Kurs ishining maqsad va vazifalari. Badiiy adabiyotdagi til birliklarini semantik-stilistik usul asosida kuzatish davomida ularning emotsional, ekspressiv ma’nolariga va hatto, baholash tomonlariga ham alohida e’tibor berildi. Adabiy asar tilida foydalangan barcha lisoniy birliklar – morfologik, sintaktik, leksik, eng avvalo, ular bajarayotgan badiiy-estetik pozitsiyadan turib tahlil qilindi va bunda badiiy uslub alomatlari mumkin qadar boshqa funksional uslublarga qiyoslab borildi.
Ushbu tadqiqot o‘zbek tili stilistikasi, uning funksional uslublari, xususan badiiy uslubning o‘ziga xos jihatlari to‘g‘risidagi qarashlarni ma’lum darajada sistemalashtiradi, badiiy tilning uslubiy imkoniyatlari to‘g‘risidagi tasavvurimizni yanada boyitadi degan umiddamiz. Ammo kuzatishlar mantiqi bu vazifa nihoyatda keng va murakkab bo‘lib, uni amalga oshirish uchun katta ko‘lamdagi tadqiqotlar olib borish lozimligini, buning uchun esa qator dissertatsion ishlar, monografik kuzatishlar yuzaga kelishi kerakligini ko‘rsatib turibdi.
Shundan kelib chiqib, ishda badiiy uslubning ba’zi tomonlari umumiy tarzdagina yoritildi, xolos. Buning esa o‘z navbatida unga xos bo‘lgan ma’lum jihatlarning e’tibordan chetda qolishi va ayrim kamchiliklarga yo‘l qo‘yilishiga sabab bo‘lishi mumkinligi tabiiydir.
Ishning tadqiq manbasi. Kurs ishimizning asosiy obekti badiiy uslub bo‘lib, uning til xususiyatlari, ya’ni leksik va morfologik, sintaktik xususiyatlari ifodalanadi.
Kurs ishining tuzilishi va hajmi. Mazkur ish kirish, II bob, xulosa va foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxatidan iborat bo‘lib, _____ sahifani tashkil etadi.
I BOB So’z birikmasi haqida umumiy ma’lumot
Gapda so’z birikmalaridan foydalanish
Soʻz birikmasi — ikki yoki undan ortiq mustaqil soʻzning tobe grammatik aloqa (moslashuv, boshqaruv yoki bitishuv) asosida birikishi natijasida hosil boʻlgan, borlikdagi narsa va hodisalarning nomini bildiradigan sintaktik tuzilma — nutq birligi: ignaning koʻzi, kitobni oʻqimoq, oydin kecha va boshqa Har qanday Sb. birdan ortiq mustaqil soʻzning birikuvidan hosil boʻladi, tuziladi va 2 qismdan — hokim va tobe qismdan tashkil topadi: oliy maʼlumot (oliy— tobe qism, maʼlumot — hokim qism).
Sb. komponentlarining tarkibiga koʻra sodda va murakkab turlarga bo'linadi. Komponentlarining har biri bir soʻz shakliga teng boʻlgan Sb. sodda Sb. hisoblanadi: sayroqi qush, yigirma xonadon, tez yugurmoq kabi. Komponentlari yoki ulardan biri birdan ortiq soʻzdan, soʻz birikmasidan iborat boʻlgan birikmalar murakkab Sb. deyiladi. Mas, oliy maʼlumotli mutaxassis (oliy maʼlumotli — tobe kiyem, mutaxassis — hokim qism).
Tarkibidagi hokim qismning qaysi soʻz turkumidan boʻlishiga koʻra S b. ning 2 turi farqlanadi: ot Sb., feʼl Sb. Ot Sb. hokim komponenti feʼldan boshqa turkumga oid soʻz (ot, son, ravish) bilan ifodalangan Sb. dir (yuk mashinasi, barcha oʻquvchilar, goʻzal qishloq va boshqalar). Feʼl Sb. hokim qismi feʼl bilan ifodalangan Sb. laridir (bogʻni aylanmoq, kitob oʻqimoq, tez yurmoq kabi). Tarkibidagi tobe soʻzning sintaktik vazifasiga koʻra 3 turi farqlanadi: aniqlovchili Soʻz birikmasi (yangi kitob), toʻldiruvchili Sb. (ukamni oʻynatdim) va holli Sb. (tez gapirmoq, qishlokla yashamoq).
Soʻz birikmasi mazmun va ohang tugalligiga ega boʻlmaydi, fikr ifodalamaydi va shu xususiyati bilan sintaktik birlik boʻlmish gapdan farqlanadi.
Sintaksisda gap, gap tarkibidagi so‘z birikmalarining grammatik xususiyatlari o‘rganiladi.
Gap tarkibidagi so‘zlar o‘zaro bir-biri bilan grammatik jihatdan bog‘langan bo‘ladi va shu taxlitda ular ma’lum sintaktik vazifalarni bajarib keladi.
So‘zlar gap tarkibida o‘zaro ikki yo‘l bilan bog‘lanadi. 1. Teng bog‘lanish. 2. Tobe bog‘lanish. So‘zlar o‘zaro tengbog‘langanda, ular bir xil so‘roqlarga javob bo‘ladi hamda bir xil sintaktik vazifa bajaradi: O‘rik va shaftoli gulladi. Gapdagi o‘rik va shaftoli so‘zlari va bog‘lovchisi yordamida teng aloqaga kirishgan.
So‘zlar o‘zaro tobebog‘langanda so‘z birikmasi hosil bo‘ladi. Bunday birikuvda avval tobe so‘z, undan keyin hokim so‘z keladi: qiziq kitob, oshxonaga kirdi, kutubxona tomon ketdi, singlimning dugonasi kabi.
Tobe bog‘lanish uch xil yo‘l bilan amalga oshadi. 1. Boshqaruv. 2. Moslashuv. 3. Bitishuv.
Boshqaruvli bog‘lanishda hokim so‘z talabiga ko‘ra tobe so‘z tushum, jo‘nalish, o‘rin-payt, chiqish kelishigi qo‘shimchalarini olib keladi yoki hokim va tobe so‘z ko‘makchilar yordamida bog‘lanadi: akasini chaqirmoq, uyiga ketmoq, shaharda yashamoq, o‘qituvchidan so‘ramoq, do‘sti bilan bormoq, kelajak haqida suhbatlashmoq, haqiqat uchun kurashmoq kabi.
Moslashuvli aloqada hokim so‘z bilan tobe so‘z qaratqich kelishigi va egalik qo‘shimchalari yordamida bog‘lanib, o‘zaro shaxs-sonda moslashadi: mening hovlim, sening xonang, uning quvonchi, bizning guruhimiz, sizning vazifangiz, ularning fakulteti kabi.
Bitishuvli birikuvda hokim so‘z bilan tobe so‘z o‘zaro hech qanday grammatik vositalarsiz, faqat tartib va ohang asosida bog‘lanadi: katta ko‘cha, tez gapirmoq, besh baho, kulib aytmoq kabi. Ba’zi bitishuvli birikmalarning hokim va tobe so‘zlari o‘zaro o‘rin almashtirilsa, so‘z birikmasi gapga aylanadi: qiziq kitob – Kitob qiziq. Katta shahar – Shahar katta. Tinch qishloq – Qishloq tinch kabi.
So‘z va so‘z birikmalari gap tuzish uchun asos bo‘ladi.
G A P
Gap – fikr, tuyg‘u, istak va xabarni boshqalarga bildirish, yetkazish uchun qo‘llanadigan sintaktik birlik. Gap – nutqning nisbiy tugallangan fikrni ifodalaydigan bo‘lagi. Fikr bir so‘z yoki bir necha so‘zlar yig‘indisi bilan ifodalanishi mumkin. Gaplar tuzilishiga ko‘ra sodda va qo‘shma turlarga bo‘linadi. Ular ifoda maqsadiga ko‘ra uch xil bo‘ladi: 1. Darak gap. 2. So‘roq gap. 3. Buyruq gap.
