70-modda. Dalillarning aloqadorligi
Sud faqat ishga aloqador bo‘lgan dalillarni qabul qiladi.
Agar taqdim etilgan dalillar ko‘rilayotgan ishga aloqador bo‘lmasa, ular ish materiallariga qo‘shib qo‘yilmaydi, ularning dalil sifatida rad qilinganligi sud hujjatida aks ettiriladi.
LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Kodeksning 65 — 69, 71 — 78-moddalari.
71-modda. Dalillarning maqbulligi
Oldingi tahrirga qarang.
Qonunchilikka muvofiq muayyan dalillar bilan tasdiqlanishi lozim bo‘lgan ish holatlari boshqa dalillar bilan tasdiqlanishi mumkin emas.
(71-moddaning matni O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
72-modda. Isbotlashdan ozod qilish asoslari
Ishning ma’muriy sud tomonidan barchaga ma’lum deb topilgan holatlarini isbotlash talab etilmaydi.
Ma’muriy sudning ilgari ko‘rilgan ish bo‘yicha qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarori bilan aniqlangan holatlar sud shu shaxslar ishtirok etayotgan boshqa ishni ko‘rayotganida yangidan isbot qilinmaydi.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudning yoki iqtisodiy sudning qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarori boshqa ishni ko‘rayotgan ma’muriy sud uchun fuqarolik ishlari bo‘yicha sudning yoki iqtisodiy sudning hal qiluv qarorida aniqlangan va ishda ishtirok etuvchi shaxslarga daxldor bo‘lgan holatlarga doir masalalar bo‘yicha majburiydir.
Jinoyat ishlari bo‘yicha sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi muayyan harakatlar sodir etilganligi yoki sodir etilmaganligi va ular kimlar tomonidan sodir etilganligi masalalari bo‘yicha ma’muriy sud uchun majburiydir.
73-modda. Dalillarga baho berish
Sud dalillarga ishning barcha holatlarini jamlab, ularni sud majlisida qonunga amal qilgan holda har tomonlama, to‘liq va xolis ko‘rib chiqishga asoslangan o‘z ichki ishonchiga ko‘ra baho beradi.
Har bir dalil ishga aloqadorligi, maqbulligi va ishonchliligi nuqtai nazaridan, dalillarning yig‘indisi esa, yetarliligi nuqtai nazaridan baholanishi lozim.
Agar tekshirish natijasida dalilning haqiqatga to‘g‘ri kelishi aniqlansa, u ishonchli deb tan olinadi.
Hech qanday dalil sud uchun oldindan belgilab qo‘yilgan kuchga ega emas.
Sud hujjatning yoki boshqa yozma dalilning faqat ko‘chirma nusxasi bilan tasdiqlanadigan holatlarni, agar hujjatning asl nusxasi yo‘qotilgan hamda sudga topshirilmagan bo‘lsa, va ushbu hujjatning nizolashayotgan taraflarning har biri tomonidan taqdim etilgan ko‘chirma nusxalari o‘zaro bir xil bo‘lmasa, va hujjatning asl mazmunini boshqa dalillar yordamida aniqlab bo‘lmasa, isbot qilingan deb hisoblashi mumkin emas.
LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Kodeksning 65 — 72, 74 — 78-moddalari.
Do'stlaringiz bilan baham: |