80-modda. Ekspertizani o‘tkazish tartibi
Ekspertiza sud majlisida yoki, agar tekshirishning xususiyatiga ko‘ra zarur bo‘lsa yoxud tekshirish obyektlarini sud majlisiga olib kelish imkoni bo‘lmasa, sud majlisidan tashqarida o‘tkaziladi. Ishda ishtirok etuvchi shaxslar ekspertiza o‘tkazilayotganda hozir bo‘lishga haqli, bundan ushbu ishtirok etish ekspertning normal ishlashiga xalaqit berishi mumkin bo‘lgan hollar mustasno.
LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Kodeksning 79, 81 — 85-moddalari, “Sud ekspertizasi to‘g‘risida”gi Qonun 17-moddasining uchinchi — beshinchi qismlari.
81-modda. Qo‘shimcha va takroriy ekspertizalar
Qo‘shimcha ekspertiza ekspert (ekspertlar komissiyasi) xulosasidagi bo‘shliqlarni to‘ldirish uchun tayinlanadi va shu yoki boshqa ekspert (ekspertlar komissiyasi) tomonidan o‘tkaziladi.
Ekspert (ekspertlar komissiyasi) xulosasi asoslanmagan bo‘lsa yoki uning to‘g‘riligiga shubha tug‘ilganda yoxud unga asos qilib olingan dalillar ishonchli emas deb topilganda yoki ekspertizani o‘tkazishning protsessual qoidalari jiddiy buzilganda takroriy ekspertiza tayinlanadi.
Takroriy ekspertiza tayinlanganda ekspert (ekspertlar komissiyasi) oldiga ilgari qo‘llanilgan tekshirish usullarining ilmiy asoslanganligi to‘g‘risidagi masala qo‘yilishi mumkin.
Takroriy ekspertizani tayinlash to‘g‘risidagi ajrimda takroriy ekspertizani tayinlagan sudning birinchi (oldingi) ekspertiza xulosasiga rozi emasligi sabablari ko‘rsatilishi lozim.
Takroriy ekspertizani o‘tkazish boshqa ekspertga (ekspertlar komissiyasiga) topshiriladi. Birinchi (oldingi) ekspertizani o‘tkazgan ekspert (ekspertlar komissiyasi) takroriy ekspertizani o‘tkazishda hozir bo‘lishi va tushuntirishlar berishi mumkin, lekin u tekshirishda va xulosa tuzishda ishtirok etmaydi.
LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Kodeksning 79, 80, 82 — 85-moddalari, “Sud ekspertizasi to‘g‘risida”gi Qonun 18-moddasi.
82-modda. Ekspertizaning ekspertlar komissiyasi tomonidan o‘tkazilishi
Ekspertiza bir xil (komissiyaviy ekspertiza) yoki turli xil (kompleks ekspertiza) sud-ekspert ixtisosligidagi bir nechta ekspert tomonidan o‘tkazilishi mumkin.
Ekspertizaning ekspertlar komissiyasi tomonidan o‘tkazilishi ekspertizani tayinlagan sud yoki mazkur ekspertizaning o‘tkazilishini tashkil etuvchi davlat sud-ekspertiza muassasasi yoxud boshqa korxona, muassasa, tashkilot rahbari tomonidan belgilanadi.
Ekspertizani o‘tkazish topshirilgan ekspertlar komissiyasi o‘z oldiga qo‘yilgan savollarni hal etish zaruriyatidan kelib chiqib, o‘tkaziladigan tekshirishlarning maqsadi, ketma-ketligi va hajmini kelishib oladi.
Ekspertizani o‘tkazish o‘ziga topshirilgan ekspertlar komissiyasi tarkibida har bir ekspert tekshirishlarni mustaqil va alohida o‘tkazadi, shaxsan o‘zi va komissiyaning boshqa a’zolari tomonidan olingan natijalarni baholaydi hamda qo‘yilgan savollar yuzasidan xulosalarini o‘z maxsus bilimlari doirasida shakllantiradi.
Tekshirishlarning ekspertlar komissiyasi tarkibiga kiritilmagan shaxslar tomonidan to‘liq yoki qisman o‘tkazilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Kodeksning 79 — 81, 83 — 85-moddalari, “Sud ekspertizasi to‘g‘risida”gi Qonunning 19-moddasi.
Do'stlaringiz bilan baham: |