I-BOB. Zamonaviy ta’lim, ilm-fan, innovatsiya va ma’naviy tarbiyning nazariy asoslari. Oliy ta’lim konsepsiyasi zamonaviy ta’lim, ilm-fan, innovatsiya va ma’naviy tarbiyning lokomativi sifatida.
Yurtimizda olib borilayotgan keng qamrovli islohotlar, jumladan, oliy ta’lim tizimidagi o‘zgarishlar e’tiborga molikdir. Chunki, ta’lim sifatini oshirish, oliy o‘quv yurtlari moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, oliy ta’limga qamrovni tobora oshirish kabilar mamlakatimizning dunyodagi yetakchi davlatlar qatoriga chiqarishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Oxirgi 3-4 yil davomida mamlakatimizda ta’limni boshqarish hamda rivojlantirish mexanizmlarini takomillashtirish muammolarini tizimli-innovatsion yondashuv bilan hal etishga qaratilgan me’yoriy-huquqiy hujjatlar yaratilmoqda.
Prezidentimizning 2017-yil 20-apreldagi “Oliy ta’lim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasidagi ustuvor vazifalarga mos holda, xalqaro standartlar darajasida oliy malakali mutaxassislar tayyorlash uchun zarur sharoitlar yaratish hamda OTMlar moddiy texnik bazasini oshirishga xizmat qilmoqda. Shuningdek, davlatimiz rahbarining 2018-yil 5-iyundagi “Oliy ta’lim muassasalarida ta’lim sifatini oshirish va ularning mamlakatda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarda faol ishtirokini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ta’lim tizimini yangi bosqichga olib chiqdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Kadrlar tayyorlashdagi muhim qadam sanalmish mazkur hujjat oliy ta’lim tizimini rivojlantirish uchun yetarli shart-sharoitlar yaratilishiga asos bo‘ldi. Jumladan, qarorda oliy ta’lim muassasalarida ta’lim sifatini oshirishga to‘siq bo‘lib kelayotgan bir qator muammolar, bugungi kunda uchrayotgan og‘riqli nuqtalarni bartaraf etish choralari belgilab berildi.
Qolaversa, Harakatlar strategiyasida ham kadrlar tayyorlashning ma’no-mazmunini tubdan yangilash, xalqaro standartlar darajasida oliy malakali mutaxassislar tayyorlash uchun zarur sharoitlar yaratishga doir muhim masalalar belgilangan.
Prezidentimizning 2019-yil 8-oktabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Farmoni mustaqil fikrlaydigan yuqori malakali kadrlar tayyorlash jarayonini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarib, O‘zbekistonda oliy ta’limni tizimli isloh qilishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berdi. Shuningdek, ushbu hujjatda nazarda tutilgan maqsadlar oliy ta’limni modernizatsiya qilish bilan birga, ilg‘or ta’lim texnologiyalariga asoslangan holda ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirishga xizmat qiladi.
Farmonda ko‘rsatib o‘tilganidek oliy ta’lim sohasida davlat-xususiy sheriklik rivojlanishi orqali yurtimizda davlat va nodavlat oliy ta’lim muassasalari soni oshadi. Bu esa, sohada sog‘lom raqobat muhitini yanada rivojlantirish bilan birgalikda, farmonda ta’kidlab o‘tilganidek, umumiy o‘rta ta’lim bitiruvchilarining oliy ta’limga qamrab olinishi 50 foizdan oshirilishiga erishiladi. Raqobat bo‘lishi sifat oshishiga xizmat qiladi. Pirovardida, O‘zbekistonda yuqori malakali mutaxassislar ko‘payashiga, aholining oliy ma’lumotli qatlami ortishiga yordam beradi.
Farmonda ko‘rsatib o‘tilganidek O‘zbekistondagi kamida 10 ta oliy ta’lim muassasasini xalqaro e’tirof etilgan tashkilotlar (Quacquarelli Symonds World University Rankings, Times Higher Education yoki Academic Ranking of World Universities) reytingining birinchi 1000 ta o‘rindagi oliy ta’lim muassasalari ro‘yxatiga, shu jumladan, O‘zbekiston Milliy universiteti va Samarqand davlat universitetini birinchi 500 ta o‘rindagi oliy ta’lim muassasalari ro‘yxatiga kiritilishi belgilangan. Ushbu maqsadlarning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi O‘zbekistonda ta’limni xalqarolashuvini rivojlanishiga ham zamin yaratadi. Mamlakatimizdagi OTMlar nufuzli xorijiy ta’lim muassasalari bilan hamkorliklar o‘rnatib, talabalar va o‘qituvchilarning akademik va ilmiy sohalarda almashinuvini oshirishga erishiladi.
Ushbu farmon orqali oliy ta’lim mazmunini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish, ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoqlarining barqaror rivojlanishiga munosib hissa qo‘shadigan, mehnat bozorida o‘z o‘rnini topa oladigan yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimini yo‘lga qo‘yish belgilandi. Oliy ta’lim muassasalarida o‘quv jarayonini bosqichma-bosqich kredit-modul tizimiga o‘tkazish nazarda tutilayotgani ushbu maqsadlarga erishishda ayni muddaodir. Chunki o‘qitish jarayonida kredit tizimi asosida tahsil olgan talaba ertaga kasbiy kompetentlilik va noodatiy vaziyatlarda qaror qabul qila oladigan, jamoada ishlash, axborotni mustaqil olish, tahlil qilish, samarali foydalanish, o‘zgaruvchan vaziyatlarga moslashuvchan mutaxassis kadr bo‘lib yetishishi shubhasiz. Oliy ta’lim muassasalarida ta’lim, fan, innovatsiya va ilmiy tadqiqotlar natijalarini tijoratlashtirish faoliyatining uzviy bog‘liqligini nazarda tutuvchi “Universitet 3.0” konsepsiyasini bosqichma-bosqich joriy etilishi ta’lim va integratsiyada portlash effektini beradi va biz ishonamiz.
Bundan tashqari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan talaba-yoshlar ta’lim-tarbiyasi uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni o‘z ichiga olgan beshta tashabbusni amaliyotga joriy etish, OTMning infratuzilmasi va moddiy-texnik bazasini, shu jumladan, xalqaro moliya institutlarining imtiyozli mablag‘larini keng jalb qilish hisobiga yaxshilash va bosqichma-bosqich o‘zini o‘zi moliyalashtirish tizimiga o‘tkazish va moliyaviy barqarorligini ta’minlash hamda ta’limning ishlab chiqarish korxonalari va ilmiy-tadqiqot institutlari bilan o‘zaro manfaatli hamkorligini yo‘lga qo‘yish kabi vazifalar ham farmonda ko‘rsatib o‘tilgan.
Sifatli ta’limda – sog‘lom muhit: Konsepsiyada korrupsiyaga qarshi kurashish va shaffoflikni ta’minlashning ta’sirchan mexanizmlarini joriy etish bo‘yicha alohida e’tibor qaratilgan: oliy ta’lim sohasida “korrupsiyasiz soha”; professor-o‘qituvchilar bilan talabalar o‘rtasidagi byurokratik omillarni bartaraf etish; malaka oshirish, ilmiy-tadqiqot ishlarini tayyorlash va amaliyotga tatbiq etish, nazorat-monitoring, xodimlarni ishga qabul qilish va lavozimga tayinlash, oliy ta’lim muassasalari faoliyatini o‘rganish va tizimdagi boshqa jarayonlarda shaffoflikni ta’minlash; professor-o‘qituvchilarning o‘quv yuklamalarini optimallashtirish, kasbiy faoliyatga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish asosida oliy ta’lim tizimi xodimlarining mehnat unumdorligini oshirishdek mexanizmlar belgilab berilgan.
Mamlakatimizda izchillik bilan amalga oshirilayotgan ta’lim sohasidagi islohotlar zamirida Vatanimizni yanada taraqqiy ettirish, yoshlarni har jihatdan barkamol shaxs etib voyaga etkazish, sohalar uchun yuqori bilimga ega mutaxassislarni tayyorlashdek maqsadlar mujassamdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |