6. Maza-ta’m bildiruvchi sifatlar. Bu tur sifatlar predmetga xos xususiyatlardan biri bo’lgan maza-ta’mni ifodalashga xizmat etadi: shirin, totli, mazali, achchiq, bemaza, nordon.
Maza-ta’m ifodalovchi sifatlar boshqa tur sifatlarga nisbatan kam sonni tashkil etadi: U, xuddi nordon olma yegandek yuzlarini burushtirdi (Sharof Rashidov). Sho’r ko’lmak ichaverib Tursunboy choy ta’mini unutayozgan edi ( Said Ahmad).
Maza-ta’m ifodalovchi sifatlar tilda kam bo’lgani tufayli ot turkumidagi so’zlardan ham bunday sifatlar o’rnida foydalaniladi. Masalan, shakar, novvot, zahar, suv, nomakob, kakra (qahra) kabi. Bunday sifat o’rnida ot turkumidagi so’zlardan foydalanish ko’proq ekspressiv-emotsionallik munosabatlari bilan bog’liq.
7. Hid bildiruvchi sifatlar predmetning hidini ifodalash uchun xizmat etadi: xushbo’y, qo’lansa, ifor, muattar kabilar.
Hid bildiruvchi sifatlar tilning lug’at boyligida juda kam sonni tashkil etadi. Shuning uchun ham bunday belgilarni ifodalashda ko’proq predmet nomlaridan foydalaniladi. Ya’ni bir hid tarqatuvchi predmet nomiga “hidli” so’zini qo’shish orqali qo’shma sifatlar hosil qilinadi. Masalan, atir hidli, rayxon hidli, behi hidli, toshko’mir hidli. Uyg’ongan el jizg’inak, qo’lansa hidni dimoqqa zo’rlab uradi (Shuxrat).
8. Vazn-og’irlik bildiruvchi sifatlar. Bunday sifatlar og’ir yoki yengillik belgisini ifodalaydi: vazmin, yengil, og’ir kabi. Predmetning bunday belgilari uchun ham otlardan yoki qiyos ma’nosini anglatuvchi sifatlardan foydalaniladi: zil, zilday, qush, qushdek, pardek, zambildek, zil-zambildek kabilar. – O’ylashib ko’ramiz, uka,-- dedi oyoqlariga zilday og’ir choriqlarni kiyib (Oybek).
9. O’rin va paytga munosabat bildiruvchi sifatlar. Bir qator sifatlar o’rin va paytga munosabat bildirib keladi. Masalan, tonggi, kuzgi, kechki, keyingi, avvalgi, qishki, yozgi, ertangi, ilq, uydagi, yerdagi kabilar. Sovuq namgarchilik ..... kuzgi gullarning rangini o’chirib ketdi (Asqad Muxtor). To’lanboy ikkala otini jilovidan ushlab tolning nariga yo’g’iga olib o’tib ketdi (Said Ahmad).
Bu turkumga taalluqli sifatlar ko’pincha ot turkumidagi so’zlardan –gi-ki,-dagi yasovchilari vositasida hosil qilinadi.
Oʻzbek tilshunosligiga oid adabiyotlarda, biz biladigan maktab va akademik litsey oʻquvchilari uchun yaratilgan darsliklarda, oʻquv qoʻllanmalarda ham M. Sodiqovaning keltirilgan sifatning ma'no guruhlari tasnifi asos sifatida keltirilgan.
Keltirilgan tasniflardan ayon boʻldiki, olimlarning oʻzbek tilidagi sifatning ma’no turlari tasnifi borasidagi fikrlarida yakdillik yoʻq. Afsuski, bu xususdagi fikr va gʻoyalar xilma-xilligi hozirgi kunga qadar davom etib kelmoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |