Ingichka ichak (intestinum tenuae) qorin bo‘shlig‘ida me’daning chiqish qismidan boshlanadi, uzunligi 5–6 m gacha boradi.
Ingichka ichak uch qismdan iborat:
1. O‘n ikki barmoq ichak –intestinum duodenum, ingichka ichakning boshlang‘ich qismi bo‘lib, uzunligi 25–30 sm yoki o‘n ikkita barmoqning ko‘ndalangiga teng.
2. Och ichak – intestinum jejunum o‘n ikki barmoq ichakning davomi bo‘lib, ingichka ichakning 3/5 qismini tashkil qiladi.
3. Yonbosh ichak– intestinum ileum ingichka ichakning 2/5 qismini tashkil qiladi.
O‘n ikki barmoq ichak –intestinum duodenum qorin devorining orqa qismida I–III bel umurtqalari ro‘parasida “taqa” shaklida joylashgan. Ichak me’daning chiqish joyidan boshlanib, ingichka ichakka qo‘shilib ketadi. Uning halqasiga me’da osti bezining bosh qismi kirib turadi. O‘n ikki barmoq ichak to‘rt qismga bo‘linadi:
1. U s t k i k o‘ n d a l a n g q i s m i – pars superior me’daninng pilorik qismidan boshlanadi, I bel umurtqasi ro‘parasida (o‘ng tomonda) tepa burilish (flexura duodeni superior) hosil qilib (uzunligi 3–5 sm) ikkinchi qismga o‘tadi. Pars superior orqasida darvoza venasi, umumiy o‘t yo‘li va jigarning kvadrat bo‘lagi joylashgan.
2. Q u y i t u sh u v ch i q i s m i – pars descendens II–IV bel umurtqalari tanasining o‘ng yonboshidan pastga yo‘nalib, pastki burilish (flexura dudeni inferior) ni hosil qilib uchinchi qismga o‘tadi.
Pars descendens qismining uzunligi 8–10 sm bo‘lib, orqasidan o‘ng buyrak va umumiy o‘t yo‘li o‘tsa, old tomonidan ko‘ndalang-chambar ichak charvisi kesib o‘tadi.
3. P a s t d a g i k o‘ n d a l a n g q i s m i – pars horizontalis III–IV umurtqalar tanasining old tomonidan chap tomonga o‘tadi.
4. K o‘ t a r i l u v c h i q i s m i – pars ascendens uchinchi qismdan boshlanib, bel umurtqalarining chap yonboshidan yuqoriga, II bel umurtqasi ro‘parasiga borganda o‘n ikki barmoq ichak, och ichak burmasini – flexura duodenojejunalis ni hosil qilib, och ichakka o‘tadi. Ko‘tariluvchi qismning orqa tomonida qorin aortasi, uning gorizontal qismi bilan birikuvchi qismida esa yuqori ichak tutqich arteriyasi va venasi joylashgan.
O‘n ikki barmoq ichakning quyi tushuvchi qismiga me’da osti bezi yo‘li hamda umumiy o‘t yo‘li qo‘shiladi va shilliq pardada so‘rg‘ich (papilla duodeni major) hosil qiladi.