Bog'liq I bo‘lim. Umumiy qoidalar 1-bob. Asosiy qoidalar
49-bob. Bojxona to‘lovlari summalarini qaytarish 353-modda. Ortiqcha to‘langan yoki undirilgan bojxona to‘lovlarining summalarini qaytarish Oldingi tahrirga qarang. Bojxona to‘g‘risidagi qonunchilikka muvofiq to‘lanishi lozim bo‘lgan summadan oshadigan miqdorda bojxona to‘lovlari sifatida to‘langan yoki undirilgan pul mablag‘larining summalari ortiqcha to‘langan yoki undirilgan bojxona to‘lovlari summalari hisoblanadi.
(353-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son) Ortiqcha to‘langan yoki undirilgan bojxona to‘lovlarining summalari shunday to‘lovlar to‘langan yoxud undirilgan paytdan e’tiboran uch yil ichida qaytarilishi yoki dastlabki pul mablag‘lari hisobiga o‘tkazilishi lozim, bundan ushbu moddaning uchinchi va to‘rtinchi qismlarida ko‘rsatilgan hollar mustasno.
Eng ko‘p qulaylik berish rejimi yoki erkin savdo rejimi qo‘llanilgan (tiklangan) taqdirda, ortiqcha to‘langan yoki undirilgan bojxona to‘lovlarining summalari ushbu to‘lovlar to‘langan yoki undirilgan paytdan e’tiboran bir yil ichida, bojxona organiga lozim darajada rasmiylashtirilgan tovarning kelib chiqishi to‘g‘risidagi sertifikatni taqdim etish sharti bilan qaytarilishi yoxud dastlabki pul mablag‘lari hisobiga o‘tkazilishi kerak.
Qaytarilishi reeksport va reimport bojxona rejimlariga muvofiq amalga oshirilishi kerak bo‘lgan ortiqcha to‘langan yoki undirilgan bojxona to‘lovlarining summasini qaytarish ushbu Kodeksning 35 va 59-moddalarida belgilangan muddatlarda amalga oshirilishi lozim.
Tovarlarni bojxona to‘lovlari to‘lanishini nazarda tutuvchi bojxona rejimiga joylashtirish sanasi ortiqcha to‘langan yoki undirilgan bojxona to‘lovlari summalarining to‘lanish yoki undirilish paytidir.
Ortiqcha to‘langan yoki undirilgan bojxona to‘lovlarining summalarini qaytarish quyidagi hollarda amalga oshiriladi:
to‘lovchi tomonidan ortiqcha to‘langan yoki undirilgan bojxona to‘lovlari summalarini qaytarish to‘g‘risida ariza berilganda;
bojxona to‘lovlari summalarining ortiqcha to‘langanligi yoki undirilganligi fakti aniqlanganda.
Ortiqcha to‘langan yoki undirilgan bojxona to‘lovlarining summasi, agar uni qaytarish to‘g‘risidagi ariza ushbu moddaning ikkinchi — to‘rtinchi qismlarida belgilangan tegishli muddatlar tugaganidan keyin topshirilgan bo‘lsa, bojxona organlari tomonidan qaytarilmaydi.