni anglatadi.
Din bu insonga birdan-bir to’g’ri hayot yo’lini ko’rsatadigan va o’rgatadigan ilohiy qudratga ishonch va e’tiqodni ifoda etadigan maslak, qarash hamda ta’limotdir. Diniy imon va e’tiqod din yo’lining to’g’riligi, haqligi ishonchdan iborat ma’naviy ruhiy holatdir.
Dinning tarkibiy qismi muayyan elementlardan, diniy ong, diniy ibodat va diniy tashkilotlardan iborat bo’lib, diniy tashkilotlar faoliyati ijtimoiy vazifalar bilan belgilanadi. Jamiyatdagi diniy munosabatlar ijtimoiy munosabatlarning boshqa turlari, ya’ni siyosiy, huquqiy axloqiy-ma’naviy, iqtisodiy mehnat munosabatlari hamda jarayonlari bilan bevosita bog’liqdir. Diniy jamoa diniy e’tiqodga asoslangan kishilar birligining asosiy belgilari quyidagilardan iboratdir.
1)Diniy e’tiqod, maqsad va vazifalar birligi, 2)Diniy marosimlar va undan tashqaridagi faoliyatlarning birligi, 3)Etnik birlik tuyg’usi, 4) Jamiyat azolari orasidagi o’zaro taqsimlangan mavqe va vazifalarning tuzilishi an’analar va urf-odatlar huquq yoki umumiy dasturlar, qoida, fatvolar bilan belgilanadi. Dinlar tarixida ko’p hollarda diniy birlik etnik birlikka mos kelgani uchun din etnik milliy birlik ma’nosini ham anglatgan. Masalan, islom dinida millat emas, islom diniga e’tiqod qiluvchi, Muhamad payg’ambar targ’ibotiga ergashgan kishilar birligi-ummat tushunchasi ishlatiladi. Diniy munosabatlar eng tez o’zgaruvchan munosabatlar bo’lib, bevosita diniy ehtiyojlar bilan bog’lanmagan, ayni zamonda kundalik va muhim ijtimoiy vazifalarni ham qilishga qaratilgan, kishilarning hatti-harakatlarini diniy qarashlar, pand-nasihatlar, odatlar orqali belgilash, yo’naltirish natijasida vujudga keladi.
2. Jahonda ko’plab dinlar mavjud bo’lib, dinshunoslik fanida ular 3 ta turga, urug’ qabila dinlari, milliy davlar dinlari hamda jahon dinlariga bo’lib o’rganiladi.
Urug’-qabila dinlari ibtidoiy jamiyat tuzumida vujudga kelib ularga animizm, fetishizm, totemizm, shomonizm va magiya kiradi. Ibtidoiy jamiyat sharoitida vujudga kelgan bu dinlar diniy tarixiy shakllari ham deyiladi. Animizm lotin tilidan anim , ya’ni jon, ruh degan ma’noni anglatib, insonni o’rab turgan dunyoda turli ruhlarning borligiga ishonishdir. Animizm-ruhlar mavjudligiga ishonishdir, Animizm-ruhlar mavjudligiga ishonch, tabiat kuchlarini ilohiylashtirish, hayvonot, o’simlik va jonsiz jismlarga ruh, ong va tabiiy qudrat borligi haqidagi ta’limotdir.
Sehrgarlik turlariga davolash, ziyon yetkazish, muhabbat uyg’otish, ovchilik, dehqonchilikka xos xarakat va boshqalar kiradi. Sehr yo’li bilan aldashning asl ildizi xalq mediöinasiga - tibbiyotiga bog’liq. Masalan, o’zbeklarda ko’chiriq qildirish, kuf-suf qilib dam solish, kinna soldirish, isitma-sovutma qilish, fol ochirish shular jumlasiga kiradi. Ziyon yetkazishga qaratilgan sehr boshqa urug’, kabilardagi dushmanga ziyon-zahmat yetkazishni istash, tilashdir: muhabbat uyg’otish sehrgarligi esa isitma-sovutma qilishdan iborat; ovchilik sehri ovda omadli bo’lish, bunda yirtqichlardan holi bo’lish va h.larga kiritilishdir: dehqonchilikda hosildorlikka hayolan sehrlash yo’li bilan erishishdir. Bu yo’l bilan yomg’ir yog’dirishga urinishdir. Talabalar va ularning yaqinlari bu hodisalarga hozirgi zamon fan va texnika yutuqlari asosida tahlil qilsalar ularning asossizligiga ishonch hosil qiladilar.
Sehrgarlik bilan o’zbeklarda azayimxon, duoxon, parixon, kinnachi, baxshi, folbin v.b.lar shug’ullangan. Bular hali ham chekka joylarda soddadil odamlarni aldab kun ko’radilar. Sehrgarlar jin (ajina), pari, alvasti, yosuman, dev, ajdaho, arvohlarga ishonishni targ’ib qilib, xurofatparastlarni ular tajovuzidan xalos qilishga va’da berib, aldaydilar. Endi ularga deyarli hyech kim ishonmaydi. Talabalar ham bundan xulosa qilishlari lozim.
Fetishizm, fetish so’zi fransuz tilida but, tumor, sanam, sehrli narsa, degan ma’noni aglatadi. Fetishizm jonsiz narsalarni g’ayritabiiy xususiyatga ega deb ishonish va ularga sig’inishdir. Sig’inish obyektlari, ya’ni fetishlar- tosh, tayoq, daraxt, umumman, har qanday buyum bo’lishi mumkin.
Totemizm. Totem so’zi Shimoliy Amerikada yashaydigan Ojibva qabilasi tilida “uning urug’i” degan ma’noni anglatadi. Totemizm odamlarning ma’lum guruhi bilan muayyan hayvon, parranda va o’simliklar o’rtasda g’ayritabiiy tarzda qon-qarindoshlik aloqalari bor deb hisoblab ularga sig’inishdir. Totemizm turli xalqlarda mavjud bo’lib, totemlar e’zozlangan, ularni o’ldirish va ov qilish ta’qiqlangan.
O’rta Osiyo o’zbeklarining qadimiy ajdodlari qaldirg’och, musicha, laylak, ko’kqarg’a, bug’ilarni shunday deb hisoblab, ularga sig’inganlar: ularni asrab-avaylab, ozor bermay, ulug’lab, maqtab, ozuq berib, yashashi, ko’payishiga ko’maklashganlar.
Hayvonlarga sig’inish urf-odatining qoldiqlari hali ham bor. Boshqa xalqlar, jumladan hindilar sigirga, maymunga, ilonga avstraliyaliklar kenguriga shunday qaraydilar.
Shomonizm. Shomon so’zi tunguk tilida “o’ta hayajonlangan”, ” jazavali kishi” degan ma’noni anglatadi. Shomonizm odamlar bilan ruhlar o’rtasida vositachilik qila olishi qudratiga ega bo’lgan odamlar-shomonlar borligiga ishonishdir. Shomon go’yo sehrli kuchga ega deb hisoblanadigan doira, nog’ora yoki boshqa cholg’u asbobi jo’rligida qo’llab raqsga, jazavaga tushib ruhlar bilan gaplashishga harakat qilgan.
Magiya- sehrgarlik yoki jodigarlik degan ma’noni bildirib, odam, hayvonot yoki tabiatga g’ayri tabiiy yo’l bilan ta’sir o’tkazish maqsadida bajariladigan xatti-harakatlar va urf-odatlar yig’indisidir. Sehrgarlik magiyaning davolash ya’ni o’z ildizlari bilan xalq tibbiyotiga bog’liq bo’lgan ziyon-zaxmat tilash, muhabbat, ya’ni ikki jinsni bir-biriga isitish yoki sovutish, ovchilik ya’ni ovga ta’sir o’tkazish kabi turlari bor. Buning tarixiy shakllari, urug’-qabila dinlarida odamlar tabiatdagi biror narsa hodisani muqaddaslashtirib unga sig’inganlar.
Milliy davlat dinlari qadimgi davrga xos bo’lib, davlatlarning vujudga kelishi, turli ijtimoiy tabaqalarning tashkil topishi, diniy ta’limotda oxirat to’g’risidagi tasavvurlarning paydo bo’lsihi, dinga xizmat qiladigan ruhoniylar tabaqasining shakllanishi, ibodatxonalar qurilib, diniy e’tiqod bilan bog’liq bo’lgan toat-ibodat qoidalarining ishlab chiqilishi, olamning o’z bosqichidan iboratligi va insonning bu dunyodagi xatti-harakati uchun u dunyodagi javobgarligi to’g’risidagi talablar diniy ta’limotlarga kiritldi.
Har bir buyum, hodisa kabi din ham o’z mohiyatiga ega. Dinshunoslik asoslari dinning mohiyati g’ayri tabiiy kuchlarga ishonishdan iborat deb ta’lim beradi. Ular qatoriga ibtidoiy dinlarga hos totem, fetish, ruh, milliy davlat va jahon dinlariga xos xudolar, farishta, payg’ambar, avliyo, pir, eshon, murid va v.h.larga sig’inishlar kiradi. Din mohiyatining hodisasi ham bor bu uning namoyon bo’lishi amaldagi ifodasi turli xil ibodatlardir. Masalan, musulmonlarda nomoz o’qish, ro’za tutish, hatna (aqiqa), haj qilish, nikoh o’qitish, xijobga kirish, janoza, maraka, muqaddas sajdagohlarni ziyorat qilish va xokazolardan iborat. Bular diniy amaliyot, din faoliyatini tashkil etadi. Bu esa diniy e’tiqod va tuyg’u, diniy mas’uliyat, ibodatxonalarni, biror diniy tashkilot oldida turgan diniy vazifalari dindor odam, guruh, jamoa, diniy tashkilot va muassasalar faoliyatini namoyon etishdir.
Dinning mohiyati va amaliyotni kuchaytiradigan subyektiv omillardan biri diniy ongdir. U esa hayoldagi bor bo’lgan mavjudot hususiyat va shu tarzdagi aloqalar bor deb faraz qilish dindorlarning ular bilan munosabatda bo’lish ehtimoli bor deb hisoblab ularga ishonishdir. Dinning mohiyati dinning vujudga kelishi va qayta tiklanib turishi uning uch ildizi bilan bog’liq, bular ijtimoiy, gnoseologik va psixologik ildizlar. Bularning paydo bo’lishi va qayta tiklash kishining zaruriyati va imkoniyatini yaratuvchi quvvatlab turuvchi omillar yig’indisidir.
Dinning ijtimoiy ildizlari dindorlarning kundalik hayotida, ularning ustidan o’z hukmronligini o’rnatgan, o’tkazayotgan moddiy va ma’naviy munosabatlardir. Bular orasida moddiy (iqtisodiy) ildizlar hal etuvchi rol o’ynaydi. Chunki ibodat qilish uchun ovqatlanish, kiyinish, uy joyga, kiyim-kechakka ega bo’lish albatta kerak. Bo’sh qop tik turmaydi degan naql bor. Kecha kunduz ibodat qilgan, diniy yozuvlarni muttasil o’qigan kishiga ham oziq ovqat kerak ularsiz turmush kechirib bo’lmaydi. Ular esa osmondan tushmaydi. Mehnat bilan yaratiladi. Dinga ishonganda bu mutlaq haqiqatni aslo unutmasligi kerak. Xalqimizda avval taom, badas kalom degan naql bor, ya’ni taom iste’mol qilmasdan toat-ibodat u yoqda tursin, hatto gapirib ham bo’lmaydi. Dinning gnoseologik ildizlari real olamni dinlar ta’limoti nuqtai nazaridan in’ikos ettiradigan diniy tasavvur, tushuncha, g’oya va hakozolarning vujudga kelishi imkon tug’diradigan bilish jarayoniga xos xususiyatlardir. Olamni bilish - bilmaslikdan bilishga tomon boradigan dialektik jarayon; biroq bilish oson, silliq, tekis, to’g’ri yo’ldan bormaydi; unda odam xato qiladi; ayrim narsalarni jonlantiradi, bor yo’g’ini oshirib, toshirib, teskari qilib ilohiy kuchlarga bog’lab aks ettiradi, natijada yo’q narsalarni bor qilib, xatolarni to’g’rilab, uydirmani haqiqat deb albatta ijobiy deb hisoblashlar yuzaga keladi. Bularni quvvatlaydigan ijtimoiy sharoitlar bor bo’lsa ular kuchayadi va tarqaladi.
Dinning psixologik ildizlari inson, ijtimoiy guruh va dinga ishonuvchi odamning psixik holatlari uning ahvoli, ruhiyatida, hissiyotida yuz beradigan psixik jarayonlar va mexanizmlardir; bu odamda dindorlikni hosil etish, u yo’qolgan bo’lsa qayta tiklash va diniy ta’limotlarni o’zlashtirishga qulay psixik zamin tayyorlab beradi. Dinning shaxsiy psixologik va ijtimoiy psixologik ildizlari mavjud. 1. Shaxsiy musibat va kulfat, azob-uqubat va g’am-alamlar, o’lim dahshati, yolg’izlik kechinmalar va ruhan ezilish va x.lar kiradi. Uning ikkinchisi ayrim guruh va jamoa psixologiyasiga xos voqyealar biror kishi yoki kishilar bilan muomalaga yoki muloqatga ehtiyoj, jamoatchilik fikri, yoppasiga qo’rquv va vahima, istirob va sovuq habarlar, g’oyat zararli urf-odatlar ta’siri va h.k. kiradi. Masalan, Qirg’izistonga islom ekstremistlari hujumi haqidagi habar uning janubidagi hamma aholini dahshatga soldi. Oldin 250, so’ng 5000 aholi o’z uy-joylarini tashlab ketishga majbur bo’ldi. Chunki, u jangchilar odamho’r, terrorist, reketchi, talonchi, ko’zi qonga to’lgan, qo’li qonga bo’yalgan, razil, odamlar edi. Ular 16 fevral voqyealari tashkilotchilarining egizaklari edilar. Xalqaro miqyosda AQShda 11 sentyabrda bo’lib o’tgan terroristik xunrezliklar ham bunga misol bo’la oladi.
3. Insoniyat jamiyati tarixiy taraqqiyoti jarayonida diniy e’tiqod va dinga munosabat masalasida muayyan o’zgarishlar sodir bo’lgan. Ibtidoiy jamiyat sharoitida inson tabiat kuchlarini ilohiylashtirib ularga sig’ingan, natijada dinning tarixiy shakllari, animizm, fetishizm, totemizm, shomonizm va magiya kabilalar vujudga kelgan bo’lsa, jamiyatning siyosiy tizimi, davlatlarning vujudga kelsihi, xususiy mulk, ijtimoiy tabaqalarning shakllanishi natijasida diniy tasavvurlarda ham o’zgarishlar sodir bo’ldi.
1.Dunyo uch bosqichdan iborat deb hisoblanib, jannat, do’zax, odamlar yashaydigan dunyoning mavjudligi haqidagi qarashlar ilgari surildi.
2)Insonning bu dunyodagi hayoti, diniy e’tiqod talablarini bajarish, uning u dunyodagi hayotini belgilashi to’g’risidagi qarashlar bayon etildi.
3)Dinga e’tiqod qiluvchi alohida kishilar guruhi hamda tabaqasi-ruhoniylar paydo bo’ldi.
4)Diniy ibodatxonalar qurilib, dinga e’tiqod qilish talablari hamda marosimlari ishlab chiqildi. Ibodatxonalar qoshida dastlabki maktablar, kutubxonalar vujudga kelib, yozuvning paydo bo’lishi natijasida diniy va dunyoviy bilimlar taraqqiy etib bordi.
5)Diniy mafkura vujudga kelib jamiyat hayotining barcha sohalariga o’z ta’sirini ko’rsata boshladi. Diniy dunyoqarash odamlarning ong-tafakkuri, kundalik hayoti, urf-odat hamda marosimlariga o’z ta’sirini o’tkazadi.
Dunyoqarash - bu avvalo, insonning o’zini va dunyoni zaruriy ravishda anglashi, tushunishi, bilishi va baholashi natijasida yuzaga kelgan xulosalari, bilimlari asosida shakllangan umumlashmalar tizimidir. Jamiyat rivojlanib borishi bilan insonning ommaviy va nazariy bilishi faoliyati, xullas, bir butun dunyoqarashi ham takomillashib boradi. Insoniyatning tarixiy taraqqiyoti natijasida unning dunyoqarashi mifologik, diniy va falsafiy bosqichlar tomon rivojlanib borgan.
Mifologik dunyoqarashda inson dunyoni afsona-asotirlar asosida xayoliy aks ettiradi. Diniy dunyoqarash oiladagi voqea hodisalar sabablarini ilohiy kuchlar, oldindan belgilangan maqsadlar bilan bog’lab tushunishidir. Diniy dunyoqarashning shakllanib borishi bilan din kelib chiqadi. Diniy dunyoqarashning boshlang’ich elementi - bu diniy tuyg’udir. Diniy dunyoqarashning ikkinchi elementi - bu diniy aqidalardir. Diniy aqidalar bu mazmuni bilan dunyo va undagi voqea-hodisalarni ilohiy e’tiqod asosida tushunish bilan bog’langan tasavvurlar va tushunchalardir. Diniy dunyoqarashning yana bir elementi - bu biror buyumga, narsaga, hayvon yoki daraxtga, kishiga yoki nihoyat, xudoga sig’inishdir. Sig’nish duniy e’tiqod bilan chambarchas bo’lib, diniy e’tiqod ilohiy mavjudodlar, diniy tasavvur va tushunchalarga, diniy g’oyalar va qarashlarga so’zsiz ishonishdir. Diniy e’tiqod diniy tuyg’uni, dinga va xudoga ishonishni, din muqaddas deb qaraydigan narsalarga sig’inishni keltirib chiqaradi. U dindor kishilarning his-tuyg’ularini, ularning ruhiy kechinmalarini, xulq-atvorini belgilab beradi, Barcha diniy ta’limotlarda xudo o’z xohishiga dunyoni-butun borliqni, uning barcha ko’rinishlarini yaratganligini va idora qilishi aytiladi. Xudoni o’ta takomil topgan, mukammal, oliy va g’ayritabiiy ilohiy kuch sifatida qarash diniy dunyoqarashning asosiy belgisidir. Diniy dunyoqarashning shakllanishi va taraqqiyoti Xudo to’g’risidagi diniy ta’limot ilohiyot ya’ni tizimni vujudga keltiradi. Xudo tushunchasi ilohiyotda barcha narsalarning ijodkori, adolat va haqiqatning oily timsoli, hamma umuminsoniy qadriyatlarning yaratuvchisi sifatida talqin etiladi. Diniy dunyoqarashga ko’ra butun borliq olam, tabiat jamiyat, insonning o’zi ham xudo tomonidan yaratilgan, uning ijodi mahsuli, hamma joyda va hamma narsada xudoning irodasi hukmrondir, deyiladi. Diniy dunyoqarash o’zining isnon hayoti bilan chambarchas bog’liqligi, insonning his-tuyg’u, quvonch va tashvishlariga, ishonch va udumlariga bevosita alloqadorligi, e’tiqodga ustun darajada e’tiborini qaratishi bilan dunyoqarashning boshqa turlaridan ajratib turadi.
Afsonaviy, diniy va falsafiy dunyoqarashlar o’zaro bir-biri bilan bog’liq bo’lib, shu bilan birgalikda bir-biridan farqli jihatlariga ham egadir. Mustaqil O’zbekistonda dinga nisbatan yangicha munosabat, dinni inson ma’naviy kamolotining muhim tarkibiy qismi, omili deb qarash shakllandi. Diniy dunyoqarash umuminsoniy qadriyatlarning, dunyoviy bilimlarning barcha tomonlari bilan bog’langandangina jamiyat ma’naviy kamolotiga katta ta;sir ko’rsatadi. Falsafiy dunyoqarash ega dunyoni, borliqni aqliy jihatdan umumlashtirib tushuntiruvchi nazariy qarashlar tizimidir. U diniy dunyoqarashdan farqli ravishda, insonning aqliy-intelektual faoliyatiga ko’proq e’tibor beradi. Falsafiy dunyoqarash mantiqiy muhokamalar va xulosa chiqarishlar orqali dunyoni, borliqni tushunish, tushuntirish, baholash va izohlashdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |