Tarash mashinalariga xizmat ko‘rsatish va taralgan pilta sifatini nazorat qilish
Tarash mashinalarida ishlash. Ip yigiruv fabrikalarida mahsulot tarash mashinalaridan oxirgi marta o‘tib, xas-cho‘plar hamda nuqsonlardan yaxshilab tozalanadi. Agar bu mashinalarda nuqsonlar va kamchiliklar paydo bo‘lgan bo‘lsa, ularni keyingi mashinalarda tuzatib bo‘lmaydi. Demak, mashinaning sifatli ishlashini, ya’ni sifatli pilta tayyorlanishini ta’minlash uchun mashinaga doimo e’tibor bilan qarab turish shart.
Tarash mashinalarida operatorlar ishlaydi. Ularning vazifasi idishdagi piltaga qarab turish, uzilgan taram va piltani ulash, piltaga to‘lgan idishlarning o‘rniga bo‘sh idishlar qo‘yish va mashinani tozalab turish, ish joyini ozoda tutishdan iborat. Olinadigan piltaning chiziqiy zichligiga, mashina ish unumiga qarab, bitta ishchi
4 yoki 6 ta mashinada ishlashi mumkin. Piltaning sifati, mashinaning ish unumi va chiqindilarniig miqdori ko‘p jihatdan tarash mashinasi operatorining ishiga bog‘liq. Shuning uchun ular o‘z vazifalarini yaxshi bilishlari, yangi ish usullarini o‘zlashtirib olishlari, ilg‘op ishchilarning ish tajribalarini egallashlari zarur.
Tarash mashinasida hosil bo‘ladigan nuqsonlar. Tarash mashinasida quyidagi nuqsonlar hosil bo‘lishi mumkin:
Iflos, sifatsiz taram; bu nuqsonga paxta titish-tozalash mashinalarida yomon titilgan va tozalanganligi, tishli garnituralarining o‘tmasligi, razvodkaning noto‘g‘riligi, qabul barabani va bosh baraban ostidagi panjag‘aga momiq-kalta tolalar tiqilib qolishi hamda mashina garnituralarining o‘z vaqtida tozalanmasligi bunday nuqsonning kelib chiqishiga sabab bo‘ladi.
Taramning bir joyi qalin, bir joyi yupqa; bu nuqsonga tolali qatlamning notekisligi, ta’minlovchi silindrning bir me’yorda aylanmasligi, qabul barabani, bosh baraban va ajratuvchi barabanning tishlari o‘tmasligi, singanligi sabab bo‘ladi.
Taramning ikki cheti yirtilgan; bu nuqsonga tolali qatlamning ensizligi, tarash mashinasi ishchi organlari qoplangan garniturali yuza chekkalaridagi tishlarining pachoq bo‘lganligi, shuningdek, barabanlar ostidagi panjag‘aga momiq tiqilib qolganligi va h.k.lar sabab bo‘ladi.
Taramning salqib qolishi yoki taranglashib uzilishi; bunday nuqsonga ajratuvchi baraban bilan mashinaning cho‘zish asbobining ezuvchi valiklari o‘rtasidagi taranglikning yetarli emasligi yoki uning ortiqchaligi sabab bo‘lishi mumkin.
Taramning ajratuvchi barabanga yopishib qolishi; bu nuqsonga ajratuvchi baraban bilan ajratuvchi valik orasidagi razvodkaning kattaligi, sexda harorat pastligi (23-25°S dan pastligi), havo namligining yetarli emasligi (55-45% dan kamligi) shuningdek, taramning statik zaryadlanishi sabab bo‘ladi.
Piltaning bo‘shashib, salqib qolishi; bu nuqsonga cho‘zish asbobi bilan pilta taxlovchi mexanizm o‘rtasida cho‘zish miqdorining kamligi yoki zichlagich diametrining kichikligi sabab bo‘ladi.
Piltaning zichlagichga tiqilib qolishi; bu nuqsonga piltaning notekisligi, zichlagichning iflosligi yoki o‘lchamining pilta qalinligiga to‘g‘ri kelmasligi sabab bo‘ladi.
Piltaning noto‘g‘ri taxlanishi; bunga pastki va ustki tarelkalar bir-biriga nisbatan noto‘g‘ri o‘rnatilganligi sabab bo‘ladi.
Pilta uzuqlari; tarash mashinasi yaxshi sozlanmagan bo‘lsa, pilta uzuqlari hosil bo‘ladi. Pilta uzuqlari tarkibidagi tolalar sifat jihatidan yigirishga yaroqli bo‘lganligi tufayli ularni yana saralanmaga aralashtirib ishlatiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |