2.3 Mahalliy moliyani shakllantirishda yirik soliq to’lovchi korxonalar mablag‘larining tahlili.
Moliya umumiqtisodiy kategoriya sifatida davlatning faoliyat ko‘rsatishi uchun moddiy asosni tashkil etadi. Moliya davlat zimmasiga yuklatilgan siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy vazifalarni amalga oshirish, jamiyatda kengaytirilgan ishlab chiqarishni ta'minlash uchun zarur pul mablag‘larini yetkazib beradi. Ushbu faoliyatni amalga oshirishda soliqlar, to‘lovlar, bojlar va davlat kreditini jamlagan moliya davlat uchun ob'ektiv xususiyatga ega bo‘ladi. Ushbu jarayonda korxonalar moliyasi alohida o‘rin egallaydi.
Korxonalar moliyasi mamlakat moliya tizimining asosiy bo‘g‘ini hisoblanadi va u yalpi ijtimoiy mahsulot hamda milliy daromadning yaratilishi, taqsimlanishi va sarflanishi bilan bog‘liq jarayonlarni o‘z ichiga oladi. Korxonalar moliyasi yalpi ijtimoiy mahsulot va milliy daromadning asosiy qismi yaratiladigan moddiy sohada faoliyat ko‘rsatadi.
Korxonalar moliyasi o‘z mohiyatiga ko‘ra, korxonaning tadbirkorlik faoliyati natijasida xususiy kapital, maqsadli markazlashgan va markazlashmagan pul fondlarining shakllanishi, ularning taqsimlanishi hamda sarflanishi bilan bog‘liq moliyaviy yoki pul munosabatlaridan iboratdir.Korxonalar moliyasining iqtisodiy mohiyatiga ko‘ra, barcha moliyaviy munosabatlarning yo‘nalishlarini quyidagi guruhlarga ajratish mumkin:
1) Korxonalarni tashkil etishda xususiy kapital va ustav kapitalini shakllantirishda ta'sischilar o‘rtasidagi munosabatlar. Ustav kapitalini shakllantirishning aniq usullari korxona faoliyat ko‘rsatishining tashkiliy – xuquqiy shakliga bevosita bog‘liqdir. Bu yerda korxonalar ochiq hissadorlik jamiyati, yopiq hissadorlik jamiyati, mas'uliyati cheklangan jamiyat, xususiy korxona va boshqa mulkchilik shaklida faoliyat ko‘rsatishi mumkin. Korxonalar ustav kapitali ishlab chiqarish fondlarini, moddiy va nomoddiy aktivlarni shakllantirishdagi birlamchi moliyaviy manba bo‘lib hisoblanadi.
2) Mahsulotlarni ishlab chiqarish va ularni sotish bilan bog‘liq bo‘lgan alohida korxonalar o‘rtasidagi moliyaviy munosabatlar. Ushbu moliyaviy munosabatlarga xom – ashyo, materiallar va tayyor mahsulotlar yetkazib beruvchi ta'minotchi hamda sotib oluvchi korxonalar o‘rtasidagi, investisiya faoliyatini olib borishdagi quruvchi tashkilotlar o‘rtasidagi, yuklarni yetkazib berish bilan bog‘liq transport tashkilotlari o‘rtasidagi, aloqa va bojxona muassasalari o‘rtasidagi munosabatlarni kiritish mumkin. Ushbu munosabatlar korxonalar moliyasini tashkil etish va uning tijorat faoliyatidagi moliyaviy natijasining asosi hisoblanadi.
3) Korxonalar va uning tashkiliy bo‘g‘inlari (filiallar, sexlar, brigadalar, bo‘limlar) o‘rtasidagi harajatlarni moliyalashtirish, foyda aylanma mablag‘larni sarflanishi bilan bog‘liq munosabatlar. Ushbu munosabatlar korxonada ishlab chiqarishni tashkil etish va uning bir maromda faoliyat ko‘rsatishiga bevosita ta'sir etadi.
4) Korxonalar va uning ishchilari o‘rtasidagi ish xaqini to‘lash, soliqlarni to‘lash, foydani taqsimlash va sarflanishini, aksiyadorlik jamiyatida aksiyalarni chiqarish va ularni joylashtirilishi, aksiyalar bo‘yicha dividendlarni to‘lash, jarimalarni to‘lash bilan bog‘liq munosabatlar. Ushbu munosabatlar ularda mavjud mexnat resurslaridan samaradorlik bilan foydalanishga ta'sir ko‘rsatadi.
5) Korxonalar va yuqori tashkilotlar, moliya- sanoat birlashmalari, xoldinglar, uyushmalar va assosiasiyalar o‘rtasidagi munosabatlar. Ushbu munosabatlar korxonalar o‘zlari a'zo hisoblangan yuqori tashkilotlar o‘rtasidagi markazlashgan maqsadli pul fondlarini va zaxiralarni shakllantirishi, taqsimlanishi va ularning sarflanishi, ilmiy – tadqiqot ishlarini tarmoq bo‘yicha marketing tadqiqotini o‘tkazish, investisiya faoliyatini olib borishda qaytarib berish sharti asosidagi moliyaviy yordam ko‘rsatish, aylanma mablag‘larni to‘ldirish bilan bog‘liq munosabatlarni o‘z ichiga oladi. Munosabatlarning ushbu guruhi tarmoq ichidagi korxonalarni, ishlab chiqarishni rivojlantirishni qo‘llab - quvvatlash bilan bevosita bog‘liq pul mablag‘larini qayta taqsimlash hamda ularni ishlatilishi bilan bog‘liq munosabatlardan iborat.
6) Tijorat tashkilotlari va korxonalar o‘rtasidagi qimmatli qog‘ozlarni muomalaga chiqarish va ularni joylashtirish, o‘zaro kreditlashtirish, qo‘shma korxonalarni tashkil etishda muassis sifatida ishtirok etish bilan bog‘liq munosabatlar. Ushbu munosabatlar korxonalarning o‘z faoliyatini moliyalashtirishdagi qo‘shimcha moliyaviy manbalarni jalb etishiga oid faoliyatga bevosita bog‘liqdir.
7) Korxonalar va davlat moliya tizimi o‘rtasidagi byudjetga soliqlar va yig‘imlarni to‘lash, byudjetdan tashqari fondlarga to‘lovlar o‘tkazish, soliqlar bo‘yicha imtiyozlar berish, moliyaviy jazo choralarini qo‘llash hamda byudjetdan moliyalashtirish bilan bog‘liq munosabatlar.
8) Korxonalar va tijorat banklari o‘rtasidagi banklarda pul mablag‘larini saqlash, kreditlar olish va ularni to‘lab berish, bank kreditidan foydalanganlik uchun foizlar to‘lash, xorijiy valyutalarni sotish va sotib olish, turli bank xizmatlarini ko‘rsatish bilan bog‘liq munosabatlar.
9) Korxonalar va sug‘urta tashkilotlari o‘rtasidagi mol – mulkni, xodimlarini ayrim toifalarini, tijorat va tadbirkorlik qaltisliklarini (risklarni) sug‘urta qilish bilan bog‘liq munosabatlar.
10) Korxonalar va investisiya institutlari o‘rtasidagi qimmatli qog‘ozlarni sotish va sotib olish, investisiyalarni joylashtirish, xususiylashtirish bilan bog‘liq munosabatlar.
Yuqorida ta'kidlab o‘tilgan moliyaviy munosabatlarning har bir guruhi o‘ziga xos xususiyatlarga ega, qo‘llanishi sohasi bo‘yicha ajralib turadi. Lekin ularning barchasi ikki tomonlama harakterga ega bo‘lib, ularning moddiy asosini pul mablag‘larining harakati tashkil etadi. Korxonaning pul fondlari mablag‘larining harakati ustav kapitalini shakllantirish bilan boshlanadi va foydani shakllanishi, taqsimlanishi hamda uni sarflanishi bilan tugaydi.
Korxonaning moliyaviy munosabatlari ularning xo‘jalik yuritish faoliyati asosida ma'lum tamoyillarga asosan tashkil etiladi. Ushbu tamoyillar quyidagilardan iborat:
- xo‘jalik yuritish faoliyatidagi mustaqillik;
- o‘z – o‘zini moliyalashtirish;
- moddiy manfaatdorlik;
- moliyaviy zaxiralar bilan ta'minlanganlik .
Xo‘jalik yuritish faoliyatidagi mustaqillik tamoyili korxonaning moliya sohasidagi mustaqilliksiz amalga oshirilishi mumkin emas. Ushbu tamoyil mulkchilik shaklidan qat'iy nazar, barcha xo‘jalik yurituvchi sub'ektlar o‘zlarining iqtisodiy faoliyat sohasini, uning moliyalashtirish manbalarini, daromad olish maqsadida pul mablag‘larini kapital qo‘yilmalariga yo‘naltirishni mustaqil tarzda belgilashlari asosida amalga oshiriladi. Ushbu faoliyatning asosiy maqsadi, xo‘jalik yurituvchi sub'ektlar ishchi – xodimlarining moddiy farovonligini yanada oshirishdan iborat bo‘ladi.
Bozor munosabatlari iste'molchilarning talablariga asosan korxonalardan ishlab chiqarishni samarali va oqilona tashkil etishga, mahsulot va xizmatlarning sifatini oshirishga undaydi. Korxonalar o‘z faoliyatida qo‘shimcha daromad olish uchun asosiy faoliyatdan tashqari qimmatli qog‘ozlar bozorida davlatning, boshqa xo‘jalik sub'ektlarining qimmatli qog‘ozlariga qisqa va uzoq muddatli investisiyalar qilishlari mumkin. Shuni ta'kidlash lozimki, korxonalarning xo‘jalik yuritish faoliyatidagi mutloq mustaqillik to‘g‘risida fikr yuritish mumkin emas, chunki,vakolatli davlat organlari tomonidan ularning faoliyat yuritishlarining ayrim tomonlari qonun asosida tartibga solinib turiladi. Masalan, korxonalar va turli darajadagi byudjetlar o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar qonun asosida qat'iy belgilab qo‘yiladi. Mulkchilik shaklidan qat'iy nazar barcha korxonalar o‘z faoliyati asosida qonun asosida belgilangan soliqlarni, o‘rnatilgan stavkalarda to‘lab borib turli darajadagi byudjetlarni shakllantiradilar. Davlat tomonidan korxonalar uchun amortizasiya siyosati belgilanadi.
O‘z – o‘zini moliyalashtirish tamoyilini amalga oshirish xo‘jalik yurituvchi sub'ektlar tadbirkorlik faoliyatining asosiy shartlaridan kelib chiqadi. O‘z – o‘zini moliyalashtirish tamoyili korxonalar tomonidan mahsulot ishlab chiqarish va uni sotish, ishlarni bajarish va xizmatlar ko‘rsatish harajatlarini to‘liq qoplash, ishlab chiqarishni shaxsiy pul mablag‘lari bilan ta'minlash hamda zarur bo‘lganda tijorat banklari kreditlaridan foydalanishni anglatadi.
Iqtisodiyoti rivojlangan mamlakatlarda korxonaning o‘z – o‘zini moliyalashtirish sohasida ularni shaxsiy mablag‘lari juda yuqori darajada ya'ni 70 foizdan ortig‘ini tashkil etadi. Korxonalar faoliyati moliyalashtirishning asosiy shaxsiy manbalariga foyda, amortizasiya ajratmalari va ta'mirlash jamg‘armalari kiritiladi.
Moddiy manfaatdorlik tamoyilining ob'ektiv zarurligi mulkchilik shaklidan qat'iy nazar, barcha korxonalarning pirovard maqsadi, qay darajada daromad topishligidan kelib chiqadi. Korxonalar tomonidan o‘z faoliyatining ijobiy natijalariga erishishdagi manfaatdorlik nafaqat uning ishtirokchilari uchun, shu jumladan, davlat uchun ham tegishlidir. Korxonaning ishchi-xodimlari doirasida ushbu tamoyil yuqori darajadagi ish xaqi miqdori bilan amalga oshiriladi. Ushbu tamoyil korxonalar miqiyosida davlat tomonidan oqilona soliq siyosatining olib borilishi natijasida, ularning faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, ishlab chiqarishni kengaytirish uchun iqtisodiy shart-sharoitlar yaratish va pirovard natijada daromadni ko‘paytirish bilan amalga oshiriladi.
Korxonalar tomonidan ushbu tamoyilning amalga oshirilishi yangi yaratilgan qiymat, shaxsiy kapital o‘rtasida oqilona taqsimotni olib borish va jamg‘arma hamda iste'mol fondlarini shakllantirish asosida yuzaga chiqadi. Davlatning manfaatdorligi esa, korxonalar faoliyatida rentabellikni ta'minlash, ishlab chiqarishning o‘sishi va soliq intizomiga qat'iy rioya etish asosida yuzaga chiqadi. Ushbu tamoyilni amalga oshirishda korxonalar faoliyatidagi moliya-xo‘jalik yuritish va uning pirovard natijalari hamda shaxsiy kapital saqlashlari uchun moddiy javobgarlikni mavjudligi ham muximdir. Moddiy javobgarlik uchun moliyaviy usullar respublika qonunchiligi asossida tartibga solinib turiladi va amalga oshiriladi. Xo‘jalik yuritish faoliyatida shartnoma majburiyatlarini, to‘lov intizomini, soliq qonunchiligini buzgan korxonalar uchun turli moliyaviy choralar qo‘llanishi mumkin. Rentabelsiz faoliyat ko‘rsatayotgan korxonalar uchun esa ular o‘z majburiyatlariga javob bera olmaydigan xolatlarda davlat organlari tomonidan bankrotlik jarayoni qo‘llaniladi.
Bozor iqtisodiyoti sharoitida korxonalarning tadbirkorlik faoliyatida ma'lum qaltisliklar (risklar) tufayli biznes uchun qo‘yilgan mablag‘larning qaytmaslik xolatlarining mavjudligi ular tomonidan moliyaviy zaxiralarni tashkil etishlarini talab etadi. Hozirgi sharoitda barcha qaltisliklar o‘z nomidan va o‘z hisobidan ixtiyoriy ravishda faoliyat yuritayotan tadbirkorlar zimmasiga tushadi. Haridorlar uchun iqtisodiy raqobat shart-sharoitlarida tadbirkorlar ba'zi xolatlarda o‘z mahsulotlarini, xizmatlarini oldindan to‘lovsiz yetkazib beradilar. Nihoyat, korxonalar tomonidan ishlab chiqilgan iqtisodiy dasturlarda samarasiz hisob-kitoblar ham mavjudligi aniqlanadi. Natijada, mavjud salbiy salbiy xolatlarning oldini olish, juda zarur xolatlarda ularni moliyaviy jixatdan qo‘llab-quvvatlash uchun moliyaviy zaxiralarni tashkil etish zaruriyati yuzaga keladi.
Mulkchilik shaklidan qat'iy nazar barcha korxonalar byudjetga va byudjetdan tashqari fondlarga barcha soliqlar, majburiy to‘lovlarni to‘lagandan qolgan sof foyda hisobidan moliyaviy zaxiralarni shakllantirishi mumkin. Biz yuqorida ta'kidlab o‘tgan korxonalar moliyasini tashkil etuvchi tamoyillar doimiy ravishda va uzviy bog‘liklikda rivojlanishdadir. Ishlab chiqarishning rivojlanishi, ishchi kuchlarining xolati, iqtisodiy shart-sharoitlarning o‘zgarishiga asosan, tamoyillarning turlarini amaliyotda qanday miqdorda, qaysi shakl hamda usullarda qo‘llanishiga bevosita ta'sir etadi.
Mahsulot ishlab chiqarish, ishlarni bajarish va xizmat ko‘rsatish jarayonida yangi qiymat yaratiladi. Ushbu qiymat mahsulotni sotish, bajarilgan ishlar va ko‘rsatilgan xizmatlar uchun baho asosida aniqlanadi. Korxona hisobraqamiga mahsulotni sotishdan, ko‘rsatilgan xizmatlar va bajarilgan ishlardan kelib tushadigan mablag‘ tushum deb ataladi. Amaldagi qonunchilikka asosan, korxonalar uchun tushumning hisobotini olib borishda ikki usul mavjud:
1. Tayyor mahsulotni jo‘natish (ishlarni bajarish, xizmatlarni ko‘rsatish) asosida haridorlarga hisob hujjatlarini taqdim etish;
2. Tayyor mahsulot uchun (ishlarni bajarish, xizmatlarni ko‘rsatish) haridorlardan kelib tushgan mablag‘lar asosida.
Korxonalar o‘z faoliyatida soliqqa tortishni amalga oshirish uchun yuqorida qayd etilgan usullardan birini mustaqil tarzda tanlaydilar va uni amalga oshiradilar. Mahsulot sotishdan (xizmat ko‘rsatish, ishlarni bajarish) kelgan tushumning asosiy manbai, haridorlardan kelib tushadigan pul mablag‘lari va bo‘nak to‘lovlari hisoblanadi. Korxonalar hisob raqamiga kelib tushgan pul mablag‘larining dastlabki taqsimlanishi amalga oshiriladi. Korxona o‘ziga kelib tushgan tushumdan eng avvalo xom-ashyo, materiallar, yoqilg‘i, elektroenergiya uchun to‘lovlarni amalga oshiradi. Tushumdan mahsulot tannarxidagi bilvosita soliqlar hisoblangan qo‘shilgan qiymat solig‘i va aksizni davlat byudjetiga o‘tkazadilar. Ushbu harajatlarni to‘lagandan so‘ng, korxona ixtiyorida yalpi daromad qoladi. Korxona yalpi daromadidan ish xaqi, unga to‘lovlarni, foydadan soliqni va moliyaviy faoliyat bilan bog‘liq boshqa to‘lovlarni amalga oshiradilar.
Ushbu harajatlar amalga oshirilgandan so‘ng, korxona ixtiyorida sof foyda qoladi. Amaldagi qonunchilikka asosan, korxona sof foydadan o‘rnatilgan soliqlarni to‘laydi, muomalaga chiqarilgan aksiyalar uchun dividendlar to‘laydilar. Barcha ta'kidlab o‘tgan to‘lovlar amalga oshirilgandan so‘ng, korxona ixtiyorida qoldiq sof foyda qoladi. Korxonalar ushbu sof foydani maxsus jamg‘armalarni tashkil qilish asosida taqsimlashlari mumkin. Bu fondlarga jamg‘arma va iste'mol fondlarini hamda zaxira jamg‘armalarini kiritish mumkin. Ushbu fondlar korxonalarning moliyaviy xo‘jalik faoliyati natijalariga asosan tashkil etiladi.
Yuqoridagilardan xulosa qilish mumkinki, mahalliy moliyaning ajralmas tarkibiy qismi, ushbu hududlarda faoliyat yuritayotgan turli mulkchilik shaklidagi xo‘jalik sub'ektlarining moliyasi hisoblanadi. Rivojlangan mamlakatlar tajribasi shuni ko‘rsatadiki, aholi istiqomat etadigan joylarni moliyaviy ta'minlash, hududlarda ishlab chiqarish va ijtimoiy infratuzilmani saqlab turish hamda uni rivojlantirishda joylardagi korxonalar va xo‘jalik tashkilotlarning mablag‘laridan foydalanish keng amaliyotga kiritilgan.
Korxonalarning ijtimoiy – maishiy infratuzilmani rivojlantirishga sarflanadigan mablag‘larining asosiy manbai, ular ixtiyorida qoladigan foydadir. Korxonalar ixtiyorida qoladigan foyda hisobidan turli maqsadli fondlar tashkil etiladi. Tashkil etilgan maqsadli fondlar hisobidan mehnat jamoasining uy – joy, ijtimoiy – madaniy va maishiy ehtiyojlarini qondirish imkoniyati yaratiladi. Moliyaviy barqaror va yirik korxonalarning katta miqdoridagi moliyaviy mablag‘lari ularning uy – joy, kommunal va madaniy – maishiy ob'ektlarni saqlab turishga sarflanadi. Bunday ob'ektlarga uy – joy fondi, maktabgacha bolalar muassasalari, o‘rta maktablar, bolalar lagerlari, shifoxonalar, dam olish uylari, sanatoriyalar va boshqalar kiradi. Bundan tashqarii, yirik sanoat, temir yo‘l va qurilish korxonalari foydasi hisobidan ular ixtiyoridagi uy – joy kommunal xo‘jaligi va ijtimoiy madaniy muassasalarning faoliyati natijasida ko‘rilgan zararlar ham qoplanadi. Xalqaro amaliyot tajribasi shundan dalolat beradiki, shahar joylarida sanoat korxonalarining rivojlanishi natijasida ushbu korxonalar joylashgan shahar aholisi sonining keskin ortishi amalga oshadi. Sanoat korxonalarining ortishi va shahar aholisi sonining ko‘payishi esa, shahardagi mavjud kommunikasiya yukini oshiradi. Ushbu omil mahalliy davlat organlarida mavjud kommunikasiyani rekonstruksiya qilishni va uni eksluatasiya harajatlarini oshirishni taqazo etadi. Yuzaga chiqqan harajatlarni o‘z muddatida va to‘liq moliyalashtirish uchun esa, mahalliy davlat organlarida yetarlicha mablag‘ bo‘lmaydi. Ushbu muammoni xal etish uchun mahalliy davlat organlari hududda faoliyat ko‘rsatayotgan turli mulkchilik shaklidagi xo‘jalik sub'ektlaridan, asosan, moliyaviy barqaror va yirik korxonalardan yordam so‘rab murojaat qiladi. Albatta, moliyaviy mablag‘i mavjud korxonalar umumshahar tadbirlariga moliyaviy jixatdan, moliyaviy mablag‘i vaqtincha yo‘q korxonalar moddiy yoki mehnat resurslari bilan yordam ko‘rsatadilar. Buning asosiy sababi shundan iboratki, har bir korxona rahbariyati korxonasining me'yoriy faoliyat yuritishi, mehnat unumdorligi darajasi aynan shahar kommunikasiyasi hamda ijtimoiy infratuzilmasining holatiga bevosita bog‘liq ekanligini yaxshi anglaydi. Misol uchun, shahardagi elektrta'minotida yuzaga kelgan nosozlik shaharning barcha ishlab chiqarish tarmoqlarini to‘xtatib qo‘yishga olib kelishi mumkin.
Har bir korxona raxbariyati umumshahar yoki umumdavlat tadbirlarini moliyaviy qo‘llab - quvvatlash ya'ni homiylikni amalga oshirishdan oldin, shu faoliyati uchun hukumatdan qandaydir imtiyozni umid qiladi. Ushbu xolat O‘zbekiston Respublikasi uchun ham xosdir.
O‘zbekiston Respublikasida 2020 yilda aholining kam ta'minlangan va muhtoj qatlamlarini ijtimoiy qo‘llab quvvatlash, ularga moddiy yordam ko‘rsatish borasida aniq yo‘naltirilgan samarali chora tadbirlarni amalga oshirish, ta'lim, kadrlar tayyorlash, sog‘liqni saqlash va aholini ijtimoiy himoya qilish sohalarida maqsadli umummilliy dasturlarni hayotga tadbiq etish masalalariga katta e'tibor qaratildi. Pandemiya davrida ayniqsa ijtimoiy soha xarajatlarida sog’liqni saqlash bilan bog’liq masalalar ko’p miqdorda budjet pulini talab etdi. Bundan tashqari aholiga bir martalik va muntazam ravishda moddiy yordamlarning ko‘rsatib borilishi ham budjet mablag‘lari va qisman homiylik mablag‘lari hisobiga amalga oshirilmoqda. Pandemiya sharoitida jami 82 trln so‘mlik kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi. Shundan 16 trln so‘mi budjetdan sog‘liqni saqlash va ishlab chiqarish korxonalarini qo‘llash uchun ajratilgan bo‘lsa, 66 trln so‘mi soliq yukidan ozod qilish va kredit muddatlarini uzaytirishga sarf etildi. Ushbu dasturlar doirasida Respublika bo‘ylab 800 mingdan ortiq oilalarga 1 mln so‘mdan moddiy yordam pullari ajratildi.
Mamlakatimizda keyingi yillarda iqtisodiyotni erkinlashtirishda birinchi navbatda soliq yukini kamaytirish, soliqqa tortish tizimini soddalashtirish va ularni unifikasiya qilish masalalariga alohida ahamiyat berilmoqda. 2019 yildan boshlab yangi soliq kodeksi doirasida daromad soliqlarining stavkalari barcha jismoniy shaxslar uchun 12 foiz, yuridik subektlar uchun esa 14 foiz qilib belgilandi. Prezidentimiz tashabbuslari bilan endilikda tadbirkorlik subektlarida majburiy tekshiruvlar hajmi, qog‘ozbozlik kamayishi hisobiga foyda meyorlari ortib bormoqda. Oxirgi yilllarda Respublikamizda soliq yukini kamaytirish hisobiga soliq subektlarini muttasil oshirib borish siyosati amalga oshirilmoqda. Shunga muvofiq korxonalar, kichik biznes sub'ektlarining moliyaviy resurslari ham tegishli ravishda oshdi.
Ushbu omil esa, o‘z navbatida, investisiyalarning ko‘payishi, korxonalarning aylanma mablag‘larini to‘ldirish, ishchi va xizmatchilarning ish xaqi va daromadlarini oshirish hamda ular faoliyat yuritayotgan hududlarni obodonlashtirish uchun qo‘shimcha manba bo‘lib xizmat qildi. Bu esa mahalliy moliyaning ajralmas tarkibiy qismi hisoblangan korxonalar moliyasining ahamiyati yildan-yilga oshib borayotganligidan dalolat beradi.
Biz mahalliy moliyani shakllantirishda korxonalar moliyasining o‘rnini Qashqadaryo viloyati miqyosida tahlil etamiz. Viloyatda 2020-yilda 1 yanvar' xolatiga viloyat hududida jami 25297 ta kichik korxona va mikrofirmalarga asoslangan xo‘jalik yurituvchi sub'ektlar ro‘yxatdan o‘tgan.
Qashqadaryo viloyati hududida nafaqat butun respublikaga balki Mustaqil Davlatlar hamdo‘stligiga ham taniqli bo‘dgan yirik sanoat komplekslar Muborak Gazni qayta ishlash unitar korxonasi, Muborak Gazni qayta ishlash boshqarmasi va Sho‘rtanGazkimyo majmuasi faoliyat ko‘rsatadi. Ushbu komplekslar nafaqat Qashqadaryo viloyatiga, balki butun respublikamizga homiylik yordamini amalga oshirib kelmoqda. Bundan tashqari ushbu korxonalar uzoq yillar davomida yirik miqdordagi xomiylik summasidan tashqari respublikamizda futbolni, shu jumladan bolalar futbolini rivojlantirish sohasida ham ko‘zga ko‘rinadigan ishlarni amalga oshirib kelmoqdalar.
Biz yuqorida ta'kidlab o‘tgan komplekslar o‘zlarida joylashgan hududlarda yo‘l qurilishi va yo‘llarni ta'mirlash, o‘z ob'ektlari atrofida trotuarlar yotqizish, atrofni yoritish, atrofni ko‘kalamzorlashtirish, transport va suv – kanalizasiya hamda boshqa kommunikasiya ob'ektlarini ta'mirlash ishlarini o‘z zimmalariga olganlar. Lekin, asosiy muammo, Qashqadaryo viloyatining boshqa barcha tumanlari va shaharlarida mahalliy byudjetlar hamda korxonalar mablag‘larini oqilona birlashtirishdan iborat.
Qashqadaryo viloyati hududida 13 ta tuman va 11 ta tumanga bo‘ysunuvchi shaharlar mavjud. Ular Beshkent, G‘uzor, Shaxrisabz, Qamashi, Koson, Kitob, Muborak, Yangi Nishon, Chiroqchi, Yakkabog‘ va Talimarjondir. Viloyat aholisi 2021 yil 1 aprel xolatiga 3348534 kishini tashkil etib, ulardan 1432.9 ming kishi shaharlarda (yoki 43,0 foiz) va 1901.6 ming kishi qishloqlarda (yoki 57.0 foiz) istiqomat etadi. Yirik sanoat korxonalari Qarshi va Shaxrisabz shaharlarida hamda Muborak va G‘uzor tumanlarida joylashgan. Ilmiy izlanishimizda olib borilgan tahlil shundan dalolat beradiki, biz ta'kidlab o‘tgan kichik biznes sub'ektlarida alohida ijtimoiy infratuzilma ob'ektlarini yaratish uchun yetarli miqdordagi mablag‘lar mavjud emas. Lekin, ushbu korxonalarda ijtimoiy infratuzilma ob'ektlarini yaratish uchun oz miqdorda bo‘lsada, mablag‘lar yo‘q emas. Asosiy muammo mahalliy hokimiyat organlari tomonidan biz ta'kidlab o‘tgan korxonalarning mablag‘lari va mahalliy byudjet mablag‘larini oqilona birlashtirib, iqtisodiy – ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirishga yo‘naltirish masalasini xal etish hisoblanadi.
Xalqaro amaliyotda biz yuqorida ta'kidlab o‘tgan muammoni ijobiy xal etish bo‘yicha yetarli tajriba to‘plangan. Dunyoning iqtisodiy rivojlangan mamlakatlarida mahalliy hokimiyat hududlarni iqtisodiy – ijtimoiy infratuzilma ob'ektlarini rivojlantirish maqsadida turli xo‘jalik yurituvchi sub'ektlarning mablag‘larini paychilik bilan mahalliy byudjet mablag‘lariga birlashtiradi. Ushbu yo‘nalish yordamida mahalliy byudjet va korxonalarning mablag‘laridan shahar massivlarini qurish, ijtimoiy ob'ektlarni yaratish yo‘li asosida sarflangan mablag‘lar tezkor, maqsadli va iqtisodiy samara bermoqda. Shahar hokimiyati xuzurida (Meriya) bu faoliyatni kompleks olib borish maqsadida, korxonalararo direktorlar kengashi tuzilgan. Ushbu kengash tomonidan shahar yoki tuman hududida faoliyat ko‘rsatayotgan har bir alohida olingan korxonaning ko‘zda tutilayotgan umumshahar tadbirlarini moliyalashtirish qancha moliyaviy ulush qo‘shish masalalari xal etiladi. Ushbu ijobiy tajribani O‘zbekiston Respublikasida ham amaliyotga kiritilishi maqsadga muvofiq bo‘lar edi. Shuni ta'kidlash lozimki, respublikamizdagi ayrim tumanlarda hali ham korxonalarning homiylik mablag‘laridan nooqilona va «kompaniyavozlik» asosida foydalanish xolatlari mavjud. Har bir tuman yoki shahar hokimliklari xuzurida korxonalararo direktorlar kengashining tuzilishi biz ta'kidlab o‘tgan salbiy xolatlarning oldini oladi, deb hisoblaymiz. Chunki, tashkil etilgan kengash a'zolari ko‘zda tutilayotgan tadbirning maqsadi, uning harajatlarining qonuniy smetasini va qaysi korxona qancha mablag‘ ajratilishini o‘zaro maslahat asosida belgilashlari mumkin. Ushbu omil esa umumshahar yoki umumtuman tadbirlarining maqsadliligini va uni amalga oshirishning samaradorligiga ijobiy ta'sir ko‘rsatadi, deb hisoblaymiz.
Biz ilmiy izlanishimizning quyidagi paragrafida respublikamizda mahalliy moliyani shakllantirishda davlat byudjetdan tashqari maqsadli jamg‘armalarni tahlil etishga harakat qilamiz.
Do'stlaringiz bilan baham: |