Darak gapda bo‘lib o‘tgan, bo‘layotgan yoki bo‘lishi kutilayotgan voqea-hodisa haqida xabar beriladi. Shuningdek, bunday gaplar orqali narsa yoki hodisada biror xususiyatning mavjudligi yoki mavjud emasligi tasdiq yoxud inkor yo‘li bilan ifodalanadi.
Darak gap xabar ohangi bilan aytiladi. Gapning bosh qismida ohang bir oz ko‘tarilib, keyingi qismida pasaya boradi. Tovush tempi o‘rtacha bo‘ladi. Mantiq urg‘usini olgan so‘z gap tarkibidagi boshqa so‘zlarga nisbatan yuqori ohang bilan aytiladi. Urg‘uli bo‘lak o‘zidan oldingi bo‘lakdan qisqa pauza bilan ajratilib, tezroq talaffuz etiladi. Darak gaplar tarkibidagi bo‘laklarning joylashish tartibi odatdagi tartib sanaladi. Darak gapning kesimi darak xarakteridagi fe’llar bilan ifodalanib, so‘roq, buyruq va undov xususiyatlaridan xoli bo‘ladi. Darak gapning kesimi fe’ldan boshqa so‘z turkumlari bilan ham ifodalanishi mumkin. Misollar: Jahongir universitetning huquqshunoslik fakultetini bitirdi. Uning ukasi chet tillar institutining ingliz filologiyasi fakultetida tahsil olmoqda. Universitetning botanika bog‘i juda katta. Kecha hammani qoyil qoldirgan talaba – shu. Bizning ko‘chamizda mevali daraxtlar ko‘p.
So‘roq gapda so‘zlovchi uchun noma’lum bo‘lgan biror narsa, harakat-holat, belgi-xususiyat haqida ma’lumot olish ma’nosi ifodalanadi. So‘roq gap, asosan, dialogik nutqqa xos bo‘lib, tinglovchidan so‘ralayotgan mavzuni inkor yoki tasdiq etishni talab etadi. So‘roq gap ohang jihatidan darak gaplardan farq qiladi. So‘roq gap so‘roq ohangi bilan talaffuz etiladi. So‘roq gapda bevosita so‘roqni bildiruvchi so‘zda ovoz kuchayada. Bunday gaplar oxiriga so‘roq belgisi qo‘yiladi.
O‘zbek tilida so‘roq gap bir necha yo‘llar bilan hosil bo‘ladi.
1. So‘roq olmoshlari yordamida shakllanadi. Bunday holatda so‘roq gap tarkibida kim? nima? qanday? qanaqa? qaysi? qayerda? qayerga? qayerdan? qachon? nega? necha? nechta? qancha? nima uchun? kabi so‘zlari ishtirok etadi. Masalan: Siz nima uchun dars tayyorlamay keldingiz? Siz bugun qaysi matnni tarjima qildingiz? Siz kutubxonaga kim bilan borasiz? Gulbahorning to‘yiga kimlar bordi?
2. So‘roq gaplar –mi, -chi, -a, -ya, nahotki so‘roq yuklamalari yordamidahosil bo‘ladi. Masalan: Bu kitobni siz keltirdingizmi? Siz zamonaviy musiqa asarlarini yoqtirasizmi? O‘zingiz-chi? Sen ikkinchi kursda o‘qiysan-a? Akangiz bugun keladi-ya? Nahotki bolaligingiz o‘tgan qishlog‘ingizni sog‘inmasangiz?
3. So‘roq gaplar ba’zan hech qanday grammatik vositalarsiz, faqat ohang yordamida hosil bo‘lishi ham mumkin. Bunday holatlarda oldingi darak gap to‘lig‘icha yoki uning biror bo‘lagi takrorlanib, so‘roq gap hosil qilinadi. Masalan: Soat o‘n bo‘ldi. – Soat o‘n bo‘ldi? – O‘n? Biz muzeyga ertaga boramiz? – Ertaga boramiz? Bu ishni bugun bajara olmaymiz. – Bajara olmaymiz? kabi.
Buyruq gaplar buyurish, iltimos, taklif, xohish-istak, xitob, ogohlantirish kabi ma’nolarni ifodalab keladi. Odatda, buyruq gaplar suhbatdoshni biror ish-harakatni bajarishga yoki shunday ish-harakatdan voz kechishga undaydi. Buyruq gaplar ikkinchi shaxsga qaratilgan bo‘ladi. SHuning uchun ham bunday gaplarning kesimi ko‘pincha ikkinchi shaxs birlik yoki ko‘plik shaklidagi buyruq fe’li bilan ifodalangan bo‘ladi. Shuningdek, ikkinchi shaxsga qaratilgan buyruq gaplarning kesimi shart fe’lining birlik va ko‘plik shakllari bilan ham ifodalanishi mumkin. Masalan: Nodiraxon, o‘rtoqlaringizni ham shu yerga chaqirsangiz. Qizim, bir piyola achchiq choy bersangiz.
Farmoyish, buyruq, qaror kabi rasmiy nutqqa xos hujjatlarda qo‘llangan buyruq gapning kesimi majhul nisbatdagi fe’lning uchinchi shaxs buyruq shaklida bo‘ladi. Masalan: O‘z ishiga sovuqqonlik bilan munosabatda bo‘lgani uchun Nodir Qodirov ogohlantirilsin. Bu qaror ikki haftalik muddat ichida chuqur o‘rganib chiqilsin, kabi.
Shuningdek, ko‘pchilikka qaratilgan buyruq gaplar ham shunday shaklda bo‘ladi. Masalan: Bu yerda chekilmasin! Iflos qilinmasin! Jimlik saqlansin! Gulzordan yurilmasin! Qo‘l bilan teginilmasin! kabi.
Buyruq gap har xil ohang bilan talaffuz qilinishi mumkin. Qat’iy buyurish, talab ma’nolarini anglatuvchi buyruq gaplar kuchli ohang bilan aytilsa, o‘git, nasihat, iltimos kabi ma’nolarni ifodalovchi buyruq gaplar ancha past hamda mayin ohang bilan talaffuz etilishi mumkin. Tinch ohang bilan talaffuz qilingan buyruq gap oxiriga yozuvda nuqta, kuchli his-hayajon bilan talaffuz qilingan buyruq gap oxiriga esa undov belgisi qo‘yiladi. Masalan: Har kuni ertalab barvaqt tur, yuz-qo‘lingni yuv, badantarbiya bilan shug‘ullan. Bugun kechqurun soat 7 da biznikiga kel. Dushmanga qarata o‘t oching! Qo‘lingni ko‘tar! kabi.
Yuqorida aytib o‘tilganlardan tashqari, his-hayajon ifodalovchi gaplar ham mavjudki, ular tilshunoslikda undov gaplar yoki his-hayajon gaplar deb yuritiladi. Bunday gaplarda so‘zlovchining his-hayajoni, ruhiy kechinmalari o‘z ifodasini topib, tashakkur va rag‘batlantirish, hayratlanish, zavqlanish, shodlik, orzu-umid, achinish, kinoya, qo‘rqish, g‘azab, norozilik, nafrat, ishonch, ishonmaslik, shubha, taajjub, mensimaslik kabi ma’nolar anglashiladi. Undov gaplar anglashilayotgan ma’noga mos his-hayajonga ko‘ra turlicha ohang bilan talaffuz etiladi. Odatda bunday gaplar oxiriga yozuvda undov belgisi qo‘yiladi. Masalan: Qishlog‘imiz shunaqa chiroyliki! Hormang! Barakalla, do‘stim! Gulla, yashna mustaqil O‘zbekiston!
Do'stlaringiz bilan baham: |