Sanatsiya qiluvchi boshqaruvchi quyidagi huquqlarga ega:
Qarzdorning rahbaridan qarzdorning joriy faoliyati to‘g‘risida va sud sanatsiyasi rejasida nazarda tutilgan tadbirlar amalga oshirilishi hamda qarzni uzish jadvali bajarilishi jarayoni haqida axborot talab qilish;
Qarzdorning rahbaridan kreditorlarning talablarini qanoatlantirish uchun pul mablag‘lari o‘z vaqtida va to‘liq o‘tkazilishini talab qilish;
Qarzdor tomonidan mol-mulkning inventarizatsiyasi o‘tkazilgan taqdirda unda ishtirok etish;
Kreditorlar joriy talablarini qarzdor o‘z vaqtida bajarishi ustidan nazoratni amalga oshirish;
Qarzdorning bitimlari va qarorlarini kelishib olish hamda mazkur bitimlar va qarorlar haqida kreditorlarga axborot taqdim etish;
Qarzdorning kreditorlar talablarini tan olish yoki bunday talablarni aniqlangan deb topish uchun asoslarni tasdiqlash bo‘yicha harakatlari yoxud qarzdorning kreditorlar talablarini ko‘rib chiqish borasidagi harakatsizligi ustidan xo‘jalik sudiga shikoyat berish;
Qarzdorning rahbarini vazifasini bajarishdan chetlashtirish to‘g‘risidagi iltimosnoma bilan xo‘jalik sudiga murojaat etish;
Qarzdorning mol-mulki but saqlanishini ta’minlash yuzasidan qo‘shimcha choralar ko‘rish haqidagi, shu jumladan mol-mulkni saqlash uchun uchinchi shaxslarga o‘tkazish, shuningdek bunday choralarni bekor qilish to‘g‘risidagi iltimosnoma bilan xo‘jalik sudiga murojaat etish.
Sanatsiya qiluvchi boshqaruvchi quyidagi majburiyatlarga ham ega:
Kreditorlarning talablari reestrini yuritishi;
Kreditorlarning yig‘ilishini chaqirishi;
Qarzdor tomonidan taqdim etilayotgan sud sanatsiyasi rejasi va qarzni uzish jadvali bajarilishi jarayoni haqidagi hisobotlarni ko‘rib chiqishi hamda kreditorlarning yig‘ilishiga tegishli xulosalarni taqdim etishi;
Sud sanatsiyasi rejasi amalga oshirilishining borishi haqida kreditorlar yig‘ilishiga va kreditorlar qo‘mitasiga, shuningdek agar korxona ustav fondida davlat ulushi bo‘lsa, bankrotlik to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha davlat organiga axborot taqdim etishi shart.
Sud sanatsiyasini amalga oshirish boshqa taomillar kabi maxsus tuzilgan reja va qarzni uzish jadvallari asosida olib boriladi. Sud sanatsiyasi rejasi odatda, qarzdorning rahbari, qarzdor muassislari yoki qarzdor mol-mulkining egasi tomonidan tayyorlanadi va kreditorlar yig‘ilishi tomonidan tasdiqlanadi. Mazkur rejada sanatsiya davrida qarzdorning qarzni uzish jadvali va korxonani pul oqimlari bilan ta’minlash usullari ko‘rsatib o‘tilishi zarur.
Qarzni uzish jadvali ham alohida shakl sifatida xo‘jalik sudi tomonidan tasdiqlanadi. Qarzdor qarzni uzish jadvalini bajarmagan hollarda, qarzdor talablarni bajarish sanasi boshlangan paytdan e’tiboran ikki hafta muddat ichida qarzni uzish jadvaliga kiritish mo‘ljallanayotgan o‘zgartishlarni ma’qullash to‘g‘risidagi iltimosnoma bilan kreditorlarga murojaat qilishi va uning muddatini uzaytirib olishi mumkin. Iltimosnomaning nusxasi sanatsiya qiluvchi boshqaruvchiga yuboriladi. Sanatsiya qiluvchi boshqaruvchi iltimosnoma olingan paytdan e’tiboran ikki haftadan kechiktirmay shu iltimosnoma asosida kreditorlar yig‘ilishini chaqiradi. Qarzni uzish jadvaliga o‘zgartishlar kiritish haqida qaror qabul qilingan taqdirda kreditorlar yig‘ilishi qarzni uzish jadvaliga oid o‘zgartishlarni tasdiqlash to‘g‘risidagi iltimosnoma bilan xo‘jalik sudiga murojaat qiladi.
Bankrotlik to‘g‘risida ish qo‘zg‘atilganligi haqida o‘z vaqtida xabar qilinmagan va qarzni uzish jadvali xo‘jalik sudi tomonidan tasdiqlanganidan keyin ishga qo‘shilgan kreditorning talablari yoki majburiyatlarni bajarish muddati kuzatuv jarayonida boshlangan talablar xo‘jalik sudining ajrimi asosida qarzni uzish jadvaliga kiritiladi.
Xo‘jalik sudi faqat kreditorlarning talablari reestriga kiritilgan talablar xususida qarzni uzish jadvaliga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida ajrim chiqarishga haqli.
Agarda qarzni uzish jadvalidagi kreditorlarning majburiyatlari muddatidan avval tugatilgan bo‘lsa, qarzdor korxonaning rahbari bu haqda xo‘jalik sudiga sud sanatsiyasini muddatidan ilgari tugatilganligi bo‘yicha hisobot beradi. Sud sanatsiyasining belgilangan muddati tugashiga kamida o‘n besh kun qolganida qarzdorning rahbari o‘tkazilgan sud sanatsiyasi natijalari to‘g‘risida xo‘jalik sudiga hisobot taqdim etadi. Mazkur hisobotga qarzdorning so‘nggi sanadagi holatga ko‘ra buxgalteriya balansi, qarzdorning moliyaviy natijalari to‘g‘risidagi hisobot, qanoatlantirilgan talablar miqdori va mazkur qanoatlantirishni tasdiqlovchi hujjatlar ko‘rsatilgan holda kreditorlarning talablari reestri, sanatsiya qiluvchi boshqaruvchining qarzdor rahbari hisoboti bo‘yicha xulosasi, talablari qanoatlantirilmagan kreditorlarning shikoyatlari ilova qilinishi lozim.
Sanatsiya qiluvchi boshqaruvchi talablari qarzni uzish jadvaliga kiritilgan barcha kreditorlarni qarzdor rahbarining o‘tkazilgan sud sanatsiyasi natijalari haqidagi hisobotini ko‘rib chiquvchi sud majlisining sanasi, vaqti va joyi to‘g‘risida qonun hujjatlarida belgilangan tartibda xabardor qiladi.