Kelishuv bitimida quyidagi shartlar ko‘rsatilishi mumkin:
Pul majburiyatlarining to‘lovi kechiktirilganligi yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lanishi to‘g‘risidagi shartlar;
Qarzdorning talab qilish huquqlaridan o‘zganing foydasiga voz kechish to‘g‘risidagi shartlar;
Qarzdorning pul majburiyatlarini uchinchi shaxslar tomonidan bajarish to‘g‘risidagi shartlar;
Qarzlardan siylov berish to‘g‘risidagi shartlar;
Majburiy to‘lovlarni to‘lash muddatlari va tartibini o‘zgartirish to‘g‘risidagi shartlar;
Kreditorlarning talablarini boshqa usullar bilan qondirish to‘g‘risidagi shartlar.
Qarzdorning o‘z zimmasiga olgan majburiyatlari bajarilishini ta’minlovchi mol-mulk garovi saqlanib qoladi.
Kelishuv bitimi xo‘jalik sudi tomonidan tasdiqlangan vaqtdan boshlab qonuniy kuchga kiradi. Kelishuv bitimini tasdiqlashda sud kelishuv bitimi uchinchi shaxslarining huquqlarini buzmayotganligini ham tekshiradi.
Kelishuv bitimining majburiy shartlari sifatida sud xarajatlari, sud boshqaruvchilariga to‘lanadigan haq, joriy kommunal to‘lovlar, qarzdor mol-mulkini sug‘urtalash xarajatlarini qoplash, qarzdorning bankrotlik to‘g‘risida ish qo‘zg‘tilgandan so‘ng yuzaga kelgan majburiyatlari bo‘yicha talablar va boshqa joriy to‘lovlarni qondirish, ma’naviy zararni qoplash bo‘yicha, fuqarolarning ularning hayoti va sog‘lig‘iga etkazilgan zarar yuzasidan talablari uchun qarzdorning javobgarligi hamda ish haqi to‘lovlariga pul mablag‘larni berishni nazarda tutadigan to‘lov hujjatlari bilan bog‘liq talablar qondirilishi lozim.
Sud sanatsiyasi
Sud sanatsiyasi taomili bankrotlik jarayonida qoida tariqasida kuzatuvdan keyingi keladigan taomil bo‘lib hisoblanadi. Agar kuzatuv jarayonida bankrotlik ishini davom ettirishga korxonada ehtiyoj paydo bo‘lsa, kreditorlar yig‘ilishining qaroriga ko‘ra ushbu bankrotlik taomilini joriy etish mumkin.
Qarzdorga nisbatan sud sanatsiyasini joriy etish bo‘yicha taklif dastlab kreditorlar yig‘ilishiga taqdim etilishi va kreditorlar yig‘ilishining qaroriga ko‘ra amalga oshirilishi mumkin. Bunda kreditorlar yig‘ilishiga sud sanatsiyasi taomilini joriy etish bo‘yicha qarzdorning o‘zi, uning muassislari yoki mol-mulkining egasi, shuningdek uchinchi shaxslar sud sanatsiyasini joriy etish haqida xo‘jalik sudiga murojaat qilish to‘g‘risidagi iltimosnoma bilan kreditorlarning birinchi yig‘ilishiga yoxud sud sanatsiyasini joriy etish haqidagi iltimosnoma bilan bevosita xo‘jalik sudiga murojaat qilishi mumkin.
Qarzdorning sud sanatsiyasini joriy etish haqidagi iltimosnomasiga sud sanatsiyasining taklif qilinayotgan muddati va qarzni uzish jadvali ko‘rsatilgan holda qarzdorning sud sanatsiyasi rejasi ilova qilinmog‘i lozim.