Ko‘richakning orqa tomoni yonbosh va katta bel muskullari ustida joylashgan bo‘lib, old tomondan qorin oldingi devorining ichki yuzasiga tegib turadi. Qorin parda ko‘pincha ko‘richakni hamma tomondan (10 foiz odamlarda qorin parda ko‘richakni uchta tomondangina o‘raydi) o‘raganiga qaramasdan, uning ichak tutqichi bo‘lmaydi. Odamda ko‘richakning joylashishi turlicha bo‘lib, u pastda, kichik chanoqqa kirish qismida,
yoki yuqorida, oldingi yonbosh o‘tkir o‘simtasidan yuqorida bo‘lishi mumkin. Ko‘richakning orqa medial sirtida chambar ichakning uchchala tasmalari bir nuqtaga yig‘iladi va xuddi shu yerdan chuvalchangsimon o‘simta boshlanadi.
Ko‘richakning pastki yuzasidan chuvalchangsimon o‘simta (appendix vermiformis) o‘sib chiqqan. O‘simta 3–6, ba’zida esa 18–20 sm bo‘ladi. Devori 0,5–1 sm, ichi esa juda tor (3–4 mm) tuzilgan, u ko‘richak bo‘shlig‘idan shilliq qavatdan tuzilgan burma orqali ajralgan. Chuvalchangsimon o‘simta, odatda, kichik chanoq bo‘shlig‘iga osilgan holatda joylashgan. Ba’zan o‘simta ko‘richakning orqa tomonida uchi tepaga qarab joylashgan bo‘ladi.
Ko‘tariluvchi chambar ichak (colon ascendens) ko‘richakning davomi bo‘lib, tikka yo‘naladi va o‘ng qovurg‘a osti sohasida jigarning pastki yuzasiga burilib, flexura coli dextra ni hosil qilgan holda ko‘ndalang chambar ichakka o‘tadi. Ko‘tariluvchi chambar ichakning old va ikki yonbosh qismini qorin parda o‘raydi. Uning orqa yuzasi ochiq qoladi (mezoperitoneal), yonbosh muskuli bilan belning kvadrat muskuliga va o‘ng buyrakka tegib joylashadi. Uning medial yuzasi belning katta muskuliga, oldingi yuzasi qorinning oldingi devoriga, lateral yuzasi qorinning o‘ng devoriga, medial yuzasi ingichka ichak qovuzloqlariga tegib joylashgan.
Ko‘ndalang chambar ichak (colon transversum) ko‘tariluvchi chambar ichakning burilgan qismidan keyingi davomidir. Ko‘ndalang chambar ichak ko‘ndalangiga yo‘nalib chap tomonga o‘tganda, chap burilish (flexura coli sinistra)ni hosil qilib, quyi tushuvchi chambar ichakka o‘tib ketadi. Ko‘ndalang chambar ichak tutqich – mesocolon transversum (intraperitoneal) orqali qorin devoriga yopishadi, uning old tomonida katta charvi osilib yotadi.
Ko‘ndalang chambar ichakning orqa tomonida o‘n ikki barmoq ichak bilan me’da osti bezi joylashgan bo‘lsa, oldingi yuzasi bilan me’da qorin pardadan tuzilgan boylam (lig. gastrocolicum) bilan o‘zaro tutashib turadi. Ko‘ndalang chambar ichakning ustida o‘ng tomonda jigar, chap tomonda taloq, pastida – ingichka ichak qovuzloqlari joylashgan.
Tushuvchi chambar ichak (colon descendens) chap burilishidan boshlangan yo‘g‘on ichakning bu qismi, qorin orqa devorining chap tomoni bo‘ylab yo‘naladi va chap yonbosh chuqurchaga borganda “S” simon ichakka o‘tadi. Ichakning orqa tomoni belning kvadrat va ko‘ndalang muskullari, chap buyrakning
quyi qismiga tegib tursa, medial tomondan ingichka ichakka, oldingi tomoni bevosita qorinning oldingi devoriga, chap tomondan qorinning chap devoriga yondashib turadi.
“S” simon ichak (colon sigmoideum) tushuvchi chambar ichakning chap yonbosh chuqurchasidan boshlanib, kichik chanoq bo‘shlig‘ida to‘g‘ri ichakka o‘tib ketadi. Bu yerda uzunligi 10–12 sm bo‘lgan “S” simon ichak qorin parda bilan hamma tomondan o‘ralgan, ichak tutqichi (mesocolon sigmoideum) bor. Ichak chap siydik yo‘li, chap yonbosh arteriyasi va venasi bilan kesishib joylashgan.
To‘g‘ri ichak (rectum, 124- lar) yo‘g‘on ichakning oxirgi qismi bo‘lib, “S” simon ichakdan III dumg‘aza umurtqasi ro‘parasida boshlanib, orqa teshik (anus) bilan tashqariga ochiladi. To‘g‘ri ichakda tasmalar, yog‘li o‘simta va turtib chiqqan pufakchalar bo‘lmaydi. To‘g‘ri ichak nomiga yarasha juda ham to‘g‘ri emas, u ikkita bukilma hosil qiladi. Birinchi bukilma dumg‘aza
suyagiga, ikkinchisi dum suyagining shakliga moslashib paydo bo‘ladi.
To‘g‘ri ichakning yuqori qismi – chanoq bo‘lagi birmuncha kengaygan (ampulla recti), diametri to‘lib turganda 6–8 sm gacha bo‘ladi. Oxirgi orqa teshikka yaqin qismi ancha toraygan. To‘g‘ri ichakning ichki tomonida shilliq parda ko‘ndalang burma hosil qiladi. Shilliq pardada yo‘g‘on ichakning bosh qismlariga o‘xshash shilliq bezlari, yakka-yakka joylashgan limfa tugunlari uchraydi. Shilliq osti qavati yaxshi rivojlangan. Shuning uchun shilliq parda harakatchan bo‘lib, ichakning tashqi teshikka yaqin qismida uzunasiga yo‘g‘on burmalar paydo qiladi. Bular pastga tushgan sari bir-biri bilan qo‘shilib joylashadi. Bu zonada vena qon tomirlari juda yaxshi rivojlangan bo‘lib, vena chigalini hosil qiladi. Ba’zida bu venalar kengayib, bavosil kasalligini paydo qilishi mumkin.
Muskul parda to‘g‘ri ichakda tashqi uzunasiga va ichki aylanasiga joylashgan qavatlardan tuzilgan. Aylanasiga joylashgan muskul tolalari orqa teshik
sohasiga kelgach zichlashib, ichki qisqich – m. sphincter ani internus ni hosil qiladi. Bundan tashqari, tashqi teshik atrofida ixtiyoriy halqa muskul tolalaridan tuzilgan tashqi qisqich – m. sphincter ani externus bo‘ladi. Shilliq qavatning muskul halqalari qalinlashuvidan hosil bo‘lgan uchinchi qisqich orqa teshikdan 10 sm yuqorida joylashgan.
To‘g‘ri ichakning chanoq bo‘lagi erkaklarda oldindan qovuqqa, urug‘ pufakchalari, prostata bezi va urug‘ tashuvchi tizimchaga tegib turadi. Ayollarda esa to‘g‘ri ichak bachadon, pastroqda qindan, oraliq bo‘shlig‘i va unda joylashgan biriktiruvchi to‘qima bilan ajralib turadi.
Do'stlaringiz bilan baham: