Tugatishga doir ish yuritish taomili bankrotlik jarayonini tugatuvchi taomili bo‘lib hisoblanadi. Mazkur taomilning maqsadi bo‘lib qarzdorning mol-mulkini qonuniy realizatsiya qilish va olingan mablag‘larni kreditorlar talablarini mos ravishda qondirishga yo‘naltirish, shuningdek, qarzdorni qarzlardan holi deb topish hisoblanadi. Tugatishga doir ish yuritish taomili xo‘jalik sudi tomonidan kreditorlarning yig‘ilishi yoki bankrotlik to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha davlat organi taqdimotiga ko‘ra tayinlanadigan tugatish boshqaruvchisi tomonidan amalga oshiriladi.
Tugatishga doir ish yuritishning boshlanishi Xo‘jalik sudi tomonidan qarzdorni bankrot deb topish to‘g‘risida qaror qabul qilinishi bilan boshlanadi. Uning umumiy muddati 12 oydan oshmasligi kerak. Lekin, xo‘jalik sudining qarori bilan ba’zi hollarda bu muddat uzaytirilishi mumkin.
Xo‘jalik sudi tomonidan qarzdorni bankrot deb topish va tugatishga doir ish yuritishni boshlash to‘g‘risida qaror qabul qilingandan so‘ng quyidagi harakatlar amalga oshiriladi:
Qarzdorning mol-mulkini boshqa shaxsga o‘tkazish bilan bog‘liq yoki uning mol-mulkini uchinchi shaxslar foydalanishi uchun topshirishga sabab bo‘luvchi bitimlar tuzishga bankrotlik to‘g‘risidagi Qonunchilikda belgilangan tartibda yo‘l qo‘yiladi;
Qarzdorning barcha pul majburiyatlarini bajarish muddati, shuningdek kechiktirilgan majburiy to‘lovlarni to‘lash muddati boshlangan deb hisoblanadi;
Qarzdorning barcha turdagi qarzlari bo‘yicha neustoyka (jarima, penya) va foizlarni hisoblash tugatiladi;
Qarzdorning moliyaviy ahvoli to‘g‘risidagi ma’lumotlar maxfiy toifaga (shu jumladan tijorat siriga) mansubligini yo‘qotadi;
Undiruvni qarzdorning mol-mulkiga qaratishga doir barcha cheklovlar olib tashlanadi;
Ijro hujjatlarini ijro etish tugatiladi.
Xo‘jalik sudi tomonidan qarzdorni bankrot deb topish va tugatishga doir ish yuritishni boshlash to‘g‘risida qaror qabul qilingan paytdan e’tiboran qarzdorning boshqaruv organlari qarzdorning mol-mulkini boshqarish va tasarruf etish vazifalarini bajarishdan, agar ilgari chetlashtirilmagan bo‘lsa, chetlashtiriladi, qarzdor rahbarining vakolatlari tugatiladi (qarzdorning rahbari bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilinadi), qarzdorning ishlarini boshqarish tugatish boshqaruvchisiga yuklatiladi, shuningdek qarzdorning mol-mulkini boshqarish va tasarruf etish bo‘yicha mulkdorning vakolatlari tugatiladi. Tugatish boshqaruvchisi qarzdorning rahbari bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilish yoki mazkur rahbarni boshqa ishga o‘tkazish to‘g‘risida buyruq chiqaradi.
Xo‘jalik sudi qarzdorni bankrot deb topish to‘g‘risida qaror qabul qilayotganda tugatish boshqaruvchisini tashqi boshqaruvchini tayinlash uchun nazarda tutilgan tartibda tayinlaydi. Ustav fondida davlat ulushi bo‘lgan korxona bankrot deb topilgan taqdirda, bankrotlik to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha davlat organi ham tugatish boshqaruvchiligiga nomzod taqdim etishi mumkin.
Tugatish boshqaruvchisi tayinlangan paytdan e’tiboran qarzdorning ishlarini boshqarish hamda qarzdorning mol-mulkini tasarruf etish bo‘yicha barcha vakolatlar uning zimmasiga o‘tadi.