KIRISH 3
I BOB. PULLARNING KELIB CHIQISHI, MOHIYATI VA AMAL QILISH SHAKLLARINING TARIXIY RIVOJLANISHI 6
1.1 Jamiyat taraqqiyotida tovar ishlab chiqarish va pulning zarurati 10
1.2 Hozirgi davrda pulning amal qilish muammolari 13
II BOB. PUL TAKLIFINING MAMLAKAT IQTISODIYOTIGA TA’SIR SAMARADORLIGI 19
2.1 Pulning iqtisodiyotga ta’siri portfelli yondashuvlari va yo‘nalishlari 29
2.2 Makroiqtisodiy rivojlanishning pul-kredit siyosatini rivojlantirish yo‘llari. 31
XULOSA 38
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO‘YXATI 40
KIRISH
O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyotini liberallashtirish va modernizatsiya qilish jarayonlari va mamlakatimizni Yevro Osiyo iqtisodiy hamkorlik tashkilotiga a’zo bo‘lishi hamda Umumjahon savdo tashkilotlari bilan olib borayotgan aloqalari bevosita amalga oshirilayotgan pul-kredit siyosatiga bog‘liq. Chunki pul-kredit tizimi mamlakat iqtisodiyotini mablag‘ bilan ta’minlovchi va iqtisodiy islohotlarning samarasini belgilovchi infratuzilma bo‘lib hisoblanadi.
Pul-kredit siyosatining asosiy yo‘nalishlarida 2022 yil va 2023-2024 yillarda pul-kredit siyosati sohasida amalga oshiriladigan ishlar, tashqi va ichki iqtisodiy sharoitlar o‘zgargan holatlarda Markaziy bank tomonidan ko‘riladigan choralar, pul-kredit siyosatini yuritishdagi yondashuvlar va takomillashtirish istiqbollari aks ettirilgan.
Mazkur hujjatni ishlab chiqishda, birinchi navbatda, iqtisodiyotda narxlar va moliyaviy barqarorlikni ta’minlash, inflyatsiya darajasini 2023 yil yakuniga qadar 5 foizgacha pasaytirish maqsadlaridan kelib chiqilgan.
Tashqi va ichki sharoitlarning kelgusidagi o‘zgarishi bo‘yicha hali ham yuqori noaniqliklar saqlanib qolayotganligini inobatga olib, o‘rta muddatli makroiqtisodiy prognozlarni ishlab chiqishda ikki xil ssenariy asosidagi rivojlanish kutilmalariga tayanildi. Bunda, tashqi va ichki omillarning makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarga ta’sir ko‘lami va davomiyligini inobatga olib o‘rta muddatli makroiqtisodiy rivojlanishning asosiy va muqobil ssenariylari ishlab chiqildi.
Jahonda vaksinatsiyalash jarayonining borishi rivojlangan davlatlar bo‘yicha iqtisodiy o‘sish sur’atlarining tezroq tiklanishi, rivojlanayotgan davlatlarda esa nisbatan sustroq tiklanishini belgilovchi asosiy omillardan bo‘layotgan sharoitda ssenariylar shartlarini belgilashda pandemiya bilan bog‘liq vaziyat muhim omil
sifatida qaraldi.
Shuningdek, bu yilgi hisob-kitoblarda iqlim o‘zgarishlari va asosiy oziq-ovqat mahsulotlari taklifi, moliyaviy barqarorlik ko‘rsatkichlari, amalga oshirilishi ko‘zda tutilayotgan islohotlar va ularning kutilayotgan natijalari shartli omillar sifatida inobatga olindi.
Makroiqtisodiy rivojlanishning asosiy ssenariysida tashqi va ichki iqtisodiy sharoitlarning bosqichma-bosqich yaxshilanib borishi kutilayotgan bo‘lib, keskin tashqi xatarlar yuzaga kelishi ko‘zda tutilmaydi. Pandemiya bilan bog‘liq vaziyat normallashib, inson resurslari migratsiyasi va transchegaraviy harakatlar bo‘yicha cheklovlar joriy etilmaydi. Mazkur ssenariyga ko‘ra, iqtisodiy faollik yuqori sur’atlarda jadallashib borib, investitsion va iste’mol talabi pandemiyagacha bo‘lgan darajaga to‘liq tiklanadi. Asosiy ssenariy doirasida iqtisodiy o‘sishni qo‘llab-quvvatlashning muhim drayveri sifatida xususiy ichki va tashqi investitsiyalar hamda iqtisodiyot tarmoqlarida amalga oshiriladigan tarkibiy islohotlar qaralmoqda.
Makroiqtisodiy rivojlanishning muqobil ssenariysida jahonda pandemiya bilan bog‘liq vaziyatning keskinligicha qolishi sababli tashqi sharoitlarning noqulay shakllanishi, xalqaro moliya bozorlarida vaziyatning taranglashishi va asosiy savdo hamkorlarda iqtisodiy faollikning pasayishi kabi ehtimollar asos qilib olingan.
Ushbu ssenariy shartlari yuz bergan holatda tashqi talab darajasi 2022 yilda pasayib, ichki iste’mol va investitsion xarajatlar sur’atlarida biroz sekinlashish kuzatilishi mumkin.
Prognozlarda inobatga olingan xatarlarning birma-bir yoki bir nechtasining bir vaqtda ro‘y berishiga qarab ularning qanchalik davom etishi va milliy iqtisodiyotga salbiy ta’siri baholandi.
Asosiy ssenariyda pul-kredit siyosatining nisbatan qat’iy sharoitlari saqlab qolinsa, muqobil ssenariyda esa pul-kredit sharoitlarini biroz yumshatish hamda narxlar barqarorligi va iqtisodiy faollikni rag‘batlantirish maqsadlari o‘rtasidagi
muvozanatni ta’minlash bo‘yicha choralar ko‘rilishi mumkin.
Kelgusi yillarda operatsion mexanizmni yanada takomillashtirish va pul bozorini rivojlantirish bilan birgalikda, ichki valyuta bozorida islohotlarning navbatdagi bosqichini amalga oshirish, tahliliy-prognozlash salohiyatini rivojlantirish va pul-kredit siyosati transmission mexanizmi samaradorligini oshirish borasida amalga oshiriladigan chora-tadbirlar Markaziy bankning diqqat
markazida bo‘ladi.
Transmission mexanizm samaradorligini oshirish vazifasi moliya bozorini, xususan davlat qimmatli qog‘ozlari bozorini rivojlantirish, xususiy kapital bozori ko‘lamini oshirish va iqtisodiyotda banklardan tashqari moliyaviy vositachilik
institutlarini rivojlantirish bilan bog‘liq hisoblanadi.
Kelgusi yillarda alohida ahamiyat qaratilishi lozim bo‘lgan masala – bu inflyatsiyaning uzoq muddatli barqaror omillarini bartaraf etish masalasi hisoblanadi. Bu, birinchi navbatda, iste’mol bozorida raqobatni rivojlantirish, iste’mol tovarlari ishlab chiqarish hajmlarini oshirish, tovarlar importida
konsentratsiyalashuv darajasini pasaytirish, hududlarda savdo va xizmat ko‘rsatish infratuzilmasini rivojlantirish kabi choralarni amalga oshirishni taqozo etadi.
Ushbu tarkibiy islohotlarning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi inflyatsiyaning target darajasiga yetganidan so‘ng pul-kredit sharoitlarini bosqichma-bosqich neytral shartlarga o‘tkazish imkonini beradi.