Taraqqiyoti. Yuqorida aytilganidek, timus boshqa qon yaratuvchi va immun-himoya organlaridan o’zining epitelial to’qimadan tuzilgan asosi (stromasi) borligi bilan ajralib turadi. Bu to’qimaning bo’lishi timusning taraqqiyotida epitelial manbaning aktiv ishtirok etishini ko’rsatadi. Timusning kurtagi embrionning 4-haftasida yutqin ichak epiteliysining III – IV juft jabra cho`ntaklari sohasida paydo bo’ladi. Bu sohada ko’p qavatli epiteliy kurtaklar shaklida mezenximaga botib kiradi. Kurtaklarning distal qismlari yo’g’onlashib, bo’lg’usi bezning tana qismiga aylanadi, proksimal qismlari esa cho’zilib, chiqaruv nayiga o’xshash nayni hosil qiladi. Demak, timus ilk taraqqiyot paytida ekzokrin bezga o’xshab rivojlanar ekan. Ammo chiqaruv nayi tezda yo’qoladi va timus tanasi jabra cho’ntaklaridan ajraladi. Uning o’ng va chap kurtaklari o’zaro yaqinlashadi va bir-biri bilan qo’shiladi. Embrion taraqqiyotining 7-haftasigacha timus faqatgina epitelial kurtakdan iborat bo’ladi. 8–10-haftalarda bez kurtagiga mezenxima bilan birgalikda qon tomirlari o’sib kiradi. Mezenximadan hosil bo’lgan biriktiruvchi to’qima bezni bo’laklarga bo’ladi. Qon tomirlar orqali bezga dastlab embrionning sariqlik qopchasidan, so’ngra esa jigaridan qonning o’zak hujayralari keladi. Ulardan 11–12-haftalarda T-limfotsitlarning maxsus retseptorlariga ega bo’lgan limfotsitlar shakllanadi. Shuni ta’kidlab o’tish kerakki, timusda joylashgan barcha turdagi limfotsitlar umumiylashtirib t i m o t s i t l a r nomi bilan yuritiladi. Shu bilan birga o’zak hujayralardan bez mikromuhitini yaratuvchi makrofaglar va interdigitirlovchi hujayralar (IDH) ham differensiallashadi. Timotsitlarning ko’payishi va bezning periferik qismlarida zich joylashishi tufayli bezda periferik po’stloq va markaziy mag’iz zonalari farqlanadi. Timotsitlar va mikromuhit hujayralari paydo bo’lishi bilan birga epiteliy hujayralarida ham o’zgarishlar sodir bo`ladi. Ular yulduzsimon shaklni olib, bir biri bilan faqat sitoplazmatik o’siqlari yordamida tutashadi. Epitelial hujayralarning o’zaro bog’lashuv joylarida desmosomalar paydo bo’ladi. Natijada, epitelial asos mayin to’r shaklini oladi. Shu tufayli timusdagi epitelial hujayralarni retikuloepitelial (to’r hosil qiluvchi epiteliy) hujayralar (REH) deb yuritiladi. Ularning sitoplazmasida asta-sekin timik gormonlar saqlovchi sekretor pufakchalar va tonofibrillalar paydo bo’ladi. Tonofibrillalar soni va qalinligi timusning markaziy zonasiga qarab ortib boradi. Embrion taraqqiyotining 4-oyiga kelib bezning mag’iz zonasida qatlam-qatlam bo’lib joylashgan epitelial hujayralardan tashkil topgan o’ziga xos tuzilmalar - qatlamli epitelial tanachalar yoki Gassal tanachalari hosil bo’ladi. Ularning tarkibiga kiruvchi epiteliy hujayralari sitoplazmasida juda yo’g’on tonofibrillalarni va muguzlanish jarayonida hosil bo’ladigan keratin donachalarini uchratish mumkin. Timusning taraqqiyoti embrion hayotining 5-oyida deyarli yakunlanadi. Qizil suyak ko’migi hosil bo’lgach, u timusga T- limfotsitlarning boshlang’ich hujayralarini yetkazib beruvchi asosiy manba hisoblanadi va bu mavqeini butun umr davomida saqlab qoladi.
Timusning tuzilishi. Buning ayrisimon shakliga muvofiq ravishda unga ayrisimon bez nomi berilgan. Timus deyilishi esa bez shaklining shifobaxsh hisoblanuvchi sudralib o’suvchi tog’jambul (thymus serpyllum) o’simligining barglariga o’xshab ketishi tufaylidir. Bezning buqoq bezi deb atalishi esa ko’pchilikda qalqonsimon bez buqoq kasalligiga aloqador degan fikrlar tug’diradi. Ammo buqoq kasalligiga timusning hech qanaqa aloqasi yo’q. Shu bilan birga timusning boshqa markaziy va periferik endokrin a’zolari bilan funksional jihatdan bog’liqligini ta’kidlab o’tish shart.
Timus tashqi tomondan biriktiruvchi to’qimali kapsula bilan o’ralgan. Bu kapsuladan ichkariga kiruvchi to’siqlar bezni to’liq bo’lmagan bo’laklarga bo’ladi (140-rasm). Timus kesmada ko’rilganda unda to’q bo’yaluvchi va chekkada joylashgan po’stloq zonani va oqishroq bo’yalgan markaziy mag’iz zonani ajratish mumkin. Qayd qilib o’tilgan zonalarning o’ziga xos bo’yalishi limfotsitlarning yoki timotsitlarning zich va siyrak joylashishi bilan bog’liq. Po’stloq zonada (cortex) ular zich joylashadi va retikuloepitelial hujayralar hosil qilgan to’r bo’shliqlarini to’ldirib turadi. Po’stloq zonaning biriktiruvchi to’qimali kapsula ostida yotgan chekka, subkapsulyar qismida T-limfotsitlarning boshlang’ich hujayralari – pretimotsitlar joylashadi. Ular tuzilishiga ko’ra T-limfoblast bo’lib, yirik, sitoplazmasi bazofil bo’yaluvchi hujayralardir. Ularning yadrolarida xromatin oz bo’ladi yoki ko’proq yadrochalar ko’rinadi. Bu hujayralar mitoz yuli bilan bo’linib ko’payish qobiliyatiga ega. Ularning hisobiga pustloq zonada doimiy ravishda yangi timotsitlar hosil bo’ladi. Timotsitlar po’stloq zonada mikromuhit hosil qiluvchi retikuloepitelial hujayralar, makrofaglar va interdigitirlovchi hujayralar bilan jipslashib joylashadi. Po’stloq moddaning retikuloepitelial hujayralari ko’p miqdorda sitoplazmatik o’siqlarga ega bo’lib, bu o’siqlar orasida differensiallanuvchi timotsitlar yotadi (141-rasm